Home / MAQOLALAR / MUHAMMAD GʻAZZOLIY VA UNING “NASIHATUL MULK” ASARI HAQIDA

MUHAMMAD GʻAZZOLIY VA UNING “NASIHATUL MULK” ASARI HAQIDA

Sharq Renessansining mashhur faylasufi va Islom tamadduni ustuni va poydevorlaridan biri mutafakkir, alloma Muhammad Gʻazzoliy hisoblanadi. Imom Gʻazzoliy fiqh, aqida, kalom va tasavvuf ilmida yetuk boʻlib, uning zakovati butun Sharq va Gʻarb faylasuflari tomonidan tan olinadi. Gʻazzoliyning ijtimoiy-siyosiy qarashlari asosan uning fors tilida yozilgan “Nasihatul mulk” asarida oʻz aksini topgan. Bu asarda ideal bir boshqarish (idora) oyatlar, hadislar, hikmatli soʻzlar, mashhur falsafa va din vakillarining, odil hukmdorlarning soʻz va xatti-harakatidan namunalar berilgan holda yoritilgan.

Asar muqaddima, kirish va yetti boʻlimdan iborat. Birinchi boʻlim – adolat va siyosat; ikkinchi boʻlim – vazirlarda boʻlishi kerak boʻlgan xususiyatlar; uchinchi boʻlim – yozuvchilar (kotiblar)ning vazifa va odoblari; toʻrtinchi boʻlim – davlat odamlarining va boshqaruvchilarning yuksak azmi; beshinchi boʻlim – ahli donishning hikmatli soʻzlari; oltinchi boʻlim – aqlning sharafi va fazilati; yettinchi boʻlim – xotinlar (ayollar)ning sifat va hollari.

Asarning kirish qismi 4 ta katta mavzuni oʻz ichiga qamrab olgan. Bular: eʼtiqod asoslari, imon daraxtining shoxlari, adolatning asoslari, imon daraxtining sugʻoriladigan ikki manbasi.

Gʻazzoliy asarning birinchi boʻlimini: “Shuni qatʼiy holda bilki, Alloh insonlar orasidan ikki guruhni yetuk holda yaratgan. Bular – paygʻambarlar va davlat odamlaridir. Alloh paygʻambarlarni, insonlarni Allohga qanday qullik qilishni oʻrgatmoq va Uni tanimoq yoʻlini tushuntirish uchun yuborgan. Davlat boshliqlarini esa insonlarni bir-biriga qarshi joʻshqinlik va dushmanlik qilishdan saqlamoq uchun tanlagan. Tuzum (tartib) va buzilishning ipini ularning qoʻllariga bergan, hikmati bilan xalqning manfaat va foydasini ularga bogʻlagan, qudrati bilan ularni eng sharafli maqomga koʻtargan”, — deb boshlaydi[2: 54].

Alloma bu bilan oʻziga din va imon nasib etgan har kimning sultonlarni va davlat boshliqlarini sevishi, amr etganiga itoat etishi kerakligini uqtiradi. Hukmdorlarni oʻz oʻrnida adolatli va zolim boshqaruvchilarga boʻladi. Uningcha, adolatli davlat odamlari odil, xalqparvar boʻlib, zulm va fasoddan tinch. Zolim boshqaruvchilar esa xosiyatsizdir. Shu oʻrinda alloma oldingi fors podshohlaridan misollar keltiradi va oʻz fikrini inson yaxshilik va goʻzal axloq urugʻini ekib, nafsini chirkin ayblardan poklab, halok etuvchi xatolardan uzoq turishi kerakligini aytib xulosalaydi.

Alloma eʼtiroficha, davlat odamlari va yoʻlboshchilari bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratishlari shart. Chunki har bir inson qilgan ishlariga koʻra tilga olinadi va zikr etiladi. Agarda qilgan ishlari yaxshi boʻlsa, xayrlidir. Agarda, yomon boʻlsa, u yovuz insondir.

Alloma mulohazasiga koʻra, din va sulton egiz qardosh kabi bir-biridan ayrilmaydigan ikki narsadir. Shu asosga koʻra, davlat boshliqlari dinga ahamiyat berishlari, uni yomon tushunchalar, shubhali ishlar, shuningdek, dinga zarar yetkazadigan  holat va harakatlardan saqlamogʻi kerak. Shu sababli Gʻazzoliy “xalqning axloqi –  yetakchi axloqining natijasidir”, deb koʻrsatadi[2: 126]. Oʻz fikrini davom ettirib, yer yuzining xarob boʻlishi ikki narsaga bogʻliq: biri – boshqaruvchining ojizligi, ikkinchisi – boshqaruvchining zulmi, deb uqtiradi.

Gʻazzoliy nazdida sulton oʻzidan avvalgi odil insonlarning yoʻlidan borishi va ularning goʻzal siyratlariga amal qilishi lozim. Ularning boshidan kechgan voqealarni hikoya qiladigan kitoblarni oʻqishi shart. Chunki ular ibrat boʻla oladigan tajribalarni boshidan oʻtkazgan. Ular yaxshilikni yomonlikdan, goʻzallik ichki va tashqi goʻzallikdan iborat ekanini, uning ochiq va yashirin boʻlishini yaxshi bilishgan.

Alloma mulohazalariga koʻra, kimda ilm, adolat, joʻmardlik va hilm boʻlsa, u sultonlikka loyiqdir. Haqiqiy sultonlar Allohning soyasida boʻladi. Ular quyidagi sifatlarda oʻzini koʻrsatadi: aql, ilm, oʻtkir zako, sogʻlom vujud, yigitlik, jasorat, goʻzal axloq, zaiflarga nisbatan insof, oʻz xalqiga muhabbat, yoʻlboshchilik qobiliyati va boshqalar.

Shuningdek, sulton xalqni adolat bilan goʻzal boshqara olishi shart. Chunki xalqni oyoqda tutib turadigan sultondir, u Allohning xalifasidir. Gʻazzoliy ana shundagina sultonning siyosati yanada goʻzal, haybati esa yanada mukammal boʻladi, deydi.

Insonlar ichida davlatni boshqarishga eng loyigʻi – qalbidan adolat tuygʻusi oʻrin olgan, uyida din va fazilat ustun boʻlgan kishidir, deb koʻrsatadi alloma. Shunday sifatlarga ega boʻlgan boshqaruvchi din va aql sohiblarining qarashiga tayanadi. Ularning suhbati aqlli kishilar suhbatiga oʻxshash, mashvaratlarni goʻzal qarashlarga ega  sultondek oʻtkazadi [2: 174].

Boshqaruvchi, deb koʻrsatadi Gʻazzoliy, oʻzida boʻlgan quvvatning, qudratning va iqtidorning Allohdan kelganini bilsa, u oʻzidan koʻra quvvatliroq boʻlgan qoʻshinni magʻlub eta oladi. Oʻz qarashlarini davom ettirib, butun olam inson bilan, inson esa ilm bilan goʻzal ekanini taʼkidlaydi. Uningcha, insonning qadru qiymati aqliga koʻra ortadi. Aql va ilmdan xayrli biror narsa yoʻq. Ilm izzat va sharafning davomidir. Aql esa baxtlilikning davomi va nizomidir[2:189].

Gʻazzoliy saltanatning asosini sultonning goʻzal niyati va sogʻlom feʼl-atvoriga bogʻliq, deb koʻrsatadi. Sultonning sogʻlom hukm yuritishi esa elchilarning ishonchliligi va sadoqatiga tayanadi.

Asarning ikkinchi boʻlimida vazirlarda boʻlishi kerak boʻlgan xususiyatlar batafsil tahlil etiladi. Sultonning vaziri solih va odil boʻlsa, uning qiymati yuksaladi. Alloma nazdida hech bir davlat boshligʻi yordamchisiz davlatni idora etishi mumkin emas. Shu oʻrinda alloma sultonning yordamchisi uch narsaga eʼtibor berishi  zarurligini  uqtiradi. Bular:

  1. Oʻzi bilan koʻrishish istagida boʻlgan kishilarga koʻrishish uchun izn bermoqligi.
  2. Fasodchi kishilarning oʻzi haqidagi soʻzlariga quloq bermasligi.
  3. Sultondan sirlarni aslo yashirmasligi[2: 199].

Xayrli vazir – sulton sirlarining qoʻruvchisi, mamlakat ishlarining taʼqibchisi, xazina va viloyatlarning meʼmoridir. Vazirning sifatlari haqida fikr yuritar ekan, Gʻazzoliy vazir davlat ishlarini xayrli tomonga yoʻnaltirishi va yomon ishlardan saqlanishi zarurligiga alohida ahamiyat qaratadi. Vazirning ishonchli boʻlishi sulton iqtidorining davomiyligi va salomatligi demakdir. Kotibning bilimli boʻlishi sultonning oqilona ish yuritishi va doʻstona munosabatda boʻlishini koʻrsatadi. Himoyachining marhamatli boʻlishi hukmdorning xalqidan mamnunligi va raiyat hayotiga qiziqishini koʻrsatadi. Doʻstining solih boʻlishi barcha ishlarning oʻz yoʻlida ketayotganini koʻrsatadi, deya qayd etadi[2: 202].

Vazirda besh narsaga ehtiyoj bor, deb yozadi Gʻazzoliy. Bular: ziyraklik, ilm, jasorat, toʻgʻrilik, sir saqlash. Vazir, shuningdek, oʻzini ayb sanalgan odatlardan saqlamogʻi lozim. Vazir hatto sultonda mumkin boʻlmagan yoqimsiz narsalarni koʻrganda uni goʻzal holga keltirmogʻi lozim. Gʻazzoliy davlatning barbod boʻlishini ikki sabab bilan bogʻlaydi. Birinchisi, vazirning xoinlikka qoʻl urishi, ikkinchisi, davlat boshligʻi niyatining yomon va buzuq boʻlishi[2: 205].                                 Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. İmam Gazalî. Nasîhatüʼl-mülûk (Devlet Başkanlarına Nasîhatlar): Trc. Osman Şekerci. –İstanbul: Sinan Yayınları, 1969.
  2. İmam Gazalî. Nasîhatüʼl-mülûk. YÖNETİCİLERE ALTIN ÖĞÜTLER. Mütercim: Hüseyin Okur, –Semerkand Yayıncılık, 2008.
  3. Imom Muhammad Gʻazzoliy. Nasihatul muluk. Jaloliddin Humoiy tahriri ostida. Humo nashriyoti, 4-nashr. 1367.
  4. Sayyid Muhammad Hotamiy. Islom tafakkuri tarixidan. –T.: Minhoj, 2003.
  5.  Sadık Yazar. “Gazzâlîʼnin 13-19 Yüzyıllar Arasında Batı Türkçesinde Tercüme Edilen Eserleri”, Divan Disiplinlerarası Çalışmalar Dergisi, c.16, s.31, (2011/2).
Firuz MUZAFFAROV,
Buxoro davlat universiteti kafedra mudiri, falsafa doktori (PhD)
Baxshi RUSTAMOV,
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

“JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen. Agar shohsan sen – ogohsan sen»  “Avliyolarning  avliyosi”, “mutafakkirlarning …