Home / FOTO LAVHALAR / MOTURIDIYA TAʼLIMOTINING ASOSI TЕRMIZIYLAR YURTIDA TAQDIM ETILDI

MOTURIDIYA TAʼLIMOTINING ASOSI TЕRMIZIYLAR YURTIDA TAQDIM ETILDI

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Moturidiya taʼlimotining asosiy manbasi – “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining markaz tadqiqotchi olimlari oʻzbek tiliga tarjima qilgan 30-juzini respublikamiz viloyatlarida keng jamoatchilikka taqdim etishga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilmoqda. Asarning navbatdagi taqdimoti Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilligi va Imom Termiziy nomidagi oʻrta-maxsus islom taʼlim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan taqdimot tadbiri ochilishida soʻzga chiqqan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi R.Togʻayev, viloyat bosh imom-xatibi oʻrinbosari D.Davlatov va boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼullari Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari, uning chuqur tarixiy, teran maʼnaviy va yuksak ilmiy qiymati haqida soʻzlab, asarni oʻzbek tiliga tarjima qilinishining musulmon olamidagi ulkan ahamiyatini eʼtirof etishdi.

“Taʼvilot al-Qurʼon” asari Qurʼoni karimning tafsiri va taʼviliga bagʻishlangan boʻlib, unda koʻplab sahobalarning soʻzlari hamda hadislar keltirilgan.

Asar oʻz davrida yozilganidan ham soddalashtirilgan, ammo, mutaxassislar, uning  tub mohiyatini tushunish uchun mushtariylarda diniy bilim boʻlishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlashdi.

Taqdimot maʼruzachilari markaz xodimlarining mazkur mehnatini yirik ilmiy natija sifatida baholab, Markaz tomonidan amalga oshirilgan nashrlar, ularning Imom Moturidiyning ilmiy merosi hamda moturidiylik taʼlimoti mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati, xususan, moʻtadil taʼlimotni taʼminlashdagi oʻrni yuzasidan ijobiy fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Jumladan, yigʻilganlar tomonidan asarni tarjima qilish tarjimonlar guruhidan ulkan mahorat va masʼuliyat talab etilishi qayd qilinib, gʻoyaviy ziddiyatlar avj olgan globallashuv sharoitida bu kabi tarjimalarga ulkan ehtiyoj mavjudligi tilga olindi.

  

Asarning oʻzbek tilidagi talqini moʻtadil islom taʼlimotini keng targʻib qilishda, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda oʻziga xos oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi. 

Qizgʻin munozaralar asosidagi taqdimot tadbirlari respublikamizning boshqa viloyatlarida ham oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
Markazi matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …