Muqaddas sanalgan milliy va diniy qadriyatlarimiz asosini inson qalbini poklash va isloh etishga, komil insonni tarbiyalashga qaratilgan ezgu gʻoyalar tashkil etadi. Ayni bu jihat alloma va mutafakkirlarimiz ilmiy merosi uchun ham xosdir.
Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973-1048) oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida insonga xos odatlarni yaxshi va yomonga ajratar ekan, ezgu xislatlarga taqvodorlik, toʻgʻrilik, oʻzini saqlash, dindorlik, odillik, insof, kamtarlik, latofat, sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, muloyimlik kabi yaxshi sifatlarni kiritadi. Yomon odatlar sifatida bir-birini payiga tushish, raqobatlashish, oʻz nafsiga ergashish, mansab uchun kurashish kabilarni qayd etadi. “Faxrlanish, – deydi Beruniy – haqiqatda yaxshi xulqlar va oliy feʼllarda oldin ketish, ilmu hikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud nopokliklardan tozalanishdir. Kimda shunday sifatlar topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga boʻladi”[1], deb uqtiradi.
Mutafakkir asarlarida ilgari surilgan bu kabi qimmatli hikmatlar, pandu nasihatlar koʻplab ijodkorlarni ruhlantirgan. Jumladan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) ijodining mazmun-mohiyatini ham insonga xos goʻzal fazilat va xislatlar, komil inson tarbiyasiga doir hayotbaxsh gʻoyalar tashkil etadi. Mutafakkirning “Mahbub ul-qulub” asarida adolat, saxovat, tavba, zuhd, tavakkul, qanoat, sabr, tavoze, odob, zikr, tavajjuh, rizo, ishq kabi murakkab ezgu amallar sodda shakllarda sharhlanadi.
Navoiy tavba zikrida: “Haqiqiy tavba yomon feʼllar tufayli keladigan baloning oldini olmoqdir va Tangri bergan tavfiq tufayli u feʼllardan qutulmoqdir. Insonni toʻgʻri yoʻldan ozdiruvchi nafs fasodidan va koʻngil itoatsizligidan nafratlanmoqdir”,[2] deb yozadi. Mutafakkir nazdida kishi Xudoning inoyati bilan oʻzini anglash asosida hayoti davomida qilingan nojoiz amallari uchun tavba qilib, ularni takrorlamaslikka jazm qiladi va shu tarzda mukammallik sari yuzlanadi.
Shuningdek, tavoze va odob haqida Navoiy – “tavoze kishini xalqning muhabbatiga sazovor qiladi. Mutakabbir dushmanga muloyimlik tomon yoʻl koʻrsatadi, gerdaygan dushman koʻnglida insoniylik zavqini qoʻzgʻatadi. Qayta-qayta koʻrsatilgan tavoze hayosiz manmanni uyat chegarasiga boshlaydi va insofsiz dushmanni yomonlikdan qaytaradi”, – deb yozar ekan, tavoze kibrli va manmanlarni oʻz holidan uyaltirib, ularni qayta tarbiyalashga, muloyim va kamtar boʻlishga yoʻnaltirishini nazarda tutadi.
Har ikkala mutafakkir ham oʻz asarlarida islomda ogʻir gunoh sanalgan yolgʻonchilikni fosh etib, undan yetadigan balolardan insoniyatni ogoh etish maqsadida ushbu illatning kelib chiqish sabablari va salbiy oqibatlariga toʻxtaladilar.
Jumladan, Beruniy: “xabar xabar beruvchilar sababli rostlik va yolgʻonlik tusini oladi. Chunki odamlarning maqsadlari xilma-xil, xalqlar oʻrtasida tortishish va talashishlar koʻp. (Masalan) bir kishi oʻz jinsini ulugʻlab yolgʻon xabar tarqatadi, bundan maqsadi oʻzini koʻrsatish boʻladi, chunki uning oʻzi oʻsha jinsdan kelib chiqqan boʻladi yoki oʻzini koʻrsatish maqsadida boshqa zid bir jinsni ayblab, yolgʻon gap yoyadi, chunki u shu bilan (zid jins ustidan) gʻalaba qozongan va oʻz istagiga erishgan boʻladi. Bu ikki xil xabarning yomon istak va gʻazab taqozosidan kelib chiqishligi maʼlum. (Ikkinchi bir kishi esa) oʻzi sevadigan bir tabaqaga minnatdorchilik bildirmoqchi boʻlib yoki yomon koʻradigan bir toifani xafa qilmoqchi boʻlib, ular oʻrtasida yolgʻon xabar tarqatadi. Bu xil (xabar tarqatuvchi) avvalgi xabar beruvchi muxbirga yaqin boʻladi[3]. Chunki u bu xabarni doʻstlik yoki dushmanlik natijasida tarqatgan boʻladi. (Shuningdek) uchinchi bir kishi oʻzining past tabiatliligi sababli biron yaxshilikka erishish yoki oʻzining yuraksiz va qoʻrqoqligi sababli yomonlikdan qutulib qolish uchun yolgʻon xabar tarqatadi. Shunday kishilar ham boʻladiki, ularning tabiatiga yolgʻon xabar tarqatish oʻrnashib qolib, goʻyo unga shu vazifa yuklangandek boʻladi va yolgʻon xabar tarqatmasdan tinchiyolmaydi. Bu, yomon xohishlardan va tabiatiga buzuq fikrlarning joylashganidan kelib chiqadi”, deya keltiradi.
Beruniyning taʼkidlashicha, “…Yolgʻonchilik kishini adolatdan yuz oʻgirtiradi, zulm, yolgʻon guvohlik, omonatga xiyonat qilish, boshqalar mulkini hiyla bilan egallash, oʻgʻrilik, dunyo va xalqning buzilishiga sabab boʻladigan boshqa yomon xulqlarni kishiga yaxshi qilib koʻrsatadi”[4].
Navoiy Beruniyning mazkur fikrlarini davom ettirib: “Kimki yolgʻon soʻzlasa, yolgʻoni fosh boʻlgach, uyalib qoladi. Yolgʻonni chindek qilib gapiruvchi soʻzamol xuddi kumushga oltin qoplovchi zargar kabidir. Yolgʻon soʻzlovchi gʻaflatdadir. Soʻzning bir-biridan farqi koʻpdir. Lekin yolgʻondan yomonroq turi yoʻqdir. Yolgʻon gap bilan vaqtini oʻtkazuvchi odam, hech afsuslanmaydi, balki kishilarni aldagani bilan faxrlanadi. Yolgʻonchi goʻl odamni topsa, uni yolgʻon gapi chinligiga ishontirsa, u murodiga yetdim, deydi. Yolgʻonchi – Haq oldida gunohkor, xalq oldida esa sharmandadir”[5], deya insonlarni yolgʻonchilik illatidan yetadigan xavfdan ogohlantiradi.
Ulugʻ alloma va mutafakkirlarning insonni kamolotga yoʻnaltiruvchi pandu nasihatlari mohiyatan islom taʼlimoti bilan uygʻunlik kasb etishi bejiz emas, albatta. Chunki islom taʼlimoti inson tabiatida xuruj qiladigan turli illat va vasvasalarni mahv etishga qodir boʻlgan ilohiy kuchdir. Buni keltirishdan murod inson baxtli yashashi va hayot davom etishi uchun qalb islohi va salohiyati qanchalar zarurligini eslatishdan iboratdir.
Islom butun insoniyatga oʻzidagi odob va fazilatlarni namoyon etar ekan, oʻzaro muomalada rost soʻzlash, bergan vaʼdasi ustidan chiqish, muruvvat izhor etish, imkon qadar muhtojlarga yordam berish, oʻzidagi goʻzal odob va axloqni namoyish etish kabi ezguliklarni targʻib qiladi, ogʻir gunoh sanalgan yolgʻonchilikni keskin qoralaydi.
Rasululloh alayhissalom: “Xiyonat va yolgʻondan boshqa har qanday kamchilik moʻmin tabiatida boʻlishi mumkin” dedilar. Paygʻambarimizdan: “Moʻmin qoʻrqoq boʻlishi mumkinmi?” deb soʻrashdi. “Ha!” dedilar. “Baxil boʻlishi mumkinmi?” deya soʻrashdi. “Ha!” dedilar. “Yolgʻonchi boʻlishi mumkinmi?” deb soʻrashganida: “Yoʻq! Aslo mumkin emas!” deb javob berdilar. Rasulullohdan “Agar koʻnglimiz xohlab turgan narsani xohlamayapman deb aytsak ham yolgʻon hisoblanadimi?” deb soʻrashganida “har qanday yolgʻonning kattasi ham, kichigi ham yolgʻon” deb javob qilganlari aytiladi[6].
Navoiyning “yolgʻon ozgina boʻlsa ham katta gunohdir, u agar miqdori ozgina boʻlsa ham oʻldiruvchi zahardir”[7], degan qaydlari Rasulullohning yuqorida keltirilgan soʻzlariga monanddir.
Xulosa qilganda, ulugʻ alloma va mutafakkirlarning milliy va diniy qadriyatlarga asoslangan ezgu gʻoyalari, axloq-odob va feʼl-atvorga doir qarashlarining rivojlantirilishi va takomillashtirilishi natijasida komil inson toʻgʻrisidagi taʼlimotlar yaratilgan. Mazkur taʼlimotlarda kishi oʻzini anglash asosida yaxshi xulq va fazilatlarni oʻzlashtirsa, feʼl-atvoridagi illatlardan poklansa, hayotda yaxshilik va toʻgʻrilikni oʻziga shior qilib yashasa, uning zoti albatta komillik sifatlari bilan bezatilishi taʼkidlanadi. Bu esa boy maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish, mazmun-mohiyatini teran anglash va hayotda ularga qatʼiy amal qilishni taqozo etadi.