Home / YANGILIKLAR / Din ishlari boʻyicha qoʻmita delegatsiyasi Rossiyada tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Din ishlari boʻyicha qoʻmita delegatsiyasi Rossiyada tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiyasi  Rossiyaga amaliy safar bilan boʻlib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasining Bolgar islom akademiyasi rektori Aynur Timerxanov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirililayotgan tizimli islohotlar haqida soʻzlab berildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar qatorida Akademiya huzurida Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ish boshlagani va oʻtgan bir yil mobaynida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar mezbonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Samimiy ruhda oʻtgan muzokaralar natijasida har ikki Akademiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Xizmat safarining ikkinchi kunida yurtimiz olimlari Bolgar islom akademiyasida 23-25-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Zamonaviy taʼlim tizimida islomshunoslik va islom ilohiyoti fanlari: muammolar va istiqbol rejalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.

Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi va uning Tatariston Respublikasidagi boshqarmasi, Ilmiy va taʼlimiy ilohiyot birlashmasi, Islom madaniyati, ilm-fan va taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan xalqaro anjumanda islom olamidagi 30 dan ortiq nufuzli davlat tashkilotlari hamda 200 ga yaqin taniqli olimlar dolzarb mavzudagi maʼruzalari bilan qatnashdi.

Zamonaviy sharoitda islomshunoslik va islom ilohiyotshunoslik fanini rivojlantirishning dolzarb nazariy va amaliy masalalari muhokama etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov “Oʻzbekiston Respublikasida diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning ayrim oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida maʼruza qildi.

Akademiya rektori oʻz nutqida yurtimizda milliy anʼana va qadriyatlarimizni rivojlantirish, ulugʻ alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganish, yoshlarni ilm-maʼrifatli, intellektual barkamol avlod etib tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar, yosh kadrlarni tayyorlashda mamlakatimiz, xususan, Akademiyaning oʻziga xos tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Xalqaro konferensiya davomida Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, qadim va muqaddas qadamjolarga sayyohlar oqimini koʻpaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli ishlar, jumladan, ilmiy-maʼrifiy tadqiqotlar ham eʼtirof etildi.

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …