Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida ilmiy-amaliy va maʼnaviy-maʼrifiy hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Toshkent Islom instituti rektori Uygʻun Gʻafurov, institutning kafedra mudirlari, oʻqituvchilar hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va markaz xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar taʼlim va amaliyot uzviyligini taʼminlash hamda har ikkala muassasa oʻrtasida ilmiy axborot almashinuvini yangi pogʻonaga koʻtarish tashabbusi ikki ziyo maskani oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga boʻlgan ehtiyojni yuzaga chiqarganini, buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini taʼkidlashdi. Shuningdek, tomonlar bir-birlarining diniy-maʼrifiy yoʻnalishda erishayotgan ulkan yutuqlari va tobora oshib borayotgan ilmiy salohiyatlarini yuqori baholab, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi faoliyatni yanada takomillashtirishga hamda yuksak ilmiy natijalar qayd etishga zamin hozirlashiga ishonch bildirdilar.
Muloqot davomida oʻzaro ustoz almashinuvini yoʻlga qoʻyish, masofaviy ochiq darslar oʻtkazish hamda konferensiya va qoʻshma tadbirlarni tashkil qilish kabi hamkorlik yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy qismida Toshkent Islom instituti rektori Uygʻun Gʻafurov va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodovlar tomonidan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu bilan har ikki ilmiy dargohlarning rasmiy hamkorlari soni yana bittaga koʻpaydi.