Home / MAQOLALAR / XX ASR BOSHLARI SOVЕT HUKUMATINING MAKTAB VA MADRASALARGA MUNOSABATI

XX ASR BOSHLARI SOVЕT HUKUMATINING MAKTAB VA MADRASALARGA MUNOSABATI

Biror davlat yoʻqki, taʼlim-tarbiyaga loqayd qarasa. Mamlakat taraqqiyoti zamirida taʼlim-tarbiya asosiy oʻrin kasb etadi. Bu sohada qator mutaxassislarni tarbiyalab kelgan Ona zaminimiz nega XX asr boshlariga kelib tanazzulga yuz tutdi? Holatni arxiv va matbuot maʼlumotlari asosida tahlil qilarkanmiz, asl jarayon yanada oydinlasha boshlaydi.

Milliy taʼlim tizimimiz XX asr boshlarida bir qator siyosiy ziddiyatlariga uchragani manbalarda yozib oʻtilgan. Birinchi jahon urushidan soʻng Sovet davlatiga qarshi harbiy intervensiya bartaraf qilingach, xalq xoʻjaligi bilan birga madaniy soha ham qayta tiklana boshlagan. 1918 yil iyun oyi oʻrtalarida butun Turkiston xalq taʼlimini nazorat qilish uchun Maorif Xalq Komissarligi[1] tashkil etilgan. Komissarlikning vazifasi quyidagilardan iborat boʻlgan:

a) Respublika uchun xalq taʼlimini tashkil etishning bosh rejasini ishlab chiqish;
b) Taʼlim ishlarini mahalliy darajada birlashtirish;
v) Umumxalq taʼlim smetasini tuzish va taʼlimga ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash;

Chor Rossiyasi hukmronligi davrida eski musulmon maktab va madrasalar faoliyatiga tazyiqlar oʻtkazilganidek, Shoʻro hukumati zamonida bu tipdagi maktablarni yopib, yagona sovet mehnat maktabini tashkil etishga urinish boshlangan. Bunga bahona sifatida eski maktablardagi oʻquvchilarga sharoit[2] yoʻqligi, ularning qorongʻi joyda oʻqishi, dars davomida qiziqtiruvchi uslublarning mavjud emasligi asos qilingan. 1919 yil 26 dekabr Xalq Komissarlari Kengashining “RSFSR aholisi orasida savodsizlikni tugatish toʻgʻrisidagi” dekreti imzolanadi. Bu dekret[3] Turkistonda 1920 yil sentyabr oyida maʼlum oʻzgartirishlar bilan (8 yoshdan 40 yoshgacha; nafaqat rus yoki milliy til, balki xohlagan tub joy tilini oʻrganish mumkinligi; ish haqini saqlash sharti bilan ish vaqtidan 2 soat ajratib berish va b.. – muallif) qabul qilingan. Bu tartib savodsizlikni tugatish bilan birga sotsialistik gʻoyaga daʼvat, eski maktab va madrasalar faoliyatiga zarba berishning boshlanishi ham edi.

Hukumatning muddaolarini anglagan maʼrifatparvarlar mavjud holatdan kelib chiqib oʻz munosabatini bildirgan. Misol uchun, Munavvar Qori 1920 yil may oyi Xalq taʼlimi boʻlim boshliqlarining I syezdidagi[4] maʼruzasida diniy taʼlim muassasalarini yoʻq qilish emas, balki dastur va uslublarni zamonaviylashtirish orqali taʼlim tizimini isloh qilish kerakligini taʼkidlagan. Soʻzini davom ettirib “Oʻrta asrlarda ham Oʻrta Osiyo madrasalarida diniy bilimlar bilan bir qatorda arab tili, mantiq, geografiya, astronomiya, matematika, tibbiyot kabi dunyoviy fanlar oʻrgatilgani bois bunday taʼlim dargohlarida buyuk allomalar yetishib chiqqan”iga alohida urgʻu bergan. Ammo sovet hukumati oʻz qarash va istaklarini amalga oshirish uchun tish-tirnogʻi bilan islohotlarini davom ettirgan.

1922 yil 22 oktyabrdagi 164-sonli va 1922 yil 28 dekabrdagi 173-sonli[5] farmonlar bilan mahalliy ijroiya qoʻmitalarda maxsus vaqf boʻlimlari tashkil ettiriladi. Tashkilot oʻz faoliyati davomida eski maktablarni roʻyxatga olib, sovetlashtirish vazifasini bosqichma-bosqich amalga oshirib borgan. Misol uchun, Samarqand uyezdi volostlarida 1923 yil 1 aprel holatida 1-bosqich musulmon maktablari[6] tartibi quyidagicha edi:

Volostlar nomi

Maktablar soni

1

Mahalla

3

2

Xoja Ahror

1

3

Halvoyi

1

4

Daul

1

5

Urgut

1

6

Panjikent

1

7

Tuyatortar

1

8

Chelak

1

9

Siyob

1

10

Angor

2

11

Yangi Qozon ariq

1

 

Jami

16

Samarqand viloyatining barcha maktablarida 30 ta sinf boʻlib, aksariyat maktablarda 2 ta sinf mavjud boʻlgan. Maktablarda oʻquvchilarning umumiy soni 446 ni tashkil qilgan. Oʻrtacha olganda, har bir sinfda 15 oʻquvchi tahsil olgan.

Sovetlashtirish jarayonini hukumat mulozimlari bosqichma-bosqich olib borganini quyidagi jadvaldan ham kuzatish mumkin. 1923-1924 oʻquv yili Sirdaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida roʻyxatga olingan[7] konfessional maktablar sonini, ularning yangi tashkil etilgan dasturga muvofiq qayta tashkil etilganini, vaqf mablagʻlari saqlanadigan boshqa taʼlim muassasalarini koʻrsatadi.

Oʻquv muassa-saning nomlani-shi

Roʻyxatga olingan konfes-sional maktab-lar soni

Bundan qayta tashkil etil-ganlari

Mavjud aholi milliy maktab-lari

Umumiy qatnashuv-chilar

Xizmat koʻrsatuv-chilar

Umu-miy dars soati

1

Madrasa

212

14

13

845

108

3960

2

Maktablar

181

42

42

2530

124

7936

3

1-bosqich Sovet maktablari

27

3710

5232

 

Arxiv manbalarini koʻzdan kechirarkanmiz, 1923 yili Turkistonda eski anʼanalar taʼsirida diniy dunyoqarashni nazariy asoslashga intiluvchi aholi qatlami koʻpchilikni tashkil etgani yozib qoldirilganiga guvoh boʻldik. Misol: “Oʻtgan davr Turkistonda eski uslubdagi maktablar[8] 5600 ta boʻlib, unda  oʻquvchilar soni 70 mingga yetgan. 311 ta maktab vaqf taʼsirida boʻlib, 9000 oʻquvchi diniy nazariya taʼsirida ulgʻaygan”. Hujjatda vaqflarning sof daromadi yiliga 2 000 000 rublni tashkil etishi belgilab oʻtiladi. Albatta, bunday natija sovet hukumatini tashvishlantirmay qolmasdi.

XX asrning 20-yillari boshida Maorif Xalq Komissarligi taʼlim muassasalarining qurilishi va moddiy taʼminoti boʻyicha qator yetishmovchiliklarga uchraydi. Moddiy jihatdan ogʻir ahvoldagi covet maktablari vaqf mablagʻlari hisobidan faoliyat olib borayotgan eski musulmon maktablaridan butunlay farq qilardi. Hukumat sovet maktablari moliyaviy muammosini bartaraf qilish uchun qator huquqiy normativ hujjatlarni rasmiylashtirishga majbur boʻlgan. Tadqiqotimiz davomida oʻrganilgan Turkiston Respublikasi Xalq Komissarlari Kengashining 1923 yil 19 apreldagi № 71-sonli qarori[9] ayni shu muammoni hal qilishga qaratilgan. Qarorda quyidagilar belgilab oʻtiladi:

  1. har bir taʼlim muassasasida ushbu taʼlim muassasasining maxsus fondlari deb nomlangan maxsus fondni shakllantirishga imkon qaratiladi.
  2. belgilangan dastlabki mablagʻ quyidagicha shakllantiriladi:
a) oʻqitishda belgilangan toʻlovlari mavjud boʻlgan yigʻimdan.
b) poliklinikalar, ustaxonalar, sovxozlar va taʼlim muassasalarining boshqa yordamchi iqtisodiy foydalanish soha daromadlaridan;
s) taʼlim muassasalari tomonidan tashkil etilgan sanoat korxonalari daromadlaridan;
d) jamoat tashkilotlari davlat muassasalaridan olinadigan nafaqadan;
ye) jismoniy shaxslarning xayriya mablagʻlari va boshqa tasodifiy daromadlaridan.

Qarordagi tartibdan kelib chiqib, koʻrsatilgan maxsus vositalar taʼlim muassasasining daromad byudjetiga kiritilib, daromadlar smeta boʻyicha hisobga olinganida, mavjud mablagʻlarning kamayishiga olib kelmasligi kerakligi alohida ogohlantiriladi. Toʻplangan maxsus mablagʻlardan oʻquv va yordamchi muassasalarning jihozlarini butlash, iqtisodiy operatsion ehtiyojlar, byudjet mablagʻlarini toʻldirish koʻzlangan. Shuningdek, oʻquv boʻlimida qoʻshimcha ish va ortiqcha oʻqituvchilar hamda texnik xodimlarni saqlash uchun sarflanishi belgilab qoʻyiladi.

 Markaziy Osiyodagi taʼlim jarayoni oʻtmish va kelajakni anglash, ruhiy poklanish, Vatanparvarlik va mehr-oqibatga daʼvat etsa, sovet hukumati taʼlim jarayonida oʻzining xomashyo bazasiga aylantirgan oʻlka aholisini ishchilar armiyasiga biriktirishni koʻzlagan. Ammo maorif tizimini  sotsialistik gʻoyaga boʻysindirmasdan turib bunga erishish amri mahol edi. Bu yoʻlda hukumat davlat miqyosida mablagʻni ayamay, yildan-yilga oshirib boradi. 1924-1925 oʻquv yilida Oʻzbekiston SSR Maorif Xalq Komissarligiga ajratilgan mablagʻlar respublika umumiy byudjetining 24 protsentini[10] tashkil etishi bunga dalildir. Bu mablagʻlar xalq maorifi moddiy bazasini qayta jihozlash va sotsialistik mehnat maktablari sifatini yaxshilash uchun ishlatilishi belgilangan. Maktab taʼlimini bitirgan yoshlar saralanib, koʻpchilik oʻsha davrda amalga oshirilgan kollektivlashtirish siyosati zamirida agrar tarmoqqa biriktirilgan.

Xulosa  oʻrnida shuni taʼkidlamoqchimizki, shoʻro hukumati eski maktab va madrasalar faoliyatini dastlab oʻz nazoratiga olib, soʻng sovetlashtirish siyosatini bosqichma-bosqich amalga oshirib borgan. Tabiiy sharoit va imkoniyatlari bilan ajralib turuvchi Markaziy Osiyoda sifatli kadrlar tayyorlash, ilm-fan, texnika va texnologiyalar rivojlanishining ilgʻor jahon tajribasini oʻzlashtirish tazyiqlarga uchragan. Chunki, Turkiston yoshlari chet davlatga chiqib ilm oʻzlashtirib kelganidan soʻng shubhaga tushib, tez orada xalq dushmani sifatida hayoti xazon boʻlgan.

FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR
[1] Oʻzbekistonda taʼlimning rivojlanish tarixi va tarixshunosligi ocherklar. “Tafakkur qanoti” Toshkent-2015. B.215
[2] Bendrikov K. Ocherki po istorii narodnogo obrazovaniya v Turkistane (1865-1924 godq) Izdatelstvo Akademii pedogogicheskix nauk RSFSR. M-1960 g.  st.43
[3] Oʻsha asar.  st.468
[4] https://arabic.uz/maqolalar/802-uzbda-arab-tili-talimi.html
[5] http/ essayon.top/ru/Vakuf
[6] Oʻzbekiston milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-1859  136 listax. st-23
[7] Oʻzbekiston milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-2318  204 listax. st-2-5
[8] Oʻzbekiston milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-2133. st-8
[9] Samarqand viloyat davlat arxivi. Fond-95 opis 1. yed xr №2. st 78 delo № 5
[10] Samarqand tarixi. Ikkinchi tom. Oʻzbekiston SSR “Fan” nashriyoti.T-1970 y. B. 82
Suxrob Ergashev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …