Home / MAQOLALAR / “HAYRATUL ABROR” INSONNI KOMILLIK CHOʻQQISIGA ELTADI

“HAYRATUL ABROR” INSONNI KOMILLIK CHOʻQQISIGA ELTADI

Mamlakatimizda ajdodlar ijodini oʻrganish, madaniy meros, milliy qadriyatlarni tiklashga katta eʼtibor berilib, ulugʻ allomalarimiz hayoti va faoliyatini ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, madaniy va ilmiy jihatdan chuqur tadqiq etish va keng xalq ommasiga targʻib qilish uchun qulay imkoniyatlar yaratildi.

Sharq xalqlari adabiyotida dostonnavislik shakllaridan biri – “Xamsa” yozish bilan bogʻliq adabiy anʼanaga Nizomiy Ganjaviy asos solgan. Keyingi ijodkorlar uning “Panj ganj”, “Mahzanul asror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Haft paykar”, “Iskandarnoma” dostonlaridagi mavzu va kompozitsiya, qahramonlar, vazn, joylashish tartibini saqlagan holda mustaqil ravishda “Xamsa” taʼlif etgan. Bu anʼana badiiy ijodda katta mahorat maktabi sanalgan. Alisher Navoiy xamsachilik taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan va bu janrni turkiy xalqlar adabiyotida Nizomiy Ganjaviy darajasiga koʻtargan[1].

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi yildan yilga turli noyob asarlar bilan boyib bormoqda. Undan nafaqat diniy balki, badiiy adabiyotga oid asarlar ham oʻrin olgan. Jumladan, Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, “Boʻston”, Hofiz Sheroziyning “Devoni Hofiz”, Fuzuliyning “Kulliyoti Fuzuliy”, Mirzo Bedilning “Devoni Bedil” va shular orasida gʻazal mulkining sultoni – Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni qoʻlyozmasi va “Devoni Navoiy” toshbosma asari saqlanmoqda.

Alisher Navoiyning “Xamsa” sini hikmat marjonlari toʻla dengizga mengzash mumkin. Mustaqillik bizga koʻplab imkoniyatlar qatori Navoiyni anglash, u yaratgan asarlarni oʻrganish, tadqiq etish baxtiga muyassar qildi. “Xamsa” dostoni Navoiyning shoh asarlaridan boʻlib, Hazrat uni yozishda yuksak mahoratini namoyon qilgan. Ushbu asarning turkiy tilda 1881-yilda koʻchirilgan bir nusxasi haqida batafsilroq toʻxtalamiz.

  1. Muallif: Nizomiddin Mir Alisher.
  2. Koʻchirilgan sanasi: 1298/1881-yil.
  3. Tili:
  4. Qogʻozi:
  5. Varagʻi: 30×15 mm.
  6. Xat turi: nastaʼliq.
  7. Siyoh turi: asarning bob va fasllari, ismlar qizil siyohda, matn qora siyohda yozilgan.
  8. Matn oʻlchami: 21×9 mm
  9. Asarning boshlanishi:

… اى سنگا مبدا ابد ديك ازل      ذات قديمنگ ابد لم يزل

بولوب اول بدايت سنگا         نى كيليب آخر نهايت سنگ

 

  1. Asarning oxiri:

… هست ليغيم نا بود اولى       بود اولوب و حدت ارا مشهور اولاى

غرق و حدت بيرله آلمدين كتاى   مقصد اصلى مقاميغه يتاى

 

  1. Kolofon:

تمت دفتر اول از خمسة امير نوائى رحمه الله عليه مسمى به حيرت الابرار سنة

١٢٩٨

  1. Hoshiya: 5a va 10a varaqlarida qizil rangli siyohda keltirilgan.
  2. Poygir: mavjud

Asar tavsifi: Markazning qoʻlyozmalar fondida №230 raqam bilan saqlanmoqda. “Hayratul abror” dostoni 3988 bayt, 63 bob, 20 maqolat va 20 hikoyatdan tashkil topgan. Nusxa toʻliq boʻlmagani uchun muqaddimadan emas, birinchi munojoti

Ey sanga mabdaʼda abaddek azal,
Zoti qadiming abadiy lamʼyazal.
Ne boʻlib avvalda bidoyat sanga,
Ne kelib oxirda nihoyat sanga[2].

 bayti bilan boshlangan. “Xamsa”ning har bir maqolat va hikoyatida oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy masalalari, Amir Temur va uning avlodlari tarixi va tasavvuf shayxlariga oid maʼlumotlar keltirilgan. Qoʻlyozmaning birinchi asari “Hayratul abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)da pand-nasihat ruhidagi falsafiy-axloqiy, diniy-tasavvufiy, ijtimoiy-siyosiy, tarixiy masalalar muhokama qilingan.

Alisher Navoiy dostonning muqaddimasida Allohning goʻzal ismlariga nazmiy taʼrif berib, hamdu sanolar keltirgan. Shundan soʻng, insonning yaratilishi ilm xazinasini oshkor qilish uchun sabab boʻlganini tasavvufiy qarashlar bilan yoritib bergan. Shuningdek, toʻrtinchi munojot[3]dan keyin naʼt[4]lar va Nizomiyning xamsachilik bobidagi mahorati, turkiy-forsiy adabiyotda tutgan oʻrniga taʼrif bergan[5]. Navoiy dostonning “Uchinchi hayrati” deb nomlangan 21-bobini Bahouddin Naqshband taʼlimoti va tariqati Markaziy Osiyodan Chin diyorigacha yoyilgani va uning xalifasi Xoja Ubaydulloh Ahror madhiga bagʻishlagan[6].

Dostonning 22-bobidan asosiy qism boshlanadi. U maqolat va hikoyatlardan tashkil topgan 40 bobni oʻz ichiga oladi. Maqolatlar muayyan bir axloqiy-falsafiy mavzuga bagʻishlangan boʻlib, shoir dastlab ushbu mavzuga munosabat bildiradi, uning yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bayon qiladi, soʻngra shunga mos ibratli hikoya keltiradi. Asarning 25-bobidan imom, orif, zohidlar sayyidi Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Adham qissasi[7], beshinchi maqolatning 31-bobidan Sharq adabiyotida Hotamtoy deb tanilgan, saxiylikning eng oliy timsoli sanalgan Abu Safona (Adiy) Hotam ibn Abdulloh ibn Saʼd toʻgʻrisidagi afsonalar oʻrin olgan. Bu shaxs arablarning Toy qabilasi boshligʻi boʻlgan. Oʻta saxovatli boʻlgani uchun koʻplab mutafakkirlar Hotam nomini hurmat bilan yodga olgan[8].

Hotami Toyiga bir ozodavash
Dediki: “Ey himmating ozodakash,
Toki saxo boʻldi kafing varzishi,
Koʻrding ekinmu bir oʻzingdek kishi[9]?”

Hotamdan “Oʻzingizdan koʻra himmati baland odamni koʻrganmisiz?” deb soʻrashganida, u oddiy bir oʻtinchi cholni aytadi. “Bir paytlar butun sahro ahlini chaqirib, katta ziyofat bergandim. Yuzta tuya, minglab qoʻy-qoʻzilarni soʻyib, qozonlar osildi. Avji ziyofat payti koʻnglim tanholikni tusab, sahroga chiqdim. Qarasam, bir chol beli bukilib, oʻtin orqalab ketyapti. “Ey benavo, Hotam butun sahro ahlini chorlab, katta bazm berayotir, sen ham yelkangdagi tikanni tashla, borib, kayf-safo qilsang-chi?” dedim. Shunda chol menga qarab, “Ey tamagir inson, sen mehnat bilan topilgan non lazzatini bilmaysan. Mashaqqat chekib topilgan bir-ikki dirham pul Hotam bergan xazinadan aʼloroqdir”, degandi. Darhaqiqat, uning himmati menikidan koʻra baland edi”.

Rivoyatlarga koʻra, Hotamtoy butun umrini odamlarga yaxshilik qilishga bagʻishlagan. Hamma boyligini xayr-ehson yoʻlida xarjlasa-da, davlati borgan sari ortib boravergan. Aytishlaricha, uning qasrida yetmish ikki darvoza boʻlib, hojattalab kishi ularning barchasiga birma-bir kirib oʻtsa ham hech biridan quruq chiqmas ekan.

Asardagi oltinchi maqolatning 33-bobida tillarda doston boʻlgan odil shoh Anushervon[10], sakkizinchi maqolatning 37-bobida Amir Temurning Hindistonga yurishi va erishgan gʻalabasi, temuriy shahzodalar oʻrtasidagi ziddiyatli kurashlar bayon etilgan[11].

Qoʻlyozmaning oxirgi qismi yigirmanchi maqolatning 51-bobida Markaziy Osiyoda Bahouddin Naqshbandning shogirdi shayx Xoja Muhammad Porsoning ilmu irfoni, karomatlari[12] va oʻgʻli Abu Nasr Porso (vaf.865y) donishmand va oʻta qobiliyatli farzandi boʻlgani hikoya qilinadi. Uni xalifa sifatida Balxga joʻnatib, naqshbandiylik Movarounnahrning janubiy mulklaridan to Xurosonning shimoliy hududlarigacha keng qanot yozishiga yoʻl ochib bergani[13] haqidagi maʼlumotlar bayon etiladi.

“Hayratul abror” dostonidagi hikoyatlar falsafiy-axloqiy qarashlarni ifoda etsa-da, mohiyatan insonni komillik, ilm-maʼrifat, iymon, qanoat, adolat kabi fazilatlar bilan kamolotga erishishga qayta-qayta daʼvat qiladi. Asarning bosh gʻoyasi komil inson vasfiga bagʻishlangani bois, Alisher Navoiy Allohning insonni yaratishdan maqsadi haqida fikr yuritar ekan, har bir davrning oʻz bahori va kuzi boʻlishini aytib, ularni hikoyatlar, tarixiy shaxslar vositasi orqali yoritib beradi. Hazrat sermahsul ijodkor boʻlib, yaratgan asarlari necha asrlar oʻtsa ham oʻz qiymati va oʻquvchilarini yoʻqotmagani ham pokiza insoniy qadriyatlarning goʻzal nazmiy usulda, chuqur falsafiy mushohadalar bilan ifoda etilganidandir.

Xullas, allomalarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganishdek xayrli ish yosh avlodni yetuk, barkamol inson qilib voyaga yetkazishda ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ularning ibratli hayot yoʻli, qoldirgan benazir asarlari inson ruhiyatiga halollik, adolat, diyonat, poklik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik, muruvvat, ota-onaga hurmat kabi yuksak fazilatlarni singdirishga xizmat qiladi.

 

[1]https://qomus.info/encyclopedia/cat-x/xamsachilik-uz/
[2]IBXITM Qoʻlyozmalar fondi №230 “Xamsa” dostoni 1a -2a -varaq.
[3]Shu joyda: 4-5a -varaq.
[4]5– 9b -varaq.
[5]9b -12a -varaq.
[6]IBXITM Qoʻlyozmalar fondi №230 “Xamsa” dostoni 23– 24b -varaq.
[7]Shu joyda: 30a  — 33a -varaq.
[8]Manba: “Oila va jamiyat” gazetasi, 3-son.
9IBXITM Qoʻlyozmalar fondi №230 “Xamsa” dostoni 39– 43a -varaq.
[10]IBXITM Qoʻlyozmalar fondi №230 “Xamsa” dostoni 43a -46a -varaq.
[11]Shu joyda: 49b -50a -varaq.
[12]91b -92b -varaq.
[13] J.Xolmoʻminov. “Xoja Muhammad Porso va uning “Faslul xitob” asari” monografiyasi.
 
Iroda DAURBEKOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …