Home / FOTO LAVHALAR / Moturidiylikka oid yangi manba taqdimoti

Moturidiylikka oid yangi manba taqdimoti

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Abulhasan Ali ibn Said Rustufagʻniyga mansub “Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taqdimot ushbu asarni mamlakatimizda ilk bor tahqiq etib, uning mohiyatini ochishda munosib hissa qoʻshgan hamyurtimiz, islomshunos olim, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Abdumalik Tuychibayev tomonidan oʻtkazildi.

Unda Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy doira vakillari, mustaqil tadqiqotchilar, jami qirqqa yaqin tinglovchilar ishtirok etishdi.

Taqdimot muallifi 2007 yilda Islom universitetini tugatib, ayni paytda Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasida mehnat hamda Turkiyaning Ankara Yildirim Boyazid universitetida ilmiy faoliyatini olib bormoqda. Uning moturidiylik taʼlimotiga oid ilmiy tadqiqotlari mohiyat jihatidan keng munozaralarga sabab boʻlgan.
Taqdimot davomida olim “Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy” asarining yaratilish tarixi, kitobning toʻliq mundarijasi, bugungi kundagi ahamiyati va uni tadqiq etishning dolzarb jihatlarini mufassal yoritib berdi.

Kitob muallifi Abulhasan Ali ibn Said Rustufagʻniy Abu Mansur Moturidiyning yaqin shogirdi sifatida zamondoshlarimiz eʼtiborini qozongan. Uning bizgacha yetib kelgan mazkur asari avtobiografik tuzilishga hamda didaktik xususiyatlarga ega ekani bilan bugungi kun uchun yuksak ilmiy-amaliy va maʼnaviy-maʼrifiy qiymatga ega.
Ayni kunlarda Kitob Istanbuldagi “Hoshimiya” nashriyotida chop ettirilgan boʻlib, keng omma eʼtiboriga havola qilingan.

Taqdimot qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlib, uning yakunida ishtirokchilarning barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. 2023-yil yanvar …