Allohga qilingan ibodat, yaxshi va solih amallar unga yaqinlashishga va uning roziligini topishga bir vositadir. Ana shu solih amallardan biri bu – qurbonlik sanaladi. Qurbonlik orqali Alloh bandasini oʻz molidan voz kecha olish imtihonidan oʻtkazadi.
Qurbonlik qilishlik fazilatli va goʻzal amallardandir. Qurbonlik boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida uning yaxshiligi, savobi insonga atalgandir. Bu haqda ushbu oyati karima dalil boʻladi: “Allohga (qurbonlik) goʻshtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli u zotni ulugʻlashlaringiz uchun ularni sizlarga boʻysundirib qoʻydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Xaj surasi, 37-oyat).
Har bir inson Allohning rahmatidan, ajr-savoblaridan umidvor. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Alloh amriga itoatini va taqvosini namoyish etishdir. Hazrati Ali (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) dan rivoyat qiladilar: “Kim qurbonlikka jonlik olishi uchun bozorga borsa, Alloh Taolo har bir qadamiga oʻnta savob ato etadi, oʻnta gunohini kechiradi va martabasini oʻn daraja koʻtaradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan soʻzlarni tasbeh oʻrnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirxamiga yetti yuz dirxamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan oʻnta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istigʻfor aytadilar. Qurbonlik goʻshtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi” dedilar.
Qurbonlikning goʻshti asli uch qismga boʻlinib, bir qismi xomligicha kambagʻallarga, yana bir qismi xohishga koʻra ehson qilib yediriladi, yoki u ham tarqatib yuboriladi. Uchinchi qismi esa xonadon ahllari uchun qoldiriladi. Dovud Alayxissalom: “Yo Parvardigoro, Muhammad (s.a.v.) ummatlaring qilgan qurbonliklari uchun nima ato etgansan?” dedilar. Alloh Taolo xitob qildi: “Yo Dovud, Muhammad (s.a.v.) ummatlaridan qurbonlik qilganlarga qurbonlikning badanidan toʻkilgan qoni barobarida oʻnta savob ato qilib, oʻnta gunohini kechaman. Jannatdagi darajasini yuksaltirib, u yerda bir qasr bino qilaman va xurlarni nasib etaman. Yo Dovud, bu qurbonlik qiyomat kuni makrab boʻlib, turli balolarni egasidan qaytaradi”.
Qurbonlikning eng afzali qurbonlik qiluvchining oʻzi soʻyishidir. Agar oʻzi soʻyishni bilmasa, boshqa odamga buyurish ham mumkin. Lekin soʻyish vaqtida hozir boʻlish mustahabdir (savobi ulugʻroqdir). Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotimaga(r.a.): “Borib qurbonligingga shohid boʻl, uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening avvalgi gunohlaring magʻfirat qilinur”, dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki ommai musulmonlargami?” dedilar Fotima (r.a.). Shunda paygʻambarimiz (s.a.v.): “Yoʻq, ommai musulmonlargadir” deb javob berdilar.
Demak, har bir bandaga qilayotgan qurbonligi soʻyilishiga shohid boʻlishligining savobi ulugʻroqdir.
Anas Ibn Molik Rasululloh (s.a.v.) dan rivoyat qiladilar: “Xashr (qiyomat) sodir boʻlgan vaqt moʻminlar oʻz qabrlaridan turadilar. Alloh: “Ey, farishtalar, mening bandalarimni maxsharga ulovsiz olib borasizlarmi? Endi tirilib qabrlaridan turgach, maxsharga piyoda borishmasin. Qurbonliklarini keltiring, minib borishsin”, deydi.
Qurbonlik qilish qonun-qoidalari va odoblari haqida koʻplab fiqh kitoblarda batafsil maʼlumotlar berilgan. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) Arofatda turgan hollarida odamlarga qarab, shunday dedilar: “Ey, odamlar! Har bir (boy) xonadon ahli zimmasida har yili qurbonlik qilish majburiyati bordir”. Ulamolar qurbonlikni Qurbon xayiti kuni quyosh chiqmasdan ilgari soʻyish mumkin emasligini aytib oʻtganlar. Chunki paygʻambarimiz (s.a.v.) “Kim hayit namozini oʻqishdan oldin qurbonlikni soʻygan boʻlsa, oʻrniga boshqa jonliqni soʻysin. Kim hali soʻymagan boʻlsa, endi namozdan keyin Allohning nomi bilan (bismillah Alloh Akbar) soʻyaversin” dedilar (Buxoriy rivoyati). Agar hayit kuni qurbonlik qilishga vaqt topa olmasa, hayitdan keyingi ikki kun ichida soʻyish ham joizdir. Bundan tashqari, qoʻy va echki bir kishining nomidan, mol va tuya bir kishidan to yetti kishigacha sheriklikda soʻyilishi mumkin.
Qurbonlik uchun soʻyiladigan hayvon nuqsonsiz boʻlishi muhimdir. Baro ibn Ozib (r.a.) bu haqida rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) bunday deganlar: “Toʻrt xil jonivorni qurbonlik qilish joiz emas: bir koʻzi koʻrligi aniq bilinib turgan, kasalligi aniq bilinib turgan, oqsoqligi aniq bilinib turgan va iligi yoʻq boʻlish darajada qarib qolgan hayvonlar”.
Alloh oʻzining kalomida: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimani ehson qilsangiz albatta, Alloh uni bilguvchidir” (Oli-Imron surasi, 92-oyat) deb marhamat qilgan.
Alloh Taolo barchalarimizni oʻzining roziligi yoʻlida xolis niyatlar bilan qiladigan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida qabul aylasin. Barchalarimizga Qurbon hayiti muborak boʻlsin!