Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida Islom olamining taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO)ning Islom olami merosi roʻyxatiga kiritish maqsadida Buxorodagi 7 ta madaniy meros obyektining tegishli nomzodnoma hujjatlarini tayyorlab, Islom olami merosi qoʻmitasiga taqdim qilgan edi.
Islom olami merosi qoʻmitasining toʻqqizinchi onlayn majlisida Buxoro 2020 yilda “Islom olami madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan taqdim etilgan nomzodnoma hujjatlari koʻrib chiqilib, Buxorodagi 7 ta – Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahouddin Naqshband majmualari, Magʻoki Attor masjidi, Poyi-Kalon ansambli, Qadimgi Poykent shahri qoldiqlari va Toshsaroy madrasalari ICESCOning Islom olami merosi roʻyxatiga kiritildi.
Onlayn tarzda oʻtkazilgan majlisda shuningdek, Iordaniya (1 ta), Eron (5 ta), Bangladesh (3 ta), Jazoir (1), Iroq (5 ta), Falastin (7 ta), Qatar (3 ta), Kamerun (1 ta), Liviya (16 ta), Misr (3 ta), Marokash (6 ta) davlatlarida joylashgan obidalar ham ushbu roʻyxatga kiritildi.
Shuningdek, kelajakda ushbu madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ularni oʻrganish va xalqaro miqiyosda keng targʻib qilish boʻyicha ICESCO va Islom olami merosi qoʻmitasi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati.
Manba: OʻzA