Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va oʻzaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulugʻlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul – seshanbaga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 20 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–6122-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 21–22 iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oila davrasida oʻtkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2021 yil 13 iyul