Bismillahir rohmanir rohim!
“Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz. Sizlardan kim bu oyda hozir boʻlsa, unda roʻza tutsin” (Baqara surasi 183-oyat) deb marhamat qilib, muborak Ramazoni sharif oyining roʻzasini sizu bizga mehr-muruvvat tariqasida farz qilgan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz boʻlsin!
“Kim Ramazon roʻzasini imon bilan, savob umidida tutsa, oʻtgan gunohlari magʻfirat qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati) deb marhamat qilgan habibimiz, koʻzimiz nuri, boshimiz toji Janobi Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz boʻlsin!
Qadrli yurtdoshlar!
Kechagina orziqib kutilgan “oylar sultoni” muborak Ramazoni sharifni intiqib kutib olgan edik… Bugun esa bu qutlugʻ oyni kuzatib qoʻymoqdamiz… Mehribon Parvardigorimizga beadad shukrlarki, muborak Ramazoni sharif roʻzasini ado etishni nasib qildi. Moʻmin-musulmonlarimiz subhidamda saharlik dasturxoni atrofida jamuljam boʻlib, qalblaridagi eng buyuk orzular, ezgu maqsadlar roʻyobga chiqishini Yaratgandan soʻradilar. Xuddi shunday fayzli oqshomlarda iftorlik qilib, taroveh namozlariga oshiqdilar, Qurʼoni karimni eshitib, koʻzlarida halqalangan yoshlar bilan Olamlar Parvardigoriga munojotlar qildilar. Zero, Muborak Ramazoni sharif oyi – duolar shak-shubhasiz ijobat boʻladigan oydir.
Ming shukrlar boʻlsinki, bu yil mamlakatimiz boʻyicha 2000 mingdan ziyod masjidlarimizda taroveh namozlari oʻqildi, 1400 ga yaqin masjidda xatmi Qurʼonlar boʻlib oʻtdi. Yurtimizdagi qorilarimiz yildan-yilga koʻpayib borishi bilan birga, xorij mamlakatlarida, xususan, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina davlatlarida xatmi Qurʼonga ham oʻtdilar.
Xalqimiz mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik singari oʻziga xos zzgu fazilatlarni asrlar davomida qadrlab keladi. Ayniqsa, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlashdek ezgu amallar soʻnggi yillarda yanada rivojlanib, taraqqiy etib, yangicha maʼno-mazmun kasb etib bormoqda.
Muborak Ramazoni sharif oyi xalqimizning maʼnaviy-ruhiy hayotida alohida oʻrin tutadi. “Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrik”larida muhtaram Yurtboshimiz har birimizga qarata shunday dedilar: “…Islom dini – avvalo, tinchlik va doʻstlik, ahillik va birdamlik, bilim va maʼrifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi bagʻrikenglikni, fuqarolar orasidagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.
Binobarin, diniy qadriyatlarimizni, milliy oʻzligimizni ulugʻlab yashash bilan birga, davr talabi boʻlgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida eʼtibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.
Hurmatli ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, muhtaram nuroniylarimiz – keng jamoatchilik yaqin hamkorlikda bu borada yanada faol va samarali ish olib boradilar, deb ishonaman”.
“Men ham shu xalqning farzandiman, shu yurtning bolasiman!” degan har bir inson uchun Prezident bildirgan oʻta katta ishonch va juda ham yuksak hurmatni oqlash – ham farzi, ham qarzi, ham burchidir!
Muqaddas islom dinining ustunlaridan biri boʻlgan bu fayzu barakotli oy oʻzining shukuh va tarovati bilan kishilarni hidoyatga chorlaydi. Muborak Ramazon hayiti yurtimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda muqaddas dinimizga davlatimiz, hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaldagi yorqin ifodasidir.
Muborak Ramazoni sharif oylari davomida xayriya tadbirlari doirasida kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand oilalarga sahovatpesha va savobtalab yurtdoshlarimiz tomonlaridan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nuroniylar holidan xabar olinib, Mehribonlik, Muruvvat va Sahovat uylariga moddiy va maʼnaviy yordamlar koʻrsatildi.
Xayr-sahovat, mehr-muruvvat oyi boʻlmish muborak Ramazoni sharifda moʻmin-musulmonlarning himmati baland, shijoati yuksak boʻldi, qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, keksalar, bemorlar, muhtojlar koʻngli olinib, Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etilib, fitr sadaqa hamda fidyalar berildi.
Muhtaram azizlar, yil davomida mana shunday oliyhimmatlik va qoʻli ochiqlik qilishda bardavom boʻlaylik!
Muhtaram azizlar!
Muborak Ramazon hayiti – ezgu amallar ayyomidir! Uni oʻzaro mehr-oqibat, bagʻrikenglik va sahovat ruhida kutib olishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari juda ham faol ishtirok etmoqdalar.
Ushbu ulugʻ ayyom millatimiz maʼnaviyatiga xos mehr-oqibat, ahillik, oʻzaro hurmat-izzat singari fazilatlarni yurtdoshlarimiz qalbida yanada mustahkamlab, yosh avlod ongiga singdirib, ertangi kunimizning yanada charogʻon boʻlishini, ezgu maqsadlarimiz ijobatini taʼmin etish uchun qulay fursatdir. Shu bois, eng katta boylik – tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning burchimizdir!
Muborak Ramazon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni va ahamiyatini targʻib etish, yosh avlodni istiqlol gʻoyasiga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot tadbirlari tashkil etildi.
Chinakam Qurʼon va sabr oyi, ibodat oyi boʻlgan muborak Ramazoni sharifning fayzi, shukuhi kelasi muborak Ramazoni sharif oyigacha tatisin. Bu oyda kurrai zaminga butun borliqdan rahmat nurlari, magʻfirat nurlari yogʻiladi, chunki fayzli Ramazon oqshomlarida masjidlarimiz toʻlib-toshib, taroveh namozlarida Qurʼon tilovatlari oʻqiladi.
Bu oyda yer yuziga barakot yogʻiladi. Chunki muborak Ramazoni sharifning imtiyozlaridan foydalanib, ajru savoblarni minglab chandon oshirib olish niyatida zakot, fitr, fidya kabi moliyaviy ibodatlar, sadaqalar, xayru ehsonlar aynan shu oyda koʻproq ado etiladi. Alloh taoloning sinovida matonat koʻrsatayotgan muhtojlar, koʻngli yarimlar, rizqi tor odamlarga mehr-muruvvat koʻrsatiladi, bemorlar, nuroniy otaxon-onaxonlar ziyorat qilinadi, arazlashganlar yarashtiriladi.
Bir oylik ertayu kech qilingan ana shunday qizgʻin ibodatlarga mukofot oʻlaroq, gunohlarimiz magʻfirat qilinib, aybu nuqsonlarimiz kechirilib, ularning oʻrnilariga behisob-behisob savoblar yoziladi. Shuning uchun ham bu oyning avvali – rahmat, oʻrtasi – magʻfirat, nihoyasi esa – doʻzaxdan najotdir.
Alloh taoloning eng ulugʻ farishtasi Hazrati Jabroil alayhissalom aytar ekanlar:
“Agar Alloh taolo menga “daryo, dengiz, okeanlarda qancha suv borligini oʻlchab kel”, desa, oʻlchab kela olaman.
Agar “sahroyu, choʻllarda qancha tuproq zarrasi borligini sanab kel”, desa, sanab kela olaman.
Agar dunyodagi hamma oʻsimlik va daraxtlardagi barglarini sonini sanashni buyirsa, uni ham uddasidan chiqaman…
Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallamning roʻzador ummatlariga beriladigan savobini aslo sanay olmadim!“
Mehribon Parvardigorimiz hammalarimizga ham mana shunday ulugʻ va beqiyos savoblaridan ato etsin!
Barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon hayiti bilan samimiy qutlaymiz! Alloh taolo bu ulugʻ oyda oʻqilgan Qurʼon tilovatlari sharofatidan yurtimizga fayzu ilohiy, xayr-baraka yogʻdirsin!
Muhtaram azizlar, bunday fazilatli ulugʻ muborak kunlarni gʻanimat bilib, yurtimizning, el-xalqimizning, oilamizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar soʻraylik…
Mehribon Parvardigorimiz oilaviy hayot, oʻqish, ish, dehqonchilik, kasb-korlarimizda koʻpdan-koʻp omadlar, muvaffaqiyatlar, xayr-barakalar, baxt-saodatlar, xursandchiliklar ato etsin!
Xalqimiz boshidan koronavirus balosini tezroq koʻtarsin! Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimiz hayotini, turmushini bundan-da maʼmur va farovon aylasin! Mehribon Parvardigorimiz kelasi muborak Ramazoni sharif oylariga ham sihat-salomatlikda, tinchlik-xotirjamlikda, huzur-halovatda, bagʻributunlikda yetishimizni nasib qilsin!
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, aziz Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti yoʻlida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Alloh taolo madadkor boʻlsin!
Parvardigori olam barcha bemorlarimizga Oʻzi shifosini bersin!
Koronavirus infeksiyasini tez fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, dardlardan, turli viruslardan Oʻzi asrasin!