Maʼlumki, mustaqillik davrida butun islom olamida yuksak eʼtirof va eʼtiborga sazovor boʻlgan buyuk yurtdoshlarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi allomalarimiz shaxsiyati, ilmiy merosi yoshlarimizga ibrat namunasi sifatida keng talqin etila boshladi. Ushbu allomalardan biri Abu Iso Muhammad Iso Termiziy (824-892) boʻlib, uning ilmiy va diniy merosini oʻrganish olimlarimizning katta saʼy-harakatlari bilan davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 fevral kuni “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi[1]. Ayni haqiqatkim, mazkur qaror mamlakatimiz maʼnaviy hayotidagi ulkan tarixiy voqealardan biri boʻldi. Qarorda qayd etilganidek, islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, muqaddas zaminimiz azal-azaldan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar vatani boʻlib kelganini xalqimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yoshlarimizni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash maqsadida mazkur markazni tashkil etish koʻzda tutildi. Qarorda markazning asosiy maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan Imom Termiziy asarlari nashr etila boshladi[2]. Davlatimiz rahbari boshchiligida Imom Termiziy maqbarasi zamonaviy talablar asosida obod qilish va katta ziyoratgohga aylantirish ishlari yurtdoshlarimizning mislsiz eʼtiroflariga sabab boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Termizlik allomalar asarlarining qoʻlyozmalari katalogi” loyihasi doirasida katolog-kitob nashr qilindi[3]. “Abu Iso Termiziy ilmiy merosini tadqiq qilish, asarlarini tarjima va nashr qilish” nomli loyiha doirasida “al-Jomeʼ as-Sunan” (Sunnatlar toʻplami)[4], “Abu Iso Muhammad Termiziy asarlari ilmiy-izohli tarjimalarini tayyorlash va nashr qilish” loyihasi doirasida allomaning “Tasmiyatu asʼhobi Rasululloh” (Rasululloh safdoshlari)[5] nomli kitoblari nashr qilindi.
Hadislarni tanqidiy oʻrganish boʻyicha qisqa vaqt oraligʻida olti toʻplamda uchragan bir qator maxsus terminlar guruhi vujudga keldi. Imom Termiziy bu sohada salmoqli ishni amalga oshirgani, u faqatgina hadislarni toʻplash bilangina cheklanib qolmasdan, hadislarning tahliliga ham alohida boʻlim ajratgani ham bu sohada katta voqelik hisoblanadi. Imom Termiziy birinchilardan boʻlib hadislarni sahih, hasan va zaif guruhlarga ajratgan olimdir. Vaqt oʻtishi bilan hadis ilmidagi terminlar taraqqiy etib bordi va bu sohada umumiy qabul qilingan shaklga keldi.
Imom Termiziyning yozgan asarlari orasida bizgacha yetib kelgan va nashr qilingan toʻrtta kitoblari borligi bizga maʼlum. Bular:
“Al-Jomeʼ as-Sunan (Sunnatlar toʻplami)”. Bu toʻplam Imom Termiziyning shoh asari hisoblanadi. Uning mazkur asaridan tanlangan hadislarning ikki jildi oʻzbek tilida ham nashr qilingan.
“Ash-Shamoyil an-Nabaviyya” “Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning goʻzal suratlari va siyratlari”. Bu kitob Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning tashqi koʻrinishlari, kundalik odatlariga bagʻishlangan boʻlib, “Shamoili Muhammadiya” nomi berilgan Sayyid Mahmud Taroziyning tarjima-sharhidan foydalanilgan holda oʻzbek tilida ham nashr etilgan.
“Kitab al-ilal” (Illat-sabablar kitobi). Hadis ilmi va roviylar toʻgʻrisidagi mazkur asarning ikkita – katta va kichik tahriri mavjud. Ular “Kitab al-Ilal al-Kabir”, “Kitob al-Ilal as-Sagʻir” deb ataladi. Ayrim tadqiqotchilar “Kitab al-Ilal al-Kabir”ni mustaqil asar desalar, “Kitob al-Ilal as-Sagʻir”ni muallifning “al-Jomeʼ” asariga ilova – xotima qismi deydilar. “Kitob al-Ilal al-Kabir”ga Ibn Rajab al-Hanbaliy sharh bitgan. Tadqiqotchilar “Kitob al-Ilal al-Kabir” asarining ikkinchi nomi “al-Mufrad” boʻlganini alohida qayd qiladilar. Yana ilmiy adabiyotlarda allomaning “Al Ilal fil-hadis” nomli asari borligi zikr qilinadi. Bizningcha, u mazkur “Kitob al-Ilal al-Kabir” asarining boshqa bir nomi boʻlsa kerak.
“Asmo as-Sahoba” (“Sahobalarning ismlari”). Mazkur asar ixchamgina risola koʻrinishida boʻlib, unda Imom Termiziyga nisbat beriladi. Bu haqda Ibn Hajar Asqaloniy “Tahzib at-Tazxib” asarida eslatib oʻtgan. Asarning bir qoʻlyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi va uning asosida asar matni nashr qilingan.
Ibn an-Nadim “Fehrist” asarida Imom Termiziyning “Tarix” nomli asari ham boʻlganligini ham zikr qilgan.
Ona Sharq hikmat imoratlariga poydevor qoʻygan, ilm-fan tamadduniga tamal toshi qoʻygan muqaddas zamin. Oʻzbekistonimizda ana shu moʻtabar zotlarning ilmu ijodlarini oʻrganish maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyaning birinchi va kechiktirib boʻlmas vazifasi hisoblanadi.
Buyuk termiziylarga alla aytgan muqaddas makon – eng qadimiy shaharlardan biri boʻlgan Termizda kamol topgan buyuk ajdodlarimizning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan xizmatlari umumeʼtirof etilgan tarixiy haqiqatdir. Zero, bu zaminning dunyo tanigan allomalari qoldirgan olamshumul ilmiy, maʼnaviy va madaniy merosi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida oʻrta asrlarda kechgan ilmiy-madaniy jarayonlarga, balki jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessansga jiddiy ijobiy taʼsir koʻrsatgani isbot talab etilmaydigan ulugʻ haqiqatdir.
Taʼkidlash oʻrinliki, oʻrta asrlarda faoliyat yuritgan yurtimiz allomalarining koʻpchiligi haqida biz hanuzgacha yetarli maʼlumotga ega emasmiz. Jumladan, termizlik allomalardan Iso Muhammad Termiziy (824-893), Hakim Termiziy (820-932), Abu Bakr Varroq Termiziy, Xoja Samandar Termiziy (1638-1740), Adib Sobir Termiziy kabi qator allomalarning ilmiy merosi hali-hanuz toʻlaligicha oʻrganilib, xalqimizga taqdim etilmagan.
Hakim Termiziy qalamiga mansub boʻlgan yana bir asar “Valiylar hayot yoʻli” deb ataladi. Muallifning aksariyat asarlari qatori bu ham arab tilidan oʻzbek tiliga birinchi marta tarjima qilindi. Asarning ilmiy-izohli tarjimasi koʻrsatkichlar bilan nashr qilingan boʻlib, asar valiylarning darajalari, sifatlari va boshqa tegishli masalalarini yoritishga bagʻishlangan. Unda inson oʻzini takomillashtirishi, tuban hirs-tuygʻularini jilovlab, oʻz-oʻzini poklashi zarurligi haqidagi fikrlar bayon etilgan. Shuningdek, oʻz fikrlarini hayotiy misollar keltirib quvvatlagan. Asar gʻoyasi tasavvuf falsafasining asosiy tushunchasi boʻlgan komil insonni voyaga yetkazish vazifalarini tashkil qilishdan iborat.
Zamondoshlari tomonidan axloq, tasavvuf, fiqhiy masalalarda yuborilgan savollarga javob shaklida asar yozish Hakim Termiziyning oʻziga xos uslubi hisoblanadi. Shu boisdan loyiha doirasida reja boʻyicha arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan navbatdagi asar “Rayydan yuborilgan maktubga javob” deb atalgan. Bu asarning ilmiy-izohli tarjimasi ham zarur koʻrsatkichlar bilan taʼminlangan holda ilk bor oʻzbek tilida nashr qilindi. Bu asar axloqiy jihatdan oliy poklikka erishish va natijada Haqni anglashda toʻliq bilimga ega boʻlib, tub mohiyatini tushunadigan inson haqida soʻz yuritadi. Olim shaxs maʼnaviy hayotida muhim boʻlgan odobni qanchalik zarur ekanligini hayotiy misollar bilan qiyoslab, tushuntirib bergan.
Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda ulugʻ mutafakkirlar Imom Termiziy va Hakim Termiziyning merosini tadqiq qilishdek fayziyob tadoriklar boshlangani koʻzimizga quvonch, qalbimizga iftixor bagʻishlaydi. Allomalarning diniy-falsafiy asarlari arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinayotgani kelajak avlod uchun munosib tuhfa sanaladi.
Ushbu tadqiqot ishlari davlatimiz rahbarining tarixiy farmonlari bilan ochilgan Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi, Islom sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalar olimlarining navbatdagi tadqiqotlarida oʻz aksini topadi.
Zero, “Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir” deyilgan purhikmat naqlning amaldagi isboti ilmsevar, kitobsevar elning jahon aro nufuzini oshirishga xizmat qilayotganida koʻrinayotgani ayni haqiqatdir.