Home / ALLOMALAR / ABU MANSUR MOTURIDIY HAQIDAGI HAQIQATLAR

ABU MANSUR MOTURIDIY HAQIDAGI HAQIQATLAR

U zotning toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy Ansoriydir. Samarqandning Motrid mahallasida tavallud topgani uchun, Moturidiy deb, ushbu mahallaga nisbat berilgan. Islomga qoʻshgan ulkan hissasi va koʻmaki uchun, Ansoriy sahobalarga tashbeh qilib, Ansoriy taxallusi berilgan. Imom Moturidiy 256/870 yilda Samarqanddagi Motrid mahallasida dunyoga keldi. Alloma Samarqandda taʼlim olib, mujtahid darajasiga yetdi. Izdoshlari u zotga “Hidoyatga boshlovchi imom”, “Hidoyat nishonasi”, “Mutakallimlar imomi”, “Musulmonlar aqidasini sahihlashtiruvchi”, “Ahli sunna rahbari” degan unvonlarni berishgan. Bu vasflar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tiklashda allomaning darajasi qanday ekanini bildirishi bilan birga, alloma yashagan davr naqadar beqaror va ixtilofli boʻlganiga ham dalolat qiladi.

Imom Moturidiy Abbosiylar xalifaligi boʻlingan va Movarounnahr Somoniylar saltanatiga aylantirilgan bir davrda yashagan. Bu davlat ilm-fanga katta ahamiyat qaratgani bilan tarixda qolgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Tarixchi Maqdisiy Somoniy podshohlari, Movarounnahr, Xuroson shaharlari haqida bunday yozadi: “ U iqlimlarning eng yaxshisi hamda olimlari va buyuklari eng koʻp maskandir. U yaxshilik oʻchogʻi, ilm qarorgohi, mustahkam islom qalʼasidir. Amiri Amirlarning yaxshisi, qoʻshini qoʻshinlarning yaxshisidir. U yerda faqihlarning darajasi podshohlarning darajasi bilan tenglashtiriladi”.

Bu soʻzlar Somoniylar davlatida ilm-fan yuksak darajaga koʻtarilganini angladi. Albatta ilm-fanga katta ahamiyat qaratgan davlatda ilmning barcha sohalarida mutaxassis olimlar yetishib chiqa boshladi. Ayniqsa tafsir, fiqh, hadis, kalom, tasavvuf, lugʻat, adabiyot, tibbiyot, falakiyot, hisob kabi fanlar boʻyicha yetuk olimlar koʻpaydi.

Yaxshilik bilan yomonlik, haq bilan botil yonma-yon yurishi tabiiy hol boʻlgani bois, bu orada barcha ishda asos aql, degan botil shior ostida shaharlarda oʻzining buzuq aqidalarini tarqatadigan toifalar ham chiqa boshladi. Ular Qurʼon va hadislarda kelgan iboralarning oʻziga maʼqul boʻlganini olib, toʻgʻri kelmaganini buzuq taʼvil bilan asl maʼnosidan burib, talqin qilar edi. Albatta, bu odamlar orasida ixtilof chiqarishi turgan gap. Chunki, odamlar orasida rad qiluvchilar ham, ergashuvchilar ham topiladi. Bora –bora buzgʻunchilarning safi kengayib, ular haqiqiy olimlarga, ayniqsa, muhaddis va faqihlarga hujum qila boshladi. Bu bilan barcha sogʻlom fikrli musulmonlarning nafrati va gʻazabiga duchor boʻldi. Ularga bilib-bilmay ergashganlar va toʻgʻri yoʻlda sobit qolgan musulmonlar oʻrtasida urush olovi yonishi aniq boʻlib qolgani sharqiy mintaqada naqliy (Qurʼon va hadis) va aqliy dalillar orasini jamlashga Allohning izni ila muvaffaq boʻlgan Imom Moturidiyni maydonga chiqishga undadi. Imom Moturidiydan biroz keyin moʻtazila firqasiga qarshi Imom Ashʼariy mafkuraviy kurash maydoniga kirib keldi. Alloh tomonidan madadlangan bu ikki buyuk imom bir-biri bilan koʻrishmagan boʻlsada, Allohning tavfiqi ila haq yoʻlga yurib, botilga qarshi turish asnosida bir-biridan deyarli farq qilmaydigan sof aqiydani dalillar bilan mustahkamlab qoʻydi. Albatta, bu eʼtiqod Rasululloh, sahobalar, tobein va taba tobeinlarning eʼtiqodidan boshqa yangi eʼtiqod boʻlmay, balki uning umumiylashtirilgan va soddalashtirilgan va qatʼiy dalillar bilan mustahkamlab qoʻyilgan koʻrinishi edi. Shuning uchun ushbu aqidani mahkam tutganlar “Ahli sunna val-jamoa” nomini oldilar.

Imom Moturidiy oʻz yurtida har biri silsilada Imom Abu Hanifaga borib tutashadigan olimlardan taʼlim oldi. Ular: Abu Nasr Ahmad ibn Abbos ibn Husayn Iyoziy, Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq ibn Solih Jurjoniy, Nasir ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziydir. Bu olimlarning baʼzilari Imom Abu Yusuf orqali, baʼzilari Imom Muhammad orqali Imom Abu Haniyfaga bogʻlanadi.

Imom Moturidiy uztozlaridan naqliy ilmlar bilan birga, aqliy ilmlarni ham taʼlim oldi. Qisqa vaqt ichida fiqh, tafsir va kalomda koʻzga koʻringan olim boʻlib yetishdi. Ustozlaridan olgan ilmlarni naqliy va aqliy dalillar bilan asoslagan holda oʻz shogirdlariga yetkazib bordi.

Aslida bu aqida toʻgʻrisida Imom Abu Hanifa oʻzining “Fiqhul akbar” va “Vasiyya” nomli kitoblarida qisqacha soʻz yuritgan boʻlib, Imom Moturidiy uni sharhlab, dalillar bilan asoslab bergani bois, ushbu aqida Imom Moturidiyga nisbat berilib, “Aqiydatul Moturidiyya” deb yuritila boshladi. Bunda Imom Moturidiydan taʼlim olib, katta olim boʻlib yetishgan va ustozining yoʻlini davom ettirib, kitoblar yozgan shogirdlarning hissasi beqiyos boʻldi.

Darhaqiqat Imom Moturidiy mujtahid darajasiga yetgan koʻplab shogirdlar yetishtirib chiqardi. Ulardan eng mashhurlari: Hakim Samarqandiy taxallusi bilan tanilgan Abul Qosim Isʼhoq ibn Muhammad ibn Ismoil, Imom Abul Hasan Ali ibn Said Rustugʻnoniy, Imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy, Imom Abu Muhammad Abdul Karim ibn Muso Bazdaviydir.

Imom Moturidiy aqida, fiqh va tafsirga oid koʻplab kitoblar taʼlif etib, kelajak avlodga meros qilib qoldirdi. Ushbulardan “Kitobut tavhid”, “Kitobul maqolot”, “Kitobul usul”, “ Ar-raddu alal qaromita”, “Raddul usulil xamsati li Abi Muhammad Al-Balxiy”, Raddu avoilil adilla lil Kaʼbiy”, “Raddu tahzibil jadal lil Kaʼbiy, “Raddu vaʼiydil fussoq lil Kaʼbiy”, “Raddu kitobatil imomati libaʼzir ravofiz”, “Bayonu vahmil moʻtazila” – aqida va turli firqalarning zalolatini bayon qilishga, “Kitobul Jadal”, “Maʼxazush sharoiʼ” – usulul-fiqhga , “Risolatu fiymo lo yajuzu al-vaqfu alayhi fil Qurʼon” va “Taʼvilotul Qurʼon” – tafsir va ulumul qurʼonga oid kitoblardir.

Ushbu kitoblarni oʻrgangan kishi, Imom Moturidiy yuqorida zikr qilib oʻtilgan yuksak unvonlarga naqadar munosib boʻlganini eʼtirof etmay iloji yoʻq. Alloma yashagan zamonda musulmonlar koʻplab fitnalarga uchragani, oʻzaro tortishuvlar, ixtiloflar haddan ziyod koʻpaygani, hatto ish musulmonlar orasida urush boshlanishigacha yetib borgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Ana shunday qaltis vaziyatda Imom Moturidiy oʻz jasorati, ilm va isteʼdodini ishga solib, Islom dinining asl mohiyatini koʻrsata oldi. Uning ana shu xizmatlari tufayli musulmonlar oʻrtasidagi ixtilof va nizolar asta-sekin barham topa boshladi. Behuda qon toʻkilishining oldi olindi.

Imom Moturidiyning Islomga va musulmonlarga yordami shu qadar katta boʻlganki, vasflashga til ojiz. Allohning tavfiqisiz hech bir banda bunday ishlarga qodir boʻlolmasligini anglash, bizni Imom Moturidiyga Alloh taoloning oʻzi madadkor boʻlganini eʼtirof etishga chorlaydi.

Imom Moturidiy 333/944 yilda Samarqanda olamdan oʻtgan va shu shahardagi “Chokardiza” qabristonida dafn qilingan.

OBID XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

Check Also

XORAZMNING ILK ROVIYLARI

Uygʻonish davri tarixini oʻrganish jarayonida shu narsaga amin boʻlamizki, Xorazm oʻlkasi VIII asrdan musulmon dunyosiga …