Home / MAQOLALAR / Islom shiorlari oʻyinchoq emas, ularni kamsitishga hech kimning haqqi yoʻq!

Islom shiorlari oʻyinchoq emas, ularni kamsitishga hech kimning haqqi yoʻq!

Yuksak taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz. Tongda uygʻonishimiz bilan “aqlli” telefonni qoʻliga olib, ijtimoiy tarmoqlarga kiramiz. Bu – dunyodagi aksariyat odamning odati. Shu tariqa har kim istasa-istamasa, oʻzini axborot maydoni ichra koʻradi. Kimlardir bu maydonda – tarqatuvchi, kimlardir – oddiy ishtirokchi, kimlardir – oʻsha axborotlarning qurboni, kimlardir esa – shunchaki kuzatuvchi…

Afsuski, axborot tarqatish borasidagi mutlaq erkinlik baʼzida tarbiyasizlikka sabab boʻlib qolmoqda. Xususan, soʻnggi paytlarda tarqatilayotgan lavhalar orasida haqoratli soʻzlar, tuhmatli iboralar, muayyan shaxslarni obroʻsizlantirish qasd qilingan tasvirlar koʻpayib bormoqda. Eng yomoni, ularning aksariyati bir guruh trollar yoki “feyk”, yaʼni soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bu qilmishlar ortida qanday gʻarazlar yotgani jumboq…

Ayniqsa, bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani kishini yanada koʻproq tashvishga solmoqda. Muborak Ramazon oylarida ijtimoiy tarmoqlarda na dinimizga va na odobimizga toʻgʻri kelmaydigan videotasvirlar tarqadi. Uni hamma koʻrdi. Ammo… “internet ustalari”dan nechovlarining xayoliga roʻza, iftor ham islom shiorlaridan biri ekani keldi? Illo, ayrim internet foydalanuvchilari roʻza ham – islom shiori ekanini bilganlarida edi, balki bunday qilmagan boʻlardilar. 

Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targʻib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qurʼoni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulugʻ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.

Bu haqda keyingi vaqtlarda olimu ziyolilarimiz turli sabablar bilan koʻp va xoʻb yozishga, Alloh taoloning ushbu amrini bot-bot bizlarga eslatib turishga majbur boʻlyaptilar.

Islom taʼlimotiga koʻra “shior” soʻzi “nishon”, “belgi”, “alomat” maʼnolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining koʻzga koʻringan va shon-shavkatining alomati boʻlgan narsalar shior hisoblanadi.

Masalan,

  • Kalomulloh, yaʼni Qurʼoni karim, uning tilovati, azon,
  • Alloh taolo farz qilgan – namoz, roʻza, zakot, haj kabi dinimiz ustini boʻlgan ibodatlar,
  • shariatimizda ulugʻlangan zotlar – paygʻambarlar, sahobalar, tobeinlar, avliyolar, ulamolar, ilm ahllari,  
  • shariatimizda qadrlangan – Kaʼbatulloh, Makka mukarrama, Madina munavvara, Mino, Arafot, Quddusi sharif kabi joylar,
  • barcha masjidlar va zamonlar – Juma kuni, Ramazon oyi, muqaddas oylar,
  • ibodat vositalari boʻlmish tasbih, salla va joynamoz kabi narsalarni tushunish mumkin.

Avvalroq aytganimizdek, soʻnggi paytlarda baʼzi insonlarning Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali roʻza va iftorlarga turli masxaraomuz munosabatda boʻlib, bu ishining oqibatini bilmasdan gunoh orttirib olayotgani esa achinarli holat, bilimsizlik, avomlik, boringki, johillik desa ham boʻlaveradi.

Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xoʻrlash, mensimaslik, xor qilish moʻmin kishining kofir boʻlishiga sabab boʻladi.

Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: Aniq bilamanki, ummatim ichidagi baʼzi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma togʻi kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq boʻlib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini toʻzigan chang kabi qilib qoʻyadi.

Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan oʻshalardan boʻlib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga oʻxshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolgʻiz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Dinimiz ulamolari oʻzlarining fatvolarida bunday deyishgan: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qurʼoni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki sharʼiy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir boʻladi” (“Gʻamzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).

Ota-bobolarimiz Islom odobiga jiddiy eʼtibor berganidan xabarimiz bor va ularning odob-axloqi bilan baʼzi-baʼzida maqtanib ham qoʻyamiz…

Ota-onalarimiz shariatimizdagi mustahab va odob amallariga ham nihoyatda qattiq eʼtiborli boʻlganlar. Ular odoblari goʻzalligidan tasbehlari koʻksilaridan pastga tushmagan… Joynamozlarini ham ehtiyotkorona, oyoq ostida qoldirmasdan, mehr bilan alohida baland joylarga qoʻyganlar… Masjid atrofidan mehr bilan ohistalik bilan oʻtganlar… Azon aytilayotganda mehr bilan eshitganlar, behuda soʻz soʻzlamaganlar… Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar… Nima sababdan?.. Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga ALOHIDA ODOB bilan muomala qilganlar! Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga OʻZGACHA MЕHR bilan munosabat qilganlar! U odob – BЕTAKROR ODOB!!! U mehr – BЕQIYOS MYEHR!!!

Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Oʻzi haq boʻlca ham talashib-tortishmagan kishi uchun – jannat chekkarogʻidan uy berilishiga, hazillashib boʻlsa-da yolgʻon gapirmagan kishi uchun – jannatning oʻrtasidan uy berilishiga, xulqini goʻzal qilgan kishi uchun esa – jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ming afsuski, hozirgi kunda baʼzilar shunday chiroyli ishlarga, jahon mamlakatlari va oʻzga diyorlar ichinda “oʻzbek xalqining noyob va goʻzal odoblari” deb tan olingan odoblariga bepisand boʻlib, “hech narsa qilmaydi” qabilidagi gaplarni aytib, ota-onalarimiz betakror va beqiyos mehr bilan bajarib kelgan betakror va beqiyos dinimizning betakror va beqiyos odoblarini yoʻqqa chiqarishga urinmoqdalar. Vaholanki, shayton musulmon kishining birinchi boʻlib imoniga hujum qilmaydi, balki birinchi boʻlib musulmon kishini mustahab va odob boʻlgan amallarga beeʼtibor qilishga urinadi. Agar gʻolib chiqsa, dastlab sunnatga, keyin vojibga, soʻng farz amallarga beparvo qarashga urinadi. Agar musulmon kimsani farz amalga ham eʼtiborsiz qilishga erishsa, alaloqibat, Alloh saqlasin, imoniga ham hujum qilib, natijada imondan ajratadi!!!

Shunday ekan, har birimiz ota-bobolarimizning yoʻnalishlarini mahkam ushlab, barcha mustahab va odob amallarga toʻla amal qilish hamda dinimiz shiorlariga odob va axloq bilan muomala qilishimiz – betakror dinimiz talabidir!!!

Demak, yuqoridagi hukmlar roʻza va iftor bilan bogʻliq gʻalati holatlarni tarqatayotgan kishilarga saboq boʻlishi kerak. Ular ham islomiy qadriyatlarga putur yetkazish evaziga koʻngilxushlik ila ommaning eʼtiborini jalb qilish ogʻir gunoh ekanini anglab yetsinlar.

Yana bir jihat, soʻz erkinligi degani – istalgan narsani hech qanday masʼuliyatni his qilmasdan aytish, yozish, tarqatish degani emas. Balki har bir soʻz uchun javob bera olish masʼuliyatidir.

Ogʻziga kelganni demoq – nodonning ishi,

Oldiga kelganni yemoq – xayvonning ishi,

deb bejiz yozilmagan. 

Har bir internet foydalanuvchisi aytayotgan gapi, tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, moʻmin-musulmonlar oldida ham, jamiyat aʼzolari va davlat qonunlari oldida ham javobgardir! Bu meʼyor dunyoviy qonun-qoidalarda ham, diniy taʼlimotimizda ham qatʼiy belgilab qoʻyilgan!

Bir soʻz bilan aytganda, “feyk” akkauntlar yoki trollar yurituvchilari muborak dinimiz shaʼniga dogʻ soluvchi lavhalar, buzgʻunchi sharhlar, haqoratli soʻzlar, tahqirlashlari uchun ikki dunyoda ham javob beradilar.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …