Oʻzbekiston xalqi azaldan bagʻrikeng va mehmondoʻst boʻlib kelgan. Qadimdan zaminimizda yashagan millat va elatlar bir-biriga yelkadosh boʻlib, ogʻirini yengil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, toʻyu maʼrakada koʻp millatli xalqimiz bir-birlari bilan hamkoru hamjihat boʻlib yashashgan.
Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini oʻtkazishlari va mamlakat hayotida faol ishtiroklari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Bu borada mamlakatimiz oʻziga xos boy tajriba orttirganini taʼkidlash kerak. Buni butunjahon eʼtirof etmoqda. Oʻzbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari boʻyicha Bosh komissari Zayd al-Husaynning quyidagi soʻzlari buning yorqin dalilidir: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik boʻlib turgan tahlikali kunlarda Oʻzbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik turli davlatlar uchun oʻrnak boʻlishga loyiqdir”.
Bunday ahillikning asosiy sababi mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad yoʻlida birlashib harakat qilishlaridir. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar oʻtkazilib, mushtarak vazifalar ado etib boriladi. Bir-birlarimizni bayramlar bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik muhitida oʻz ifodasini topmoqda.
Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qurʼoni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13), deb marhamat qilingan.
Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chogʻda, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qoʻygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga boʻlinishining sababi oʻzaro tanishish, hamkorlik qilish va maʼrifat hosil qilishdir.
Islom dini avval boshdan boshqa din vakillariga ham hurmat bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatgan. Maʼlumki, Islom oʻzidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish bilan cheklanmay, oʻsha din ahllariga cheksiz muruvvat koʻrsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qoʻygan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar oralarida yashaydigan ahli zimmaga muruvvat koʻrsatib, butun insoniyatga oʻrnak boʻlishdi.
Bu borada Alloh taolo bunday deydi: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana, 8).
Alloh taolo bu oyati karimada moʻmin-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda boʻlishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli boʻlish lozimligini taʼkidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitobida ushbu oyat tafsirida: “Oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating, ularga soʻz bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada boʻling”, deb bayon etganlar.
Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni oʻz masjidlariga tushirganlar va “ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men oʻzim ularni izzat-ikrom qilishni xush koʻraman”, deb shaxsan oʻzlari ularga xizmat qilganlar. Shuningdek, U zot elchi boʻlib kelgan Najron nasorolarini ham oʻz masjidlarida ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Nabiy alayhissalom har bir kishining qaysi dinga mansubligidan qatʼiy nazar, avvalo, uning insonligi uchun odamiylik nuqtai nazaridan hurmat qilish lozimligini taʼkidlaganlar. Jumladan, Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladilar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlaridan odamlar tobut koʻtarib oʻtishdi. Shunda u zot oʻrinlaridan turdilar. Keyin sahobalar uning yahudiy ekanini aytishdi. Shunda Rasululloh: “U ruh egasi – inson emasmi?!” – dedilar”.
Tarixchilar Horun ar-Rashid davridagi bagʻrikenglikni shunday izohlashgan: “Masihiylar, yahudiylar va musulmonlar hukumat ishlarida birga-birga ishlar edilar”. Xalifa Maʼmun oʻz akademiyasiga turli din va mazhab sohiblaridan boʻlgan olimlarni toʻplab, ularga: “Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik kelib chiqmasligi uchun har kim oʻz diniy kitobidan dalil keltirmasa, boʻldi”, – degan ekan.
Bu kabi misollarni Islom tarixidan juda koʻplab keltirish mumkin. Islomning bosh manbalarida taʼkidlangan hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam tomonidan qanday amal qilinishi ifoda etilgan koʻrsatmalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.
Demak, koʻnglida hech bir insonga adovati boʻlmagan hamda jamiyatga qoʻli va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada boʻlish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon yetkazish yoʻlida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz talabidir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “…Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat). “Ankabut” surasi 46-oyatida esa: “(Ey, moʻminlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar…”, deyilgan.
Demak, Qurʼoni karim musulmon mamlakatlarida boshqa dinlarga nisbatan munosabat va diniy eʼtiqod erkinliklari masalalarida asosiy manba boʻlib xizmat qilgan. Shunday ekan, bundan islomning boshqa diniy eʼtiqoddagi kishilarga nisbatan insonparvar, adolatparvar ekanini koʻrishimiz mumkin.
Qaysi jamiyatda diniy bagʻrikenglik tamoyillari hayotda oʻz talqinini topsa, oʻsha jamiyatda oʻzaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik boʻlmagani kabi diniy bagʻrikengliksiz tinchlik barqaror boʻlmaydi.
Islom dini oʻzga din vakillari bilan boʻladigan kundalik aloqalarga alohida urgʻu bergan. Xususan, qoʻshnichilik aloqalari, ahli kitoblarning taomidan isteʼmol qilish, ularga uylanish mumkin ekani, ularni gʻiybat qilish ham gunoh ekani, moliyaviy aloqalar oʻrnatish, ulardan qarz olish, qarz berish, ularga omonat qoʻyish, musulmon boʻlmagan kishini maqtash kabi masalalarda oyat va hadislar kelgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari maʼlum va mashhur. Saʼd ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: “Muqavqis Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hadya yubordi. Bas, u zot uni qabul qildilar”. Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Imom Saraxsiy “Mabsut”da quyidagi rivoyatni keltirgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Muqavqis hadya qilgan choponlari bor edi. Ul zot uni hayit va juma kunlari hamda huzurlariga elchilar kelganida kiyar edilar”.
Imom Buxoriy hazratlari oʻzlarining “al-Adab al-Mufrad” kitoblarida shunday hadisni rivoyat qiladi: Mujohid aytadi: Men Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuning huzurida edim. Uning xizmatchisi bir qoʻyni soʻyib, uning terisini shilayotgan edi. Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu xizmatchiga qarab: Qoʻyni soʻyib boʻlgach goʻshtni birinchi boʻlib yahudiy qoʻshnimizdan boshlab tarqat, dedi. Oʻsha yerda turganlardan biri: “Alloh sizni toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin! Yahudiydan boshla!”, dedingizmi, dedi. Shunda u zot: Men Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan qoʻshniga yaxshilik qilish haqida juda koʻp eshitganman, hatto qoʻshniga meros berishni tayinlasalar ham kerak, degan xayolga ham borganmiz, dedilar.
Imom Buxoriy oʻz kitoblarida rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot etgan vaqtlarida sovutlari bir yahudiyning qoʻlida garov evaziga berilgan edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning sahobalari U zot uchun jonu mollarini fido qilgan insonlar edi. Ular ichida Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhumo kabi boy sahobalar ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birgina ishoralari bilan bor budlarini U zotning oyoqlari ostiga olib kelib tashlar edilar. Lekin shunday boʻlsa-da Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻzga din vakilidan qarz olganlar. Buning sababi oʻzlari namuna boʻlib jamiyat birdamligi uchun ular bilan qanday muomalada boʻlish kerakligini ummatlariga koʻrsatib berganlar.
Demak, Islom shariatida oʻzga din vakillari bilan inoq munosabatda boʻlishga oid munosabatlar aniq belgilab berilgan. Buyuk ajdodlarimiz oʻzga din vakillari bilan qanday munosabatda boʻlish lozim ekanini oʻrgatib, oʻzlari bunda barchaga namuna boʻlganlar.
Bugungi kunda dunyodagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikka millatlar va dinlararo ziddiyatlar, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlarning jiddiy xavf-xatari mavjudligi globallashuv sharoitida Oʻzbekistonda millatlar va dinlararo munosabatlar masalasida xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas.
Ayni kunlarda dunyoda geosiyosiy raqobat tobora kuchayib, ayrim kuchlar tomonidan xalqlar ongiga egalik qilish orqali turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro nizo va ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish, mamlakatni kuch-qudratini kamaytirib, hududni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy tomondan oʻz taʼsir doirasiga olishga urinishlar kuchaymoqda.
Hozirda jahonda yuz berayotgan diniy toqatsizlik holatlari boshqa din vakillariga oʻta murosasizlik, bir din ichidagi mojaroli munosabatlar hamda dunyoviy tuzumga qarshi kurash yoki xalqaro darajadagi qarama-qarshiliklar bilan bogʻliq boʻlib turibdi.
Zero, barcha dinlar qatori Islom oʻzidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) eʼtirof etibgina qolmasdan, ularning madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda boʻlishga buyurgan.
Islom doimo barcha din va eʼtiqod vakillarini adolat oʻrnatishda, xavfsizlikni taʼminlashda va begunoh odamlarni qoni toʻkilishini oldini olishda hamkorlik qilishga chaqiradi.
Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotlarida goʻzal oʻrnaklar bor. Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijrat qilgan paytlaridan u yerlik aholi bilan bahamjihat yashash toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma, Najron nasorolaridan boʻlgan oltmish kishilik delegatsiyani masjidga joylab ularga koʻrsatilgan iltifot, Makka mushriklari bilan Hudaybiyada tuzilgan sulh shartnomasi va Makka fath etilgach, mushriklarning umumiy afv etilishi kabi voqealar bagʻrikenglikning yorqin amaliy namunalaridan hisoblanadi. Hattoki Najron nasarolari masjidi nabaviyda oʻz ibodatlarini Baytil Maqdisga qarab bajarishlariga ruxsat berilgani diqqatga sazovor.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom dinida insonlarni turli dinlarga eʼtiqod qilishi Allohning xohishiga koʻra boʻladigan ish ekani musulmon kishi oʻziga yuklatilgan vazifani bajarishga masʼul ekani taʼkidlangan. Turli din vakillari, xususan, ahli kitoblar hisoblangan yahudiy va nasroniylar bilan agar ular musulmonlar bilan tuzilgan bitimni buzishmasa, iliq munosabat oʻrnatishga chaqiriladi. Albatta, bagʻrikenglik turli din vakillarini bir zaminda bahamjihat, hamkorlikda yashashga chaqiradi.
Demak, Islom dini musulmonlarni oʻz dindosh birodarlariga va barcha insonlarga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda, oʻzaro tinchlik va totuvlikda boʻlgan boshqa din vakillariga ham yaxshilikda va mehr-shavqatda boʻlishlariga buyurgan.