Home / YANGILIKLAR / Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy hayotimizda ham katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Muqaddas dinimizning tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini, islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarni shu ruhda
sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish borasida keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Ayniqsa, yurtimiz mo‘min-musulmonlari xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat va xayru saxovat ramzi bo‘lib kelgan muqaddas Ramazon oyini katta shodu xurramlik va shukronalik bilan kutib olib, ezgu amallarni ado etmoqdalar.

Ushbu muborak oyning jamiyatimiz hayotida tinchlik-barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning diniy-ma’naviy qadriyatlarini asrash va rivojlantirish borasidagi ahamiyatini hisobga olib hamda uni har tomonlama munosib o‘tkazish maqsadida:

2021 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 13 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini karantin qoidalariga rioya qilgan holda milliy an’ana va qadriyatlarga mos va munosib holda o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan
hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti            Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2021 yil 8 aprel

Manba: UzA

Check Also

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. 2023-yil yanvar …