Home / ALLOMALAR / ABDURAHMON AVZOʼIY HAYOTI VA FAOLIYATI

ABDURAHMON AVZOʼIY HAYOTI VA FAOLIYATI

Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr ibn Yuhmad Avzoʼiy 88/707 yilda tugʻilgan.

Tarixchilar uning tarjimai holida tugʻilgan joyi borasida ixtilof qilganlar. Manbalarda, uning tugʻilgan joyi Baolbek, kelib chiqishi Quboʼning Karak qishlogʻidan boʻlgan, keyin onasi uni Bayrutga olib ketgan, deyiladi. Boshqa bir manbada Damashqda Bob al-Farodis atrofidagi Avzoʼ degan joyda tugʻilgan, degan rivoyat ham bor.

Imom Avzoʼiy “Imom”, “Hofiz”, “Bayrut, Shom atrofidagi yerlar, Magʻrib va Andalusning imomi” kabi nisbalar bilan sharaflangan. Unga berilgan “Avzoʼiy” nisbasi “Avzoʼ” qabilasi nomidan olingan.

Avzoʼiy faqihmuhaddis, tabaʼa tobeʼinlardan biri va oʻz davrida Shom ahlining imomidir. Uning laqablariga “Livandagi mushtarak hayotning imomi” nomi ham qoʻshiladi. Chunki u oʻz davrida Shomlik yahudiy va nasroniylar bilan yaxshi munosabatda boʻlgan. Abbosiylar xalifasi Abu Jaʼfar Mansurga qarshi qatʼiy turganligi uchun “Nasroniylarning himoyachisi” deb ham atalgan.

Abu Jaʼfar Mansur nasroniylarning bir qismi abbosiylar xalifaligiga qarshi bosh koʻtarganida, ularni hammasini koʻchirib yuborishga qaror qiladi. Shunda Avzoʼiy: “Ularning bir qismi qoʻzgʻalon koʻtargani uchun barchalarini koʻchirib yuborish xatodir”, deb xalifaga qarshi chiqqan va bir guruhning aybi uchun hammani jazolash nooʻrin ekanligini taʼkidlagan. Shundan soʻng xalifaning qarori bekor qilinib, nasroniylar jazodan qutilib qoladi[1].

Otasi yoshlik chogʻida vafot etgan Avzoʼiy, yoshligidan yetimlik va faqirlikda oʻsdi. Bir qancha vaqt Damashqda yashab, keyinchalik Halab, Hama, Qinnasrin va boshqa joylarga koʻchib yurdi. Keyin onasi bilan Bayrutga borib oʻrnashdi.

Manbalarda shunday deyilgan: “U otasini erta yoʻqotdi. Uni onasi shunday xulq sohibi qilib tarbiyaladiki, sulton ham bunday qila olmagan boʻlardi”[2].

Tarixchilar, faqihlar va olimlar Imom Avzoʼiyning otasi haqida uning oʻzi aytgan narsalardan tashqari hech narsa aytishmagan va onasi yoki togʻalari haqida maʼlumotlar keltirmagan. Faqat uning bitta amakisi borligini zikr qilganlar, xolos.

Maʼlum boʻlishicha, Avzoʼiy uylanib, farzand koʻrgan. Ammo uning oila va farzandlari haqida maʼlumot kam. Aniq narsa shuki, u bir necha bor uylangan. Uchta qiz va bitta oʻgʻil koʻrgan. Qizlaridan ikkita nabirasi boʻlgan[3].

Ibn Asokir uning xotini haqida maʼlumot berar ekan, uning ismi “Juvayriya” ekanidan boshqa narsani aytmagan[4]. Avzoʼiy unga beva holida uylangan. U Abu Saʼid Yahyo ibn Abdulloh Bobullitiyning onasi boʻlgan.

Imom Avzoʼiy ulgʻaygach, Yamomaga safarga chiqdi. Bir kuni u masjidda namoz oʻqiyotganida Yahyo ibn Abu Kasir uni koʻrib qoladi. Yahyo uning namoz oʻqishini maʼqullab, uning ahvoli haqida soʻradi. Ahvoli haqida unga gapirib beradi. Suhbatlashish jarayonida Avzoʼiy Yahyo ibn Abu Kasirning ilmidan hayratda qoldi va undan ilm olishni lozim tutadi.

Imom Avzoʼiy Yahyo ibn Abu Kasirdan hadislar eshitib, undan koʻplab hadis rivoyat qildi. Odamlar Avzoʼiyni Yahyo ibn Abu Kasir va undan rivoyat qilganlar ichida eng koʻp rivoyat qiluvchirogʻi, deb hisoblaganlar[5].

Bir qancha vaqt oʻtgandan soʻng Yahyo ibn Abu Kasir unga Basra tomon borishni maslahat berdi. U 110/728 y. Hasan Basriy va Muhammad ibn Siriyndan hadis eshitish uchun Basraga bordi. U yerga borganida Hasan Basriy vafot etgan va Ibn Siriyn umrining oxirgi kunlarini yashayotgan boʻlib, bir necha kun oʻtib vafot etadi. Shu sababli Avzoʼiy undan ham hech narsa eshita olmaydi.

Biroq, u Qatoda ibn Diʼoma va Basraning boshqa olimlaridan hadis tingladi. Soʻngra ilm izlab mamlakatni aylanib chiqdi va Makkada Ato ibn Abu Rabohdan, Madinai Munavvarada Muhammad Boqirdan va Shomda Makhul Huzaliy, Ibn Shihob az-Zuhriy va b.lardan hadis eshitdi[6].

Imom Avzoʼiy “Ilm talabida safar qilish” qoidasiga qattiq amal qilgan. Shuning uchun u Shom shaharlari, Yamoma, Basra, Madina va Quddusda bir joydan boshqa joyga oʻtib yurgan. Koʻp marotaba hajga borgan. Shunday ilm safarlari sabab u diniy va sharʼiy ilmlarga chuqur kirib borgan.

Avzoʼiy oʻz davrida koʻpchilik olimlardan fiqh va b. ilmlarda shijoat jihatidan ustunroq boʻlgan. U 13 yoshida fiqhiy masalalarda va 17 yoshida aqidaviy masalalar boʻyicha fatvo bergan.

Imom Avzoʼiy Basra, Kufa, Makka, Madinai Munavvara, Damashq va Yamomada Ato ibn Abu Raboh, Abu Jaʼfar Muhammad Boqir, Amr ibn Shuayb, Makhul, Qatoda, Qosim ibn Muxaymara, Robiyʼa ibn Yazid Qosir, Bilol ibn Saʼd, Zuhriy va boshqa koʻplab tobeʼinlardan hadis eshitib, ilm oʻrgandi.

Ibn Shihob Zuhriy va Yahyo ibn Abu Kasir (ikkalasi uning ustozi), Shuʼba, Savriy, Yunus ibn Yazid, Abdulloh ibn Alo ibn Zabr, Molik ibn Anas, Saʼid ibn Abdulaziz Tanuxiy, Ibn Muborak, Abu Isʼhoq Fazoriy, Ismoil ibn Ayyosh, Yahyo ibn Hamza Qoziy, Baqiyya ibn Valid, Valid ibn Muslim, Muofa ibn Imron va boshqalar Imom Avzoʼiyning shogirdlari hisoblanadi.

Imom Avzoʼiyning mavqei uning zamondoshlari orasida, ayniqsa, Shomda yuqori edi. Ular uchun uning buyrugʻi sultonning buyrugʻidan koʻra azizroq boʻlgan. Shuning uchun koʻplab ulamolar va faqihlar Avzoʼiy shaxsiga tasannolar aytishgan.

Ibn Saʼd aytadi: “U ishonchli, yaxshi, fazilatli, ilm, hadis va fiqhda koʻp ishonsa boʻladigan, hujjatli kishi edi”.

Abdurrahmon ibn Mahdiy aytadi: “Albatta, ularning zamonidagi odamlar toʻrttadir: Basrada Hammod ibn Zayd, Kufada as-Savriy, Hijozda Molik va Shomda Avzoʼiydir”.

Zamra ibn Rabiʼa aytadi: “Biz hijriy 150-yilda Avzoʼiy bilan birga haj qildik. Men hech qachon uning choʻzilib yotganini koʻrmadim. U kechasi ham, kunduzi ham namoz oʻqirdi. Agar qovoqlari yumilib ketsa, egarga suyanardi”.

Imom Avzoʼiy ikki muhim siyosiy hukmronlik davrida yashagan. U umaviylar sulolasining oxiri va abbosiylar davlati tashkil etilishining guvohi boʻlgan. Xalifalardan Valid ibn Abdulmalik, Sulaymon ibn Abdulmalik, Umar ibn Abdulaziz, Yazid ibn Abdulmalik, Hishom ibn Abdulmalik, Valid ibn Yazid, Yazid ibn Valid, Ibrohim ibn Valid, Marvon ibn Muhammad, Abul Abbos as-Saffoh va Abu Jaʼfar Mansurlar bilan bir davrda yashagan.

U xalifalar bilan yaxshi munosabatda edi. Ammo qozilik masalasida u umaviy va abbosiylar davrida bu mansabidan bosh tortgan. Qachonki, Yazid ibn Valid voliy boʻlganida, bittagina majlisda oʻtirib, soʻng isteʼfo berib, vazifasidan boʻshagan[7].

Imom Avzoʼiy 157/774 y.i safar oyining 28 kuni yakshanba kuni yetmish yoshga yaqinlashganda Bayrutda vafot etgan.

Imom Avzoʼiy Bayrut janubidagi “Hantus” qishlogʻiga dafn etiladi. Uning qabri ustiga maqbara va “Avzoʼiy masjidi” nomli masjid barpo qilingan. Yillar oʻtishi bilan qishloqning nomi ham Avzoʼiy nomiga oʻzgargan. Madinada islomshunoslik fakulteti tashkil etilgan boʻlib, u “Imom Avzoʼiy islomshunoslik fakulteti” deb nomlanadi.

Ravshan ELMURODOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Ahmad ibn Yahyo ibn Jobir ibn Dovud Balazuriy. Futuhul buldon. 2-juz. ‒ Bayrut-Livan: “Dor va maktabatul hilol”, 1988 yil. ‒ B. 167.
[3] Hasson Aliy Halloq. Mavsuatul oilatil Bayrutiyya. 1-juz. ‒ Bayrut-Livan: “Dorun nahzotil arabiyya”, 2010 yil. ‒ B.51-52.
[4] Ibn Asokir. Tarixi Dimashq.
[5] Abu Naim Asbahoniy. Hilyatul avliyo va tabaqotul asfiyo.
[6] Shamsiddin Zahabiy. Siyari aʼlomu-n-nubalo. 6-nashr. Avzoʼiy Abdurrahmon ibn Amr ibn Yuhmad. ‒ Bayrut: “Muassatu-r-risala”, 1985-yil.
[7] Abu Zurʼa Dimashqiy. Tarixi Abu Zurʼa Dimashqiy. Xalil Mansur tadqiqi. ‒ Bayrut-Livan: “Dorul kutubil ilmiyya”, 1996 yil.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …