Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetida “Milliy va diniy qadriyatlarda ayollarga munosabat” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari, mazkur oliy oʻquv yurti oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Maʼlumki, azaldan har qanday jamiyatning madaniy saviyasi va maʼnaviy barkamolligi ayollarga boʻlgan munosabat bilan belgilangan. Ayolni eʼzozlash, unga ehtirom koʻrsatish oʻzbek xalqiga xos xususiyatdir. Hadisi shariflardagi “Jannat onalar oyogʻi ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga va yana onangizga, soʻng otangizga yaxshilik qiling”, degan benazir soʻzlarda ham ana shu ehtirom namoyon boʻladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlash, huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila institutini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
– Dinimizda har bir insonning, u xoh erkak boʻlsin, xoh ayol boʻlsin, jamiyatda oʻz mavqei, oʻrni va hurmati bor. Alloh taolo har bir jins vakiliga uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatiga mos, adolatli martaba ato etgan. Oʻrni kelganda shariatimiz manbalarida ayolga munosabat qanday ekanini oʻrganib chiqish foydadan xoli emas. Chunki musulmonlar orasida ayollarni qadrlaydigan, hurmatini joyiga qoʻyadiganlar koʻp boʻlgani kabi gohida ularning zaifaligini suisteʼmol etib, haq-huquqlarini poymol qiladiganlar ham uchrab turadi, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Markaz ilmiy xodimi T.Evadullayev.
Uning aytishicha, islom tarixiga nazar solsak, johiliyatda ayollar huquqlari boʻlmagan hisob. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki oʻzlari bir buyum sifatida merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qoʻliga qurol olib jang qila olmaydi, asir tushib nomusimizni yerga uradi, kambagʻallikka sabab boʻladi, deb qiz tugʻilgan chaqaloqlarni tiriklay koʻmish hollari tez-tez uchrab turar edi. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan ziyoga olib chiqqan dinimiz bu masalani ham adolatli hal qildi.
Yoshlarni madaniy, tarixiy anʼanalarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻrgatish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etilib, mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.