Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Respublikada turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “20172021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–6155-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilinayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita):

a) “Uzbekistan Airports” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda:

bir oy muddatda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Fargʻona – Urganch – Fargʻona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslarini yoʻlga qoʻyish va Andijon – Xiva – Andijon temir yoʻl qatnovi sonini oshirish;

2021 yil 1 aprelga qadar Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha doimiy temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;

b) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan aviareyslarni va temir yoʻl qatnovlarini, shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Fargʻona vodiysiga qatnov yoʻnalishlari boʻyicha aviareyslarni subsidiyalash nazarda tutilsin;

v) turoperatorlar bilan birgalikda subsidiyalash mexanizmini qoʻllagan holda boshqa avia va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

3. Qoʻmita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlarini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

a) turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish;

b) kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar
uchun Oʻzbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;

v) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subyektlar boʻyicha:

yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish;

ular tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros obyektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish rejasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 2-ilovaga muvofiq;

Xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targʻib qilish chora-tadbirlari rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha va koʻchirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam boʻlmagan muddatga belgilanadi;

ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam boʻlmagan “oilaviy sayohat taʼtili” tizimi joriy qilinadi. Bunda, “oilaviy sayohat taʼtili” yillik asosiy taʼtil hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi;

2021 yil 1 martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda turistik (mehmonxona) yigʻim undiriladi. Bunda, turistik (mehmonxona) yigʻim ichki turizmni targʻib qilish va ragʻbatlantirish, turizm mavsumi past boʻlgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

xorijiy aviakompaniyalarning Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan xorijiy turistlarning Oʻzbekiston Respublikasiga sayohatlarini tashkil etishga qaratilgan hamda “Umra+” dasturi doirasidagi Oʻzbekiston Respublikasiga aviaparvozlari, qoʻnish va uchish xavfsizligi qoidalaridan tashqari, toʻsqinliksiz amalga oshiriladi;

respublikaning turizm namoyishi obyektlarini keng targʻib qilish, fuqarolarni boy tabiiy, madaniy va tarixiy meros obyektlari bilan tanishtirish hamda ichki turizmni ommalashtirishga qaratilgan (tijorat maqsadlarni koʻzlamagan) axborot maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga doir axborotga tenglashtiriladi.

6. 2021 yil 1 martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 10 kunlik muddatga oʻz yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasishu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilansin.

7. Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiyaga quyidagi vakolatlar berilsin:

xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarning turizm va investitsiya yoʻnalishlarida aviaparvozlarni tashkil etish hamda faoliyatini amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan tezkorlik bilan hal etish;

aviaparvozlarga ruxsat olish tizimini soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish, parvozlar geografiyasini “bogʻlash” prinsipi orqali kengaytirishga toʻsqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkor koʻrib chiqish va ularni hal etish;

“Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yoʻnalishlar ochish boʻyicha xorijiy kompaniyalarni jalb etish,
ularning loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish;

aeroportlarda quruqlikda xizmat koʻrsatish (ground handling) sohasini takomillashtirish, belgilangan narxlarni qayta koʻrib chiqish va maqbullashtirish orqali investitsiyalarni jalb qilish;

hududlararo yoʻnalishli avtotransport qatnovlarini kengaytirish, yangi qatnovlarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal qilish choralarini koʻrish;

temir yoʻl transporti, shu jumladan temir yoʻl vagonlari
va konteynerlar orqali tashish tizimiga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish tartibini takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish.

8. Belgilansinki:

har yili 1 iyulga qadar Qoʻmita tomonidan shakllantiriladigan roʻyxatga asosan turizm namoyishi obyektlariga olib boradigan yoʻllar qurish va taʼmirlash uchun maqsadli davlat dasturlariga kiritiladi;

2021 yil 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar
va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi.

9. Qoʻmita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi
ikki oy muddatda turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish, madaniy-koʻngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan teng ulushlarda ajratishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida byudjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish va unga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, istisno tariqasida, 200 milliard soʻm ajratish va ushbu mablagʻlar yoʻnaltiriladigan maqsadlar nazarda tutilsin.

10. Qoʻmita raisining amaldagi oʻrinbosarlari soni doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin.

Qoʻmita tashkiliy tuzilmasida 2021 yilda rejali qisqartirilishi kutilayotgan shtat birliklari hisobidan 9 ta shtat birligidan iborat Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tashkil etilsin.

11. Belgilansinki, 2021 yil 1 martdan boshlab Tashqi ishlar vazirligining masʼul shaxslari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlagan taqdirda, ularga Qoʻmita taklifiga muvofiq mukofot toʻlanadi, prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.

12. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

bir oy muddatda ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga oid 2021 yil boʻyicha asosiy prognoz koʻrsatkichlarini hamda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni tasdiqlasin;

har oy yakuni boʻyicha tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari Transport vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur Farmonga 1 va 3-ilovalardagi obyektlarga olib boruvchi yoʻnalishli avtotransport qatnovi tizimi yoʻlga qoʻyilishini, shuningdek, hududdagi aholining boshqa hududga sayohat qilishi uchun transport qatnovlari tashkil qilinishini taʼminlasin.

13. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ziyorat turizmi yoʻnalishida toʻgʻri targʻibotni yoʻlga qoʻyish va ziyorat obyektlari haqida ilmiy asoslangan maʼlumotlarni taqdim etish maqsadida, Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.

14. Qoʻmita, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetiToshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

15. Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi 2021 yil 1 avgustga qadar qadimiy ipak qogʻozi xomashyo zaxirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 64 gektar yer maydonida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qogʻozini ishlab chiqarish boʻyicha “Ipakchilik shaharchasi” turistik majmuasini tashkil etishni taʼminlasin.

16. Qoʻmita Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Fanlar Akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriyning bebaho merosini keng koʻlamda ommalashtirish va targʻib qilish maqsadida, indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu va boshqa xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi va Qoʻmita bilan birgalikda ikki oy muddatda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamolarning qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasini, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Samarqand viloyati hokimligi Qoʻmita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Samarqand shahrida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini
aks ettiruvchi tematik xiyobonni yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Buxoro viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi innovatsion muzeyni qurish va uni rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Quyidagilarga:

Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga – ichki turizmni ommalashtirish va ziyorat turizmini rivojlantirish, Dastur doirasida vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatish;

tashqi ishlar vaziri A.A.Kamilov zimmasiga – xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini tizimli targʻib qilish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish choralarini muvofiqlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga – ushbu Farmonga 3-ilovada belgilangan xorijiy mamlakatlarda ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib qilish, ulardan respublikaga aviareyslarni tashkil qilishga har tomonlama koʻmaklashish;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi A.T.Axmedov zimmasiga – ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlaridagi masʼul rahbar va xodimlarning xizmat va servis sohasidagi bilim va koʻnikmalarini muntazam oshirib borish;

transport vaziri vazifasini bajaruvchi I.R.Maxkamov zimmasiga – ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlariga yangi transport aloqalarini oʻrnatish, mahalliy va xalqaro aviareyslar geografiyasini kengaytirish va oʻz vaqtida tashkil qilish hamda “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yoʻnalishlar ochish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – ushbu Farmonga
1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlarida zarur infratuzilmani oʻz vaqtida barpo etish va ichki turizm oqimini tashkil qilishga oid 2021 yil boʻyicha asosiy prognoz koʻrsatkichlarini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar va tematik koʻrsatuvlarni tashkil etsin.

22. Moliya vazirligi Qoʻmita bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandida belgilangan soliq imtiyozlari muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
12 sentyabrdagi “Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida”gi PF–5819-son Farmoni 2021 yil 1 martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

26. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2021 yil 9 fevral

Manba: OʻzA

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …