Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 8 fevral kuni buyuk shoir va mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari va Samarqand davlat universitetining navoiyshunos olimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Markaz direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyev ochib, soʻnggi yillarda yurtimizda ulugʻ alloma va mutafakkir ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, xususan, Alisher Navoiy asarlarini chuqur oʻrganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tomonidan olimlar va yosh tadqiqotchilarga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻzladi.
– Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-maʼnaviy va ilmiy merosi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun jahonda yuksak qadrlanadi. Zero, hazratning asarlari milliy maʼnaviyatimiz va madaniyatimizni yuksaltirishda, oʻzimizga xos sharqona tafakkurni rivojlantishishda alohida oʻrin tutadi. Alisher Navoiy ijodini ulkan bir dengiz deb faraz qilsak, bugungi bilganlarimiz, navoiyshunos olimlarning tadqiqotlari shu dengizdan chiqadigan irmoqlardir, – dedi tadbirda soʻz olgan Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor B.Toʻrayev.
Turli obyektiv tarixiy sabab va omillar tufayli Navoiy asarlarining aksar qismi yaqin yillargacha chuqur oʻrganilmay kelgani, bugungi kunda mamlakatimiz rahbari tomonidan ushbu ulkan maʼnaviy merosni xalqaro miqyosda tadqiq va targʻib etish, keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani, bu yoʻnalishda hukumatning alohida qarorlari qabul qilinayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti olimlari Alisher Navoiy asarlarida komil inson gʻoyasi, davlat, jamiyat va shaxs munosabatlari, ilm-maʼrifat, Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, xayru-saxovat va ezgulik kabi oʻlmas qadriyatlarning yoritilishi haqida maʼruzalar qildi. Navoiy ijodidan namunalar oʻqildi.