Home / YANGILIKLAR / ILM VA MAʼRIFATGA TAYANGAN JAMIYAT TARAQQIYOTGA ERISHADI

ILM VA MAʼRIFATGA TAYANGAN JAMIYAT TARAQQIYOTGA ERISHADI

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari 2026–2036-yillarni mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri deb eʼlon qildi.

Prezidentimiz yangi oʻn yillikda taʼlim va malaka, sogʻliqni saqlash, zamonaviy texnologi yalar, suv va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligi, mahalla tizimini rivojlantirish hamda tinchlikparvar tashqi siyosatni qamrab olgan yetti ustuvor milliy dastur amalga oshirilishini bildirdi.

Milliy istiqlol — xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy oʻzligi va buyuk kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlagan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar ochgan buyuk qadriyat. Xalqning buyukligi, avvalo, uning tarixi, maʼnaviy salohiyati, ilmiy tafakkuri va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyati bilan belgilanadi. Oʻzining boy tarixiy merosi, yuksak maʼnaviyati va bunyod korlik anʼanalari bilan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan xalqimiz ana shunday bebaho meros bilan faxrlanadi, uni eʼzozlab kelmoqda.

Uch ming yildan ziyod davlatchilik anʼanalariga, qadimiy shaharsozlik madaniyatiga va boy maʼnaviy merosga ega xalqimizning bugungi taraqqiyot yoʻli ham ana shu tarixiy zaminga tayanadi. Mustaqillik esa bizga ushbu ulugʻ merosni chuqur anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va maʼnaviy boylikni asrab-avaylash hamda uni yangi avlodlarga yetkazish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, jonajon Vatanimiz azaldan ulugʻ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti boʻlib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-maʼrifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

Binobarin, biz oʻtmishimizga faqat faxr bilan emas, balki katta masʼuliyat hissi bilan ham qaraymiz. Zero, tarixiy merosga munosib boʻlish — ajdodlar nomini eʼzozlash bilangina cheklanmaydi. Bu, eng avvalo, ularning ilmga intilish, adolatga sodiqlik, bunyodkorlik va maʼrifatparvarlik kabi fazilatlarini bugungi hayotimizda davom ettirish demakdir.

Samarqandning oʻtmishini xalqimizning koʻp asrlik davlatchilik va madaniyati tarixidan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Bu zamin azaldan ilm-fan, savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyat rivojlangan, turli xalqlar va sivilizatsiyalar oʻzaro muloqot qilgan maskan boʻlib kelgan.

Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqandning jahoniy shuhrati oshib, chinakam yer yuzining sayqaliga aylangan. Shahar buyuk jahongirning qudratli davlati poytaxti boʻlish bilan birga ilm-fan, madaniyat, hunarmandchilik va savdo-sotiq markazi vazifa sini ham bajargan. Keyinchalik temuriylar davrida bu anʼanalar davom etgan. Xususan, Mirzo Ulugʻbek nomi bilan bogʻliq ilmiy maktab jahon astronomiyasi va matematikasi rivojida oʻchmas iz qoldirdi. Uning Samarqandda barpo etgan rasadxonasi, olib borilgan astronomik kuzatishlari va yaratgan asarlari bugun ham insoniyat tafakkurining yuksak namunasi sifatida qadrlanadi.

Samarqand zaminidan yetishib chiqqan allomalar, mutafakkirlar va davlat arboblarining hayoti bizga bir haqiqatni eslatadi: ilm va maʼrifatga tayangan jamiyatgina uzoq muddatli taraqqiyotga erisha oladi. Shu maʼnoda, buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish oʻtmishni eslashgina emas, balki bugungi islohotlarimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash hamdir.

Samarqandning xalqaro miqyosdagi nufuzi ham uning ana shu boy tarixi, betakror meʼmoriy obidalari va asrlar davomida shakllangan ilmiy- madaniy muhiti bilan chambarchas bogʻliq. Bu merosni asrash, uni dunyoga keng tanitish va kelajak avlodlarga bus-bu tun yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.

BUYUK MEROS – BUGUNGI TARAQQIYOT UCHUN MAʼNAVIY TAYANCH

Xalqimizning bir necha ming yillik tarixi, madaniyati, birinchi va ikkinchi Renessansdagi ulkan hissasini keng targʻib etish va bu anʼanalarni davom ettirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda gap ketganda, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi yirik loyihalarning amalga oshirilganini alohida taʼkidlashni istardim.

Xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriy merosini oʻrganish va keng targʻib qilish ulugʻ ajdodimiz mangu orom topgan maskanni bu zotning islom olamidagi nufuzi va salohiyatiga monand qayta bunyod etish borasida chinakamiga olamshumul ishlar bajarildi. Davlatimiz rahbarining alohida eʼtiborlari bilan dastlab bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Muhaddislar sultonining maʼnaviy merosini chuqur tadqiq etishga kirishildi.

Soʻngra majmua hududi kengaytirilgan holda, ziyoratchilarga har tomonlama qulayliklar yaratilishi hisobga olinib, yangidan bunyod etildi. Inshoot loyihasidan boshlab qurilish, obodonlashtirish ishlarigacha Prezidentimizning doimiy eʼtiborlarida boʻldi.

Majmua tarkibida eng ilgʻor axborot texnologiyalari qoʻllanilgan muzey tashkil etilishi Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan hissasini namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda bu kabi bunyodkorlik ishlari Samarqand shahridagi Imom Moturidiy ziyoratgohida olib borilmoqda. Mazkur yodgorlik majmuasi ham hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qaytadan, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratilgan holda obod qilindi. Imom Moturidiy maqbarasida rekonstruksiya ishlari olib borildi, yangi masjid va muzey tashkil etildi. Eʼtiborlisi, bu jarayonda hududda Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joy aniqlanib, ulugʻ alloma sharafiga maqbara qurildi.

18-oktabr kuni davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, “Bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta maʼnaviyat, maʼrifat, taʼlim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, oʻzligini anglasin” deb alohida taʼkidladilar.

Bunday ulugʻvor bunyodkorlik ishlari nafaqat davlatimiz qudrati, balki xalqimizning yuksak diniy-maʼrifiy salohiyatini ham namoyon etdi. Chunki bunday maskanlarning ahamiyati faqat meʼmoriy koʻrkamligi yoki sayyohlik salohiyati bilan oʻlchanmaydi. Ularning eng muhim vazifasi — ilm-maʼrifatni targʻib etish, maʼnaviy qadriyatlarni asrash, yosh avlodni ezgulik va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, ajdodlarimiz merosini zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitishdir.

UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI — ILMLI VA TASHABBUSKOR AVLOD

Bugun mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — yoshlarni zamonaviy bilimlar, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va innovatsion fikrlash koʻnikmalari bilan qurollantirishdir. Chunki har qanday buyuk taraqqiyotning asosida inson kapitali, sifatli taʼlim va erkin ijodiy muhit turadi.

Samarqand zaminida kamol topayotgan har bir yosh oʻz tarixini bilishi, buyuk ajdodlari bilan faxrlanishi barobarida, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, yangilikka intiluvchan va raqobatbardosh boʻlishi kerak. Shu maqsadda yoshlarimizning isteʼdodini roʻyobga chiqarish, ularning ilm-fan, tadbirkorlik, sanʼat va sport sohalaridagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etyapmiz. Ayni paytda viloyatimizda 15 dan ortiq oliy taʼlim muassasasi, Prezident maktabi va har bir tuman va shaharda ixtisoslashgan taʼlim muassasalari, 50 dan ortiq xususiy maktablar va nufuzli oʻquv markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Zamonaviy IT-maktab va startap loyihalar ofislari kun sayin koʻpaymoqda. Birgina shu yilning oʻzida Samar qand shahrida 5,4 gektar maydonda yoshlar kreativ parki tashkil etilib, bu yerda IT, xorijiy tillarni oʻrgatish, robototexnika oʻquv markazlari, sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessans gʻoyasining mazmun-mohiyati ham aslida shu – buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va maʼnaviy maktablarni munosib davom ettirish, yangi kashfiyotlar, zamonaviy bilimlar va yuksak intellektual salohiyat orqali mamlakatimizning taraqqiyotiga xizmat qilish.

Bu borada oila, mahalla, taʼlim muassasalari, ilm-fan tashkilotlari va davlat idoralarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Zero, maʼrifatli avlodni tarbiyalash birgina taʼlim muassasasining emas, butun jamiyatning vazifasidir.

TARIXIY MASʼULIYAT VA KELAJAK OLDIDAGI BURCH

Samarqandning buyuk tarixi bizga katta gʻurur bagʻishlaydi. Biroq bu gʻurur amaliy ishlar, aniq natijalar va xalq farovonligiga xizmat qiladigan tashabbuslar bilan mustahkamlanishi kerak.

Viloyatimizda aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, taʼlim va tibbiyot sifatini yaxshilash, shahar va qishloqlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash bugungi kundagi eng muhim vazifalarimiz hisoblanadi.

Bunda har bir hududning oʻziga xos imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mahallalardagi muammolarni manzilli hal etish, aholi bilan ochiq muloqot qilish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Chunki taraqqiyotning haqiqiy mezoni, avvalo, insonlarning hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar, ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchi va yaratilgan imkoniyatlardan qanchalik foydalana olishi bilan belgilanadi.

Ana shunday yondashuv tufayli yilning birinchi yarmida viloyatimizning yalpi hududiy mahsuloti 59,1 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga oʻsdi. Mahalliy budjet daromadlari ham muttasil oʻsib, xususan, toʻqqiz oy yakuni bilan 6 trillion 80 milliard soʻmdan oshdi. Viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklari ixtiyorida qariyb 743 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻlar shakllantirildi. Bu mablagʻlar hududlar infratuzilmasini yaxshilash orqali odamlar turmush darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy masalalarni hal etishga yoʻnaltirilmoqda.

Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat va gastronomik turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish natijasida yilning birinchi yarmida viloyatimizga 3,4 milliondan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Yil yakuni bilan chet ellik turistlar soni 6 milliondan oshishi kutilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlarimizning pirovard natijasi aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash, kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishdan iborat. Biz bu yil viloyat boʻyicha 618 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash orqali ishsizlik darajasini yil boshidagi 4,7 foizdan 4,2 foizga tushirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, 470 ta mahalla va 6 ta hududni “ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hudud”ga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Ayni paytda Qoradaryo boʻyida Samarqandning yangi maʼmuriy markazi boʻlishi kutilayotgan “Shirin” shaharchasi qurilishi boshlandi. 150 ming aholi yashaydigan shaharchada uy-joylar, xizmat koʻrsatish obyektlari, taʼlim muassasalari, madaniyat va sport muassasalari barchasi zamon talablariga mos, aqlli texnologiyalar asosida bunyod etiladi. Shuningdek, Samarqand shahrining temiryoʻl orti hududida renovatsiya dasturi boʻyicha 100 ming aholi uchun yangi turar joy massivi qurilishi ham jadal suratlarda olib borilmoqda.

Biz ajdodlarimizdan qolgan boy merosni asrab-avaylash bilan birga, kelajak avlodlarga yanada obod, farovon va imkoniyatlarga boy Vatanni qoldirishga intilishimiz shart. Buning uchun har birimiz oʻz ishimizga masʼuliyat bilan yondashishimiz, bilim va tajribamizni yurt ravnaqiga safarbar etishimiz lozim.

Ishonchim komilki, Samarqandning boy tarixiy salohiyati, mehnatsevar xalqi, iqtidorli yoshlari va bunyodkorlik anʼanalari viloyatimizning yangi taraqqiyot bosqichida mustahkam tayanch boʻlib xizmat qiladi.

Adiz BOBOYEV,
Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi
Manba: “Zarafshon” gazetasi, 2026-yil 19-noyabr, 100(24.280)

Check Also

Zarafşon vohasida naqşbandiylik: silsila va şajara (XV–XIX asrlar)

#Eʼlon #Yangiliklar #ONLAYN_SEMINAR 📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro …