Home / MAQOLA / QAZO VA QADAR HAQIDA (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

QAZO VA QADAR HAQIDA (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Qazo va qadar – Allohning azaliy sifatlari boʻlib, ularning mohiyati bandasiga maʼlum emas. Alloh barcha narsalarning qazo va qadarini belgilab qoʻygan. Dunyo va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul mahfuzga yozib qoʻyilishiga koʻra boʻladi. Lekin yozib qoʻyishi tavsif yoʻli bilandir, hukm yoʻli bilan emas, yaʼni majburiy emas. Qazo va qadar Alloh taoloning oldindan bilib, bilganiga koʻra Lavhul mahfuzda bitib qoʻyishidir.

Qazodan turli maʼnolar iroda qilinadi. Quroni karim oyatlarida koʻp oʻrinlarda qazo kalimasi turli maʼnolarda qoʻllangan. Masalan, Alloh taolo:

﴿وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ﴾

“Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni amr etdi”[1], deb marhamat qiladi. Bu oʻrinda “qazo” soʻzi “amr qilish” maʼnosida kelgan. Baʼzida qazodan “hukm” iroda qilinadi. Alloh taolo:

﴿فَاقْضِ مَا أَنْتَ قَاضٍ﴾

“Bas, nima hukm qilsang, qilaver”[2], deydi. Baʼzan esa “mukammal barpo qilish” maʼnosida keladi. Bunga Alloh taoloning

﴿فَقَضَاهُنَّ سَبْعَ سَمَوَاتٍ﴾

“Bas, yetti osmonni barpo qildi”[3], degan soʻzi misol boʻladi. Yaʼni bekamu-koʻst, mukammallik bilan yaratdi.

Qadarga kelsak, u – har bir narsani qanday boʻlishi lozim boʻlsa, shunday qilib belgilashdir: u yaxshilik yoki yomonlik, goʻzallik yoki xunuklik, hikmat yoki bemaʼnilik boʻlishidan qatʼi nazar. Shuningdek, har bir narsaning qaysi zamon va makonda voqe boʻlishini, unga qanday savob yoki jazo boʻlishini bayon qilish ham qadarga kiradi.

Qadar deganda Alloh taoloning har bir narsani oʻz oʻrni, vaqti, makoni va holatiga mos ravishda belgilab qoʻyishi nazarda tutiladi. Yaʼni, dunyoda sodir boʻladigan har bir narsa – yaxshilik yoki yomonlik, goʻzallik yoki xunuklik, hikmatli ish yoki inson nazarida bemaʼnidek koʻringan ish – Allohning ilmi va belgilashi doirasidadir. Shuningdek, narsaning qachon, qayerda va qanday tarzda sodir boʻlishi ham qadarga taalluqli.

Bandalarning barcha feʼl (ish-harakat)larini Alloh taolo yaratadi. Demak, ularning gunohu maʼsiyatlari ham Allohning qazo va qadari, yaʼni yaratishi bilan boʻladi.

Shuning uchun ulamolarimiz: “Kufrni yaratish nodonlik emas”, deydi. Alloh taolo:

﴿إِنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ﴾

“Albatta, Biz har bir narsani oʻlchov bilan yaratdik”[4], degan. Demak, bularning barchasi Allohdan ekani sobit boʻlgach, bizning barcha feʼllarimiz ham Alloh taoloning qazosi va qadari bilan boʻlishi sobit boʻladi. Banda esa oʻz feʼlida, garchi bu Allohning qazosi va qadari bilan boʻlsa ham, ixtiyorli boʻladi, majburlangan emas.

Moʻtazilalar: “Maʼsiyatlar Allohning qazosi va qadari emas. Chunki Alloh taolo qazosiga rozilikni vojib qilgan. Agar kufr ham U Zotning qazosi bilan boʻlganda, albatta, kufrga rozi boʻlish bizga vojib boʻlardi”, degan.

Ahli sunna olimlari esa bunga quyidagicha javob beradi: “Kufr bizning nazdimizda Alloh taoloning qazosi emas, maqziysidir[5]. Yaʼni, kufr – Alloh tomonidan qazo qilingan (yaʼni taqdir etilgan) narsadir, lekin uning oʻzi Allohning qazosi (amri, hukmi) emas. Biz Allohning qazosiga va kufrni botil qilganiga rozi boʻlamiz. Ammo maqziy, yaʼni kufr insonga sifat boʻlishiga rozi boʻlmaymiz. Shuni bilish kerakki, haqiqiy majburlanish kasalliklar va musibatlarda boʻladi. Chunki inson boshiga qazo qilingan kasallik va musibatlarni yoqtirmaydi. Ammo kufrga duchor boʻlgan kishi undan batamom rozi boʻladi”.

 Yanada kengroq bayon qiladigan boʻlsak, kasallik va musibat insonga majburan keladi. Inson ularni xohlamaydi. Ammo kufrda inson uni oʻz ixtiyori bilan qabul qiladi va undan rozi boʻladi. Kufr – insonning ixtiyoriy feʼli boʻlib, u kufrni tanlagani uchun masʼul boʻladi.

Masalan, Alloh taolo bir insonning kufrni oʻz ixtiyori bilan tanlashini azaldan bilgan va uning voqe boʻlishini taqdir qilgan. Shunda kufr Allohning maqziysi boʻladi. Lekin bu “Alloh kufrga buyurdi” yoki “Alloh kufrdan rozi” degani emas.

Moʻmin banda Alloh taoloning qazo va taqdiriga eʼtiroz qilmaydi. Biz Alloh taolo bir narsaning voqe boʻlishini taqdir qilgan boʻlsa, uning Alloh tomonidan taqdir qilinganiga rozi boʻlamiz. Ammo bu yerda juda muhim farq bor. Qazoning Allohdan ekanligiga rozi boʻlish – qazo qilingan har bir narsaning oʻzidan rozi boʻlish degani emas. Masalan, zulm ham Allohning ilmi va taqdiridan tashqarida sodir boʻlmaydi. Lekin Alloh zulmni buyurmagan va undan rozi ham emas.

Alloh taolo kufrni botil deb hukm qilgan. Qurʼonda ham kufr, shirk va zulm kabi narsalar maqtalgan emas, aksincha rad etilgan. Shuning uchun: “Kufr Allohning qazosi bilan sodir boʻlgan” degan gap “Alloh kufrni maʼqullagan” degani emas.

Biz qazo qilingan narsa, yaʼni kufr bizning sifatimiz boʻlishiga rozi boʻlmaymiz. Yaʼni inson: “Alloh mening kofir boʻlishimni taqdir qilgan ekan, demak, men kufrga rozi boʻlishim kerak”, deb ayta olmaydi. Allohning taqdiri bir masala, bandaning kufrni tanlashi va unga munosabati boshqa masala. Shuning uchun moʻmin: “Allohning taqdiriga roziman, lekin kufrga rozi emasman”, deydi.

Yuqorida aytilganidek, haqiqiy jabr kasallik va musibatlarda boʻladi. Nima uchun? Chunki inson kasal boʻlishni oʻzi tanlamaydi. Masalan, insonga isitma kelishi, ogʻrib qolishi, musibatga uchrashi, tabiiy ofatdan zarar koʻrishi insonning ixtiyoriga bogʻliq emas. Shuning uchun bu yerda haqiqiy maʼnoda majburlik bor. Chunki boshiga shunday narsa qazo qilingan kishi undan rozi boʻlmaydi. Masalan, odam kasal boʻlsa: “Men kasal boʻlishni xohlayman”, deb kasallikni tanlamagan. U shifo topishga harakat qiladi. Demak, kasallik insonga majburan kelgan. Bu holatda moʻmin inson unga sabr qilib, Allohdan savob umidida boʻladi.

Ammo kufrga kelsak, unga qazo qilingan kishining oʻzi undan juda qattiq rozi boʻladi. Yaʼni, inson uni qabul qiladi, soʻng unga eʼtiqod qiladi va uni maʼqul deb biladi.

Demak, inson majburmi yoki ixtiyorlimi? Insonda ixtiyor va kasb bor. Masalan, inson oldida ikki yoʻl bor: imon yoki kufr. U qaysi yoʻlni tanlashni oʻz ixtiyori bilan qiladi. Lekin uning ixtiyori, qudrati va feʼlining voqe boʻlishi ham Allohning yaratishi va taqdiri doirasida. Shuning uchun ikki haqiqat bir vaqtda toʻgʻri boʻladi: “Alloh taqdir qildi” va “Banda oʻz ixtiyori bilan qildi”. Bu ikkalasi bir-biriga zid emas.

Yana ham soddaroq misol keltiradigan boʻlsak, masalan, bir kishi qoʻli bilan birovni urdi. Bu ish – Allohning ilmida bor, Allohning qudratidan tashqarida emas va Alloh uning voqe boʻlishini taqdir qilgan. Lekin kishi: “Meni Alloh majbur qildi, shuning uchun men aybdor emasman”, deb bahona qila olmaydi. Chunki u qoʻlini oʻz ixtiyori bilan koʻtardi. Agar qoʻli kasallik sababli beixtiyor harakatlanib, birovga tegib ketsa, bu boshqa masala. Bu yerda qasd va ixtiyor yoʻq. Shu farq jabr va kasb masalasining mohiyatini tushunishga yordam beradi.

Moʻtazilalarning yomon ishlar Allohning qazo va qadari emas, degan qarashlari mashhur hadisga ziddir. Mashhur xabarda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qadarning yaxshi-yu, yomoni Alloh taolodandir”, deganlar. Bu hadis biz uchun dalildir.

Yana bir dalil quyidagi hadis: “Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda toʻrt narsa boʻlsa, u moʻmindir, kim ulardan uchtasini keltirib, bittasini berkitsa, u kofirdir: Allohdan oʻzga iloh yoʻqligiga, meni Allohning rasuli ekanimga, oʻlgandan keyin qayta tirilishiga guvohlik berish va qadarning yaxshi-yu, yomoniga imon keltirish. Kim ulardan uchtasini keltirib, bittasini berkitsa, u kofirdir”, dedilar”.

Xulosa qilganda, qazoyu qadar masalasi oʻta nozik masalalardan sanaladi. Basharning aqli ilohiy hikmatlar mohiyatini qamrab olishdan nuqsonli va koʻzlar rabboniy sirlarni idrok etishdan yiroqdadir.

Imom Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabir “Ar-Raddu ala ahlil ahvo” asarida keltiradi: “Bir kishi Ali ibn Abu Tolibga: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir chuqur dengizdir, unga shoʻngʻima”, dedi. U yana: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir qorongʻu yoʻldir, unga qadam bosma”, dedi. U yana: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir Allohning siridir, uni bilishga urinma”, dedi”. Baʼzi rivoyatlarda “uni taftish qilma” deyilgan. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning qazo va qadar masalasida haqni qanday ochiqlab berganiga eʼtibor beradigan boʻlsak, u kishi: “Taqdir Allohning siridir. Uni bilishga urinma”, deb chuqur ketishdan qaytardi. Eng asosiy narsa – bizga qazo-yu qadrning yaxshi-yu, yomoniga imon keltirish buyurilgandir.

[1] Isro surasi, 23-oyat.
[2] Toha surasi, 72-oyat.
[3] Fussilat surasi, 12-oyat.
[4] Qamar surasi, 49-oyat.
[5] Qazo – Alloh taoloning hukmi va taqdiri. Maqziy – Allohning qazosi oʻlaroq bandada voqe boʻlgan narsa, yaʼni qazo qilingan narsa, qazo hukmi ostida voqe boʻlgan narsa.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Zamonaviy oʻquvchi-talabaning 77 ta zamonaviy odobi

Zamonaviy OʻQUVCHI-TALABANING 77 ta zamonaviy ODOBIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:  KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA …