Home / FOTO LAVHALAR / Afgʻonistonda xalqaro konferensiyada Markazimiz vakillari ham ishtirok etmoqda

Afgʻonistonda xalqaro konferensiyada Markazimiz vakillari ham ishtirok etmoqda

3-7-oktyabr kunlari Afgʻoniston poytaxti Qobul shahrida buyuk hanafiy faqihi va allomasi Burhoniddin Margʻinoniy xotirasiga bagʻishlangan “Imom Burhonuddin Margʻinoniy ilmiy merosining zamonaviy islomshunoslikdagi oʻrni va mavqei” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Nufuzli anjumanda yurtimizning diniy-maʼrifiy soha vakillaridan iborat delegatsiyasi tarkibida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukurillo Umarov va Mehrojiddin Amonov ham ishtirok etdi.

Anjumanning yalpi majlisida alloma bobomiz Burhonuddin Margʻinoniy oʻz hayotini islom huquqshunosligi va fiqh qoidalarini puxta tizimga solishga bagʻishlagani alohida eʼtirof etildi. Xususan, uning qalamiga mansub “Bidoyatul mubtadiʼ” asari, 80 jilddan oshib tugallanmay qolgan “Kifoyatul muntahiy” sharhi hamda 13 yil davomida tinimsiz sayqal berib yozilgan shoh asar – “Al-Hidoya”ning bizgacha yetib kelgani butun islom olami uchun katta ilmiy yutuq ekani taʼkidlandi.

Sh.Umarov oʻz maʼruzasida Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk hanafiy faqihning hayot yoʻli, ilmiy merosi hamda “Al-Hidoya” asariga yozilgan mashhur sharhu hoshiyalarning akademik tahliliga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, asarning nafaqat Sharq, balki Gʻarb ilmiy va huquqiy maktablari, xususan, qiyosiy huquqshunoslik va islom moliyasi sohalaridagi dolzarbligini ochib berdi.

M.Amonov esa Burhonuddin Margʻinoniy ilmiy merosining islom huquqshunosligi va faqihlar faoliyatidagi oʻrni, alloma qoldirgan boy ilmiy xazinani yosh avlodga yetkazish masalalariga eʼtibor qaratdi.

Shu bilan birga, anjuman doirasida Kobul shahridagi “Kalimot” ilmiy-tadqiqot markazi bilan oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan qator muhim amaliy takliflar ilgari surildi. Xususan, ikki ilmiy muassasa oʻrtasida yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish, birgalikda xalqaro konferensiyalar oʻtkazish, Imom Buxoriy merosini chuqur oʻrganish hamda “Buxopodan Balxgacha – islom tarixi” yoʻnalishida qoʻshma ilmiy-tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar ikki mamlakat xalqlarini bogʻlab turuvchi tarixiy, ilmiy va maʼnaviy aloqalarni yanada rivojlantirish, umumiy merosni chuqur oʻrganish va hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga koʻtarilayotgani, xususan, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Afgʻonistonda tinch, osoyishta hayot barqaror topishi yoʻlida ilgari surilayotgan tashabbuslar, Balx viloyatida muhtasham Imom Buxoriy madrasasi barpo etilayotgani kabi xayrli ishlar yuksak baholandi.

Tadbir doirasida konferensiya ishtirokchilariga Burhonuddin Margʻinoniy hayoti va boy ilmiy merosiga bagʻishlab chop etilgan yangi kitoblar taqdim qilindi.

Safar davomida delegatsiya aʼzolari Kobul shahridagi “Kalimot” ilmiy-tadqiqot markazi va Milliy muzeyda boʻlib, bu maskanlardagi ilmiy-maʼrifiy muhit bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur bogʻi va maqbarasi, shuningdek, Sulton Mahmud Gʻaznaviy va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy maqbaralarini ziyorat qilib, ulugʻ ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda SWAN X 2026 xalqaro anjumani boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 6-oktyabr kuni Nabaviy meros boʻyicha X xalqaro anjuman – SWAN …