Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / HALOL SAVDO BARAKALI BOʻLADI

HALOL SAVDO BARAKALI BOʻLADI

Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan savdo-sotiq haqida soʻradim. U zot sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ikki savdolashuvchi bir-biridan ajralmagunicha savdoni davom ettirish yoki bekor qilish ixtiyoriga ega. Ular rost gapirib, savdoga tegishli narsalarni ochiq bayon qilsa, savdosiga baraka beriladi. (Nimalarnidir) yashirib, yolgʻon gapirsa, savdosining barakasi ketadi» [Imom Buxoriy rivoyati].

Hadisdan olinadigan foyda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hadis orqali savdo-sotiqda halollik, rostgoʻylik va ochiqlik naqadar muhim ekanini taʼkidlaganlar. Sotuvchi mahsulotning sifati va nuqsonlarini xaridordan yashirmasligi, xaridor esa savdoda aldov va yolgʻondan saqlanishi lozim.

Savdoning qadr-qimmati faqat moddiy foyda bilan emas, balki undagi baraka bilan belgilanadi. Rostgoʻylik va halollik barakaga sabab boʻlsa, yolgʻon, aldov va nuqsonlarni yashirish savdoning barakasini ketkazar ekan.

Quyidagi ikki vektorni unutmang!

ROSTGOʻYLIK → ISHONCH → BARAKA

YOLGʻON → ALDOV → BARAKANING KETISHI

Nurmuhammad Matkarimov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HALOL KASB – BARAKA OMILI

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, albatta, sizlardan biringiz arqonini olib, …