Halollik va rostgoʻylik insonning shaxsiy fazilatlari boʻlish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini taʼminlaydigan muhim milliy, diniy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlardir. Insonlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, adolat, hurmat va hamjihatlik qaror topishi koʻp jihatdan har bir shaxsning halollik va rostgoʻylik tamoyillariga qay darajada amal qilishiga bogʻliq. Shu maʼnoda, bu ikki xislat nafaqat shaxsiy xulq-atvor meʼyori, balki oila va jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantiruvchi muhim omil hisoblanadi.
Islom dinida halollik va rostgoʻylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, oʻzgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgoʻy va adolatli boʻlish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi masʼuliyatini ham belgilaydi.
Halollik va rostgoʻylik insonning maʼnaviy boyligini, yuksak axloqiy fazilati va komillikka intilishini namoyon etuvchi muhim mezonlar hisoblanadi. Bunday inson soʻzi va amalida haqiqatga sodiq boʻladi, har qanday vaziyatda ham adolat va vijdoniylik tamoyillariga rioya etishga harakat qiladi. Shu bilan atrofdagilarning ishonch va hurmatini ham qozonadi.
Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning koʻplab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgoʻylikka daʼvat qilish, har doim halol boʻlishga undash, aldov va yolgʻon guvohlik berishdan qaytarishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Alloh taolo Nahl surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolgʻon soʻzlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina toʻqiydilar. Aynan oʻshalarning oʻzlari yolgʻonchilardir”.
Oyatning nozil boʻlish sababi Makka mushriklarining Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz daʼvolarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolgʻonchilikda ayblaganidir.
Aslida, yolgʻonni faqat imonsiz kishilargina toʻqiydi. Chunki moʻmin kishi yolgʻonni katta gunoh deb biladi. Yolgʻon sababli qiyomatda azobga qolishdan qoʻrqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgoʻy boʻlishga intiladi. Hatto oʻz manfaatiga zid boʻlgan holatlarda ham haqiqatni aytishni Afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom taʼlimotida halollik va toʻgʻrisoʻzlik maqtalgan, yolgʻon gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar.
Abdulloh (ibn Masʼud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Rostgoʻylikni oʻzingizga lozim tutingiz (rostgoʻy boʻlingiz)! Chunki rostgoʻylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (oʻta rostgoʻy) deb yozib qoʻyiladi. Yolgʻondan saqlaning! Chunki yolgʻon fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa doʻzaxga yetaklaydi. Kishi yolgʻon gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (oʻta yolgʻonchi) deb yozib qoʻyiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning oʻrtasida shubhali narsalar bor. Koʻp odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obroʻyini pok saqlaydi…” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu oʻrinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka daʼvat etmoqdalar. Chunki halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, soʻzida, oilaviy munosabatlarida, taʼlim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi oʻzaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgoʻylikka intiladi. Oʻzgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq boʻlishga intiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish bilan birga, jamiyat aʼzolari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgoʻylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar oʻrtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi muhim maʼnaviy-axloqiy asosdir. Islom taʼlimotidagi halollik, rostgoʻylik, adolat va omonatdorlikka oid koʻrsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi oʻrni naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Har bir inson oʻz hayoti va faoliyatida halollik, rostgoʻylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi
| Yoʻldoshxon ISAYEV, |
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





