Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qoʻyishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.
Hozirgi kunda eng dolzarb boʻlgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan moʻmin-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida oʻzga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yoʻq. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (boʻlinish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar koʻp boʻlgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qoʻshinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzgʻunchilar aynan oʻsha xavorijlarning davomchilaridir.
Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning eʼtiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida soʻz yuritiladi.
Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand boʻlmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida boʻladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki baʼzi axyorlarning (doʻst-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta boʻlsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. Soʻngra baribir oxir-oqibati jannat boʻladi, doʻzaxda abadiy qolmaydi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda boʻlaman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.
Gunohi kabira egasi laʼnatlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga boʻlib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qatʼiy tiyilishi bilan tavbasi toʻgʻri boʻladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sagʻiralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat boʻlmaydi. U gunohi sagʻira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sagʻiralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.
Shu oʻrinda xavorij, moʻtazila, murjiʼa kabi adashgan firqalarning daʼvolari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga toʻxtalsak. Bu hozirgi buzgʻunchilarga ham tegishli boʻladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va moʻtazila kabi firqalarga borib taqaladi.
Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U doʻzaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo:
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib oʻtsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun doʻzaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo:
﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ﴾
“Kofirlar uchun tayyorlab qoʻyilgan doʻzaxdan qoʻrqing”[3], degan. Doʻzax kofirlar uchun tayyorlab qoʻyilgan boʻlgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob vaʼdasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa doʻzaxda abadiy qolish ekani sobit boʻldi”, degan.
Bu daʼvo notoʻgʻri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat boʻladi. Alloh taolo:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾
“Ey imon keltirganlar, sizga oʻldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Yaʼni, U Zot qasddan odam oʻldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “moʻmin” deb atadi. Oyatning davomida
﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ﴾
“Kimga oʻz birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, oʻldirgan va oʻldirilgan kishilar oʻzaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, moʻminlar birodardirlar”[6] kalomiga koʻra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan oʻldirgan kishi gunohkor boʻladi, lekin kofir boʻlmaydi.
Boshqa bir oyatda Alloh taolo:
﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا﴾
“Agar moʻminlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bogʻiy (isyonkor) boʻla turib, ikkisi uchun ham “moʻmin” soʻzi qoʻllangan. Bogʻiylik esa islomda ogʻir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor boʻladi, lekin imondan chiqmaydi.
Xavorijlar dalil sifatida keltirgan
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib oʻtsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun doʻzaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib oʻtsa”, deyapti. “Chegaralar” soʻzi koʻplikda kelgan. Moʻmin Allohning barcha chegaralaridan oshib oʻtmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolgʻonga chiqarish) jihatdan emas, feʼl jihatdan amrga qarama-qarshi boʻlishdir. Oʻz-oʻzidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb boʻlmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan moʻmin hisoblanadi.
Moʻtazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, moʻmin ham, kofir ham emas. U oʻsha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida boʻladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, doʻzaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va magʻfirat qilinishi joiz boʻlmaydi. Chunki Alloh taolo:
﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ﴾
“Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari doʻzaxdir”[9] va
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kim bir moʻminni qasddan oʻldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.
“Fisq” lugʻatda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga boʻysunishdan chiqsa, u fosiq boʻladi.
Moʻtaziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi:
﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ﴾
“U (fosiq)larga: “Oʻzingiz yolgʻonga chiqargan doʻzaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim doʻzaxni yolgʻonga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda:
﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ﴾
“Axir, moʻmin boʻlgan odam fosiq boʻlgan odamdek boʻlurmi?! Teng boʻlmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni moʻmin bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Moʻmin kishi mutlaq fosiq emas, balki maʼsiyat (gunoh) qilgani sababli fosiq boʻladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.
Qasddan odam oʻldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan doʻzaxda abadiy qolish jazosi – oʻsha ishini halol sanab qilgani uchundir. Oʻsha ishni halol sanash kofirlik boʻladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾
“Ey imon keltirganlar, sizga oʻldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan soʻzlariga muvofiq boʻladi. Yaʼni, oʻldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan boʻladi. Abadiy doʻzaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam oʻldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, oʻldirish shart emas, balki oʻldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, oʻldirmay qoʻyib yuborsa, oʻrniga xun olsa ham boʻladi. Bunda xunni yaxshilik bilan soʻrash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.
Yuqorida moʻtazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, doʻzaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va magʻfirat qilinishi joiz boʻlmaydi” degan soʻzlari ham keltirildi. Bu daʼvo ham mutlaqo notoʻgʻri. Chunki Alloh taolo:
﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ﴾
“Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun magʻfiratlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham magʻfiratning joizligiga dalil boʻladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo:
﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ﴾
“Albatta, Alloh Oʻziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (Oʻzi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan magʻfirat mashiʼatga (Allohning xohish-irodasiga) bogʻlangan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bogʻlanganda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini Oʻz fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki
﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ﴾
“Undan (yaʼni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan soʻzlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.
Alloh taolo afvli va magʻfiratli Zotdir. Afv va magʻfirat azoblash joiz boʻlgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz boʻlmagan narsada azoblashni tark qilish afv va magʻfirat emas.
Murjiʼalar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo:
﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى﴾
“Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolgʻonga chiqarganlarga va yuz oʻgirib ketganlarga, shubhasiz, azob boʻlur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolgʻonga chiqarmasa, Uning dinidan yuz oʻgirmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.
Ularning daʼvosi notoʻgʻri ekani koʻrinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ﴾
“Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va
﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا﴾
“Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi boʻlmagan kishiga tavbani buyurib boʻlmaydi. Gunoh inson uchun zarar boʻlmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.
Umumiy qilib aytadigan boʻlsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor moʻmin boʻladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida boʻladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.
Koʻplab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo:
﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا﴾
“Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil boʻlgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa moʻmindir. U solih amallar qilgan. U vaʼda qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.
Aql yuritadigan boʻlsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi boʻlgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi boʻlmish kufrga yetib bormadi. U doʻzaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi boʻlgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past boʻlgan gunohi kabirani qilishi bilan oʻzi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi koʻpaytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan boʻlardi. Bu esa yaxshilikka oʻn barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka oʻz mislicha jazo berish haqidagi ilohiy vaʼdaga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo vaʼdaga xilof qilmaydi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





