Dr Shenoʻl CHAKMAK – Firat universiteti Ilohiyot fakulteti dotsenti(Turkiya):
Ilohiyotchi va kalom ilmi tadqiqotchisi sifatida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarimiz hayoti va merosini kitoblardan koʻp oʻrganganmiz. Bugun esa ota yurtimiz – Oʻzbekistonga kelib, ushbu mutafakkirlar maqbaralarini ziyorat qilish, tarixiy madrasalarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish baxtiga muyassar boʻldik. Bu tashrif nazariy bilimlarimizni yanada boyitdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib, bu yerdagi ilm ahli bilan yaqindan tanishdik. Tilu madaniyatimiz mushtarakligini yana bir bor his etdik. Kelgusida Markaz olimlari bilan hamkorlikda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va akademik aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Mana shunday ezgu ishlar, ilm-fan va tarixiy merosni tiklashga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va mamlakat hukumatiga oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Barcha birodarlarimizga samimiy salomim va hurmatimni izhor etaman.
Tas-ix:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





