Halollik bobida yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan allomalarning hayoti biz uchun eng goʻzal namuna. Xususan, Imom Buxoriyning otasi alloma Ismoil ham oʻz kasbida oʻta parhezkor boʻlgan, har qanday shubhali narsalardan saqlangan. U (Imom Buxoriyning otasi) oʻlim toʻshagida yotganida: “Men mol-mulkim orasida biror dirham harom yo biror dirham shubhali narsa borligini bilmayman”, degan.
Imom Buxoriyning ozgina yeri boʻlgan, uni yetti yuz dirhamga yillik ijaraga bergan. Otasidan meros qolgan tijoriy mol-mulkni muzorabaga qoʻygan (bir kishi sarmoya yotqizib, ikkinchisi ishlashi, foydada teng sheriklik qilishi shunday atalgan). Bularning daromadini ilmiy safarlarining xarajatlariga sarflagan. Ortigʻini talaba va faqirlarga ulashgan. Xalq foydasiga ham ishlatgan, masalan, Firabrda karvonsaroy qurdirgan. Yaʼni, boylikni yanada koʻpaytirish haqida bosh qotirmasdan, bor imkoniyatini ilm olishga va hadis toʻplashga sarflagan. Otasi ham aslida xuddi shuni xohlagan va buning uchun koʻp mol-mulk qoldirib ketgan edi.
Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy bunday deydi: “Abu Abdulloh Buxoriyning: “Har oy oladigan besh yuz dirham foydamning barchasini ilm yoʻlida sarflardim”, deganini eshitdim”.
Har bir inson shunday mezonlarga amal qilishi, yaʼni mol-davlatga mehr qoʻymasligi va boshqalarni ham halol mehnat qilib yashashga undashi kerak.
Davlatimiz rahbari ham odamlarni halollikka daʼvat etib, harom yoʻllar bilan boylik orttirish, oʻzgalar haqqiga tajovuz yo xiyonat qilish kabi razil sifatlardan saqlanish kerakligini bot-bot taʼkidlab keladi.
Inson oʻzi, oilasi, qaramogʻidagi qarindosh-urugʻini halol mehnat bilan boqishi va muhtojlarga muruvvat qoʻlini choʻzib, ogʻirini yengil qilishga intilishi lozim. Halollik jamiyat taraqqiyoti, insonlar halovati va farogʻati, oʻzaro mehr-oqibatlilik asosiy poydevor vazifasini bajaradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





