Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, albatta, sizlardan biringiz arqonini olib, oʻtin terib, orqasiga koʻtarib kelgani, birovning oldiga borib, bersa-bermasa, soʻrashidan yaxshidir”, deganlar.
Insoniyat tarixida oʻz mehnati bilan hayot kechirishga bu kabi targʻib boʻlmasa kerak. Birovdan bir narsa soʻrab olib, turmush kechirish oʻrniga, arqonni olib, dalaga chiqib, oʻtin terib kelib, sotish yaxshi.
Baʼzi bir kishilar oʻtin terib sotish, mardikorlik qilish yoki shunga oʻxshagan ishlarni qilishni or hisoblaydi. Ammo birovga yolvorib, bir narsa soʻrab, yeyishni oʻzlariga ep koʻradi. Yoki ayrimlar birovning haqqini turli nosharʼiy yoʻl va uslublar bilan harom qilib olib, yeyishi bilan keriladi. Holbuki, birovdan soʻrab olib, kun kechirish haqiqiy or qilinadigan ishdir. Birovning haqqini harom yoʻl bilan olish esa katta gunohdir. Aksincha, halol yoʻl bilan, peshona teri toʻkib, hayot kechirish eng toʻgʻri, eng sharafli ishdir. Rizq topish uchun qilinadigan halol mehnatning katta-kichigi, obroʻli-obroʻsizi boʻlmaydi. Eng haqiqiy obroʻ mehnat qilib, halol rizq topishdir. Eng yomon obroʻsizlik esa boshqalarning topganidan kun koʻrishdir. Islom taʼlimotlaridan uzoqda boʻlganda bu meʼyor va oʻlchovlar ham teskarisiga oʻzgaradi. Aslida tilanchilik islom jamiyatiga yot boʻlib, unda har qanday halol mehnat ragʻbatlantiriladi.
Chindan ham, haqiqiy musulmon kishi birovdan soʻrab, turmush kechirgandan koʻra oʻtin terib, sotib, kun koʻrishni afzal biladi. Har qanday sharoitda ham halol mehnati bilan hayot kechirishga urinadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





