Home / MAQOLA / HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (UCHINCHI QISM)

HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (UCHINCHI QISM)

  1. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari oʻtgan boʻlsa, (uylangan boʻlsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch boʻlgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada boʻlgan xotinlaringizning tarbiyangizda boʻlgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada boʻlmagan boʻlsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tugʻilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yoʻqdir. Yana oʻz pushti kamaringizdan boʻlgan oʻgʻillaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (yaʼni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari oʻtgan boʻlsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh magʻfiratli va mehribon boʻlgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega boʻlgan choʻrilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qoʻydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi boʻlmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin oʻzlaringiz kelishib olishingizda (yaʼni, ular oʻz ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yoʻqdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi boʻlgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].

Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom boʻlgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning baʼzilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida “Magar ilgari oʻtgan boʻlsa” deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qatʼiy harom qildi.

Oxirida “Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi boʻlmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi”, yaʼni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.

Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yoʻllar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan boʻlsa-da, nikohi harom boʻlgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni oʻz ammasi bilan yoki bir ayolni oʻz xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin boʻlgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom boʻladigan darajada yaqin boʻlsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.

Xoʻsh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qurʼoni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yoʻq, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya taʼkidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: “Paygʻambar oʻzi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar” [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham toʻliq kiradi.

  1. Haq taolo bunday amr qiladi: «(Ey Muhammad! Qurʼonni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qoʻya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni oʻqisak, siz ham ergashing! Soʻngra uni (Qurʼonni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qurʼon oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qurʼon keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qurʼonni u zotning qalblariga muhrlab qoʻyishni, uni Jabroil oʻqiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning maʼnolarini u zotning oʻzlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni Oʻz zimmasiga oldi.

Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qurʼonni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qoʻya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni oʻqisak, siz ham ergashing!» – yaʼni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «Soʻngra uni (Qurʼonni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil oʻqib bergandek oʻqir edilar».

Ibn Kasir oʻz tafsirida yozadi: “Shaʼbiy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil boʻlgan”, deb aytgan».

“Soʻngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir” soʻzlari Qurʼon nozil boʻlganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo Oʻz zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh soʻzlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu oʻrindagi bayon Qurʼonning oʻzidan boshqa narsadir. Alloh taolo “Bizning zimmamizdadir” deb, bu bayonning ham Oʻz huzuridan boʻlishini taʼkidladi va “Soʻngra” bogʻlovchisini qoʻllash orqali bu sharh Qurʼon nozil boʻlganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qurʼondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy oʻlaroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana soʻzlariga qoʻshimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (yaʼni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qurʼonni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].

Davomi bor…

Nurmuhammad MATKARIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HADISLAR HAM ALLOH TAOLODAN VAHIY EKANIGA QURʼONI KARIMDAN DALILLAR (IKKINCHI QISM)

3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga roʻza kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular …