Halol kasb-hunar bobida paygʻambarlarning hayoti biz uchun eng goʻzal namunadir. Barcha paygʻambarlar oʻz rizqini halol peshona teri bilan topgan. Hammasi kasb-hunar bilan shugʻullangan. Rizq Allohdan ekanini eng yaxshi bilgan inson boʻlgani holda ham birortasi hunarsiz oʻtmagan. Odam alayhissalom dehqonchilik, Nuh alayhissalom duradgorlik, Hud va Solih alayhimassalom tijorat, Horun, Ilyos va Idris alayhimussalom tikuvchilik, Ibrohim va Lut alayhimassalom ziroat, Ismoil alayhissalom ovchilik, Dovud alayhissalom temirchilik va sovutsozlik, Yusuf alayhissalom soatsozlik, Isʼhoq, Yaʼqub, Shuayb va Muso alayhimussalom choʻponlik bilan shugʻullanganlar. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam savdogar boʻlganlar.
Demak, kasb va mehnat paygʻambar darajasidagi insonlar uchun ham sharafli ishlardan boʻlgan.
Miqdam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:“Hech kim oʻz qoʻli bilan topgan rizqdan lazzatliroq taom yemagan, Allohning Paygʻambari Dovud alayhissalom ham qoʻl mehnati bilan tirikchilik qilganlar”, deganlar”.
Dinimiz hamma sohada moʻtadil boʻlishga chaqiradi. Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qoʻymaslikni buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ikki dunyoni ham eʼtiborga olib yashaydi. Halol kasb izidan oʻzi va ahli-oilasiga pokiza rizq izlaydi.
Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri sanaladi. Zero, bajarilgan solih amallarining qabul boʻlishi, farzandlarning istiqboli va salohiyati, oilaning farovonligi aynan luqmaning halol, kasbning shariat koʻrsatmalariga muvofiq boʻlishiga bogʻliqdir. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan: “Halol rizq izlash har bir musulmon uchun vojibdir”, degan hadisni rivoyat qilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





