Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda har xil kimsalar, ayniqsa, bemazhablikni targʻib qiluvchilar tomonidan nafaqat yurtimiz ulamolari, balki mazhab asoschilari boʻlgan mujtahid zotlarga nisbatan ham axloqsiz iboralar ishlatilayotganiga guvoh boʻlib qolyapmiz. Ha, yashiradigan joyi yoʻq: internetda ulamo va ahli ilmni kamsitish, masxaralash, haqorat qilish hollari kuzatilmoqda.
Butun dunyo musulmonlari hamfikr boʻlgan, ahli ilm ijmoʼ qilgan (bir ovozdan maʼqullagan) masalalardan biri — ulamolarni masxaralash, haqorat qilish yoki kamsitishning haromligidir. Ilmli insonlar hurmatizzatga boshqalardan koʻra sazovorroq ekaniga shak-shubha yoʻq. Haq taolo: “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz” (Anbiyo surasi, 7-oyat) deb, ularning darajasini Oʻz ilohiy eʼtibori bilan yuksaltirib qoʻygan.
Alloh taolo Qurʼoni karimda ilm ahlini maqtab bunday deydi: “Ey moʻminlar! Qachonki sizlarga yigʻilishlarda “(davrani) kengaytiringiz!” deyilsa, bas, kengaytiringiz, Alloh sizlarga ham (kerak paytida keng) joy berur. Yana qachonki “turingiz!” deyilsa, darhol turingiz! Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja
(martaba)larga koʻtarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Olimga dushmanlik qilgan odam Allohga urush eʼlon qilgan kabidir. Haq taolo bilan urushga kirgan kimsa esa hech qachon gʻolib boʻlolmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh taolo: “Kim mening doʻstimga dushmanlik qilsa, unga urush eʼlon qilaman”, deydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Hajar Asqaloniy: “Allohning doʻsti — Parvardigorni taniydigan va doim Uning toatida boʻladigan olimdir”, — degan. Ibn Javziy shunday yozadi: “Kim musulmonlarning obroʻsiga til tekkizsa, ularning tirnogʻi ostidan kir qidirib, ayblarini ochishga urinsa, oʻlim kelgan paytda Alloh uning tilini shahodat kalimasini aytishdan toʻsib qoʻyadi”.
Ulamolarni kalaka qilishga urinib, turli videolarni montaj qilayotgan va ular haqida haqoratli gaplarni post sifatida joylayotganlar ajal ostonasida tili kalimaga kelmay qolishidan qoʻrqsalar boʻlardi. Ulamolarni masxara qilishga urinayotgan til, oyoq va qoʻllar qiyomat kuni oʻz egalariga qarshi guvohlik berishidan hadiksirasinlar.
Ibn Asokir esa: “Kim ulamolarni haqoratlash yoki ularga tuhmat qilishda tiliga erk bersa, vafotidan oldin Alloh taolo uni qalb oʻlimiga giriftor qiladi”, — degan.
“Abu Hanifa unday”, “Imom Buxoriy bunday” deydiganlarga har qancha tushuntirmang, tushunishni istashmaydi. “Hoy, tilingizga erk bermang, ulamolarga tosh otmang, tilingizni tiying”, deysiz, lekin befoyda.
Suhayl Andalusiy hikoya qiladi: “Bir qoʻshnimiz bor edi. Alloh unga boylik va obroʻ berib qoʻygan, juda badavlat edi. Ammo eng yomon odati — din olimlarini kalaka qilish va ularga aziyat berish edi. Bir kuni Alloh roziligi uchun unga nasihat qilganimda, meni kamsitib, uyidan haydab soldi. Allohga qasamki, oradan 20-yil oʻtib, u falaj boʻlib qoldi, mol-dunyosidan ayrildi. Muhtojlikdan shahar bozorida tilanchilik qila boshladi. Keyin birdan bozorda koʻrinmay qoldi. Oradan uch kun oʻtib, bozor orqasidagi tashlandiq, xaroba joydan jasadi topildi. Butun shahar ulamolariga aziyat yetkazgan bu insonning umri mana shunday ayanchli yakun topdi”.
Imom Navaviy shunday deydi: “Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Kim faqihga aziyat yetkazsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat yetkazibdi. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat yetkazsa, Alloh taologa aziyat yetkazibdi”, deganlar”. Bu yerdagi “aziyat yetkazish” deganda, albatta, jismoniy zarar emas, balki kamsitish, haqorat qilish, ilmni mensimaslik va obroʻsizlantirish nazarda tutiladi.
Ulamolarni haqorat qilish Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning meroslarini kamsitishga, bu esa, oʻz navbatida, Alloh taoloning diniga hurmatsizlik qilishga olib boradi.
Abdulloh ibn Muborak: “Kim olimlarni yerga ursa, oxirati barbod boʻladi; kim amirlarni yerga ursa, dunyosi barbod boʻladi; kim birodarlarini yerga ursa, odamgarchiligi barbod boʻladi”, — degan.
Olimlarni risoladagidek hurmat qilmay, haqlarini munosib ravishda ado etmay turib, farzandlarimizni el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyoga foydasi tegadigan yetuk shaxslar — olimu ziyoli, shifokoru muhandis, tadbirkor insonlar etib ulgʻaytirishning iloji yoʻq. Bu — bamisoli urugʻni yerga qadamay turib hosil kutishday gap.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga nisbatan shu qadar odob saqlagan ekanki, ilmiy masalalardan birini soʻrash uchun orqalaridan bir yil davomida yurib ham, haybatlaridan hayiqib, soʻray olmagan ekanlar.
Sufyon ibn Uyayna: “Solihlar yodga olingan joyga Allohning rahmati yogʻiladi”, — deydi.
Imom Ahmad betob boʻlib yotganida huzurida ulamolardan biri tilga olindi. Shunda u zudlik bilan oʻtirib oldi-da: “Solih kishilar tilga olinayotganda bizning yonboshlab yotishimiz odobdan emas”, — dedi.
Hozir internet tarmoqlari orqali ulamolar bilan oʻziga tortishayotgan, ularga savol berishda odobsizlik va qaysarlik qilayotganlar yuqoridagi haqiqatni yaxshilab anglab olishlari kerak. Ulamolarning hatto nomi zikr qilingandayoq hurmat koʻrsatish lozim ekan, demak, ular bilan boʻladigan har qanday muloqotda odob doirasidan chiqmaslik shart.
Qolaversa, nafaqat ilm ahliga balki har bir insonga ozor berishning eng ommalashgan va koʻpchilik eʼtibor bermaydigan koʻrinishi — insonning obroʻsini toʻkish, gʻiybat qilish, tuhmat va boʻhton toshlarini otishdir.
Imom Avzoiy: “Ahli ilmning, xususan, ularning ulugʻlari ortidan yomonlab gapirish gunohi kabiralardandir”, — degan.
Shaxsiy kuzatuv va tajribalari asosida sinovdan oʻtkazgan ulamolar shunday deydilar: “Kim ulamolarni gʻiybat qilsa, ular haqida noloyiq soʻzlarni aytsa, odamlar orasida aybini oshkor etsa va shundan keyin qilgan ishi uchun ulardan kechirim soʻrab, roziligini olmay, tavba qilmay vafot etsa, qiyomat kuniga qadar uning zurriyotidan ilm odami chiqmaydi”.
Qolaversa, bugun keng tarqalayotgan, odamlarni oʻzining domiga tortib olayotgan fitnalardan biri — ulamolarni masxaralash, ularga taʼna qilish, ahli ilmni kofirlikda ayblash, haqoratlash, aytgan gap yoki qilgan ishlarini kinoya bilan soʻzlash, shaxsi bilan birga ilmini ham kamsitish kabi illatlardir. Bu — inson imoniga zarar yetishining va yetti pushtidan olim chiqmasligining omilidir. Ulamolarimizni va ahli ilmni haqoratlashni kasb qilib olganlarning oʻzidan ham, yetti pushti va yaqinlaridan ham qorilar, ulamolar va ilm odamlari chiqmaydi. Buni unutmaslik lozim.
Xulosa shuki, oddiy insonlarni ham haqoratlash yoki ularga tuhmat qilish haromdir, gunohdir. Ammo moʻmin-musulmonlarning peshvolari va ustozlari boʻlmish buyuk allomalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish nafaqat harom, gunoh, balki fitnachining oʻzi va zurriyotlari uchun oqibati fojiali boʻlgan ishdir. Barcha buyuk zotlarga hasad qiluvchi, shunchaki ichiqoralik bilan yoki fitna maqsadida ularning obroʻsini toʻkish uchun xalq orasida turli tuhmat, boʻhton va gʻiybatlarni tarqatadigan nobakorlar har doim boʻlgan. Ularning umri ayanchli yakun topganiga tarix guvohdir. Shunday ekan, har bir banda qilgʻiliqni qilishdan oldin oqibatini sal boʻlsa-da oʻylab koʻrsinlar.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





