Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir. Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq:
Gunohga sabab boʻlmasa, ota-onaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim soʻzlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun oʻrnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; soʻragan narsalarini berish; ulardan maslahat soʻrash; ota-ona haqiga duo va istigʻfor aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir boʻlib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland koʻtarmaslik; gaplarini boʻlmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qoʻymaslik; ota-ona xatoga yoʻl qoʻysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap boʻlsa ham, ularning huzurlarida oʻzini tutish; ular yaxshi koʻradigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qoʻl choʻzmaslik; ularning oldilarida choʻzilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham doʻstlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan doʻstlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini koʻp aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular goʻdaklik chogʻimda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





