Home / VIDЕOLAR / “SAMARQAND BIZ UCHUN IKKINCHI UYGA AYLANDI” Malayziyalik olim Oʻzbekiston haqidagi xotira kitobini qanday yozgani haqida

“SAMARQAND BIZ UCHUN IKKINCHI UYGA AYLANDI” Malayziyalik olim Oʻzbekiston haqidagi xotira kitobini qanday yozgani haqida

Dr. Shukron ibn ABDURAHMON – Malayziya xalqaro islom universiteti professori:

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mehmoni, malayziyalik professor Shukran Abd Rahman Oʻzbekistonga bagʻishlangan xotira kitobi qanday dunyoga kelgani, Samarqanddagi taassurotlari va oʻzbek xalqining yuksak insoniy fazilatlari haqida soʻzlab berdi.

– Ustoz, avvalo Oʻzbekistonga yana bir bor xush kelibsiz! Samarqand haqidagi xotiralaringiz kitobga aylangan ekan. Bu gʻoya qanday paydo boʻldi?

– Katta rahmat. Samarqandga yana kelganimdan juda mamnunman. Biz bu diyorni endi oʻzimizning ikkinchi uyimiz deb bilamiz.

Oʻtgan yili Samarqandga ilk bor kelganimizda, eng avvalo, odamlarning samimiyati va mehmondoʻstligi katta taassurot qoldirgan edi. Tanish ham, notanish ham bizga juda samimiy munosabatda boʻldi.

Har kuni boshimizdan kechgan voqealarni, taassurotlarimiz va suratlarimizni Malayziyadagi farzandlarimiz bilan oilaviy WhatsApp guruhi orqali boʻlishib bordik. Bir muddatdan soʻng bu yozuvlar safar kundaligiga aylanganini angladik. Shunda ularni tahrir qilib, xotira kitobi sifatida nashr etishga qaror qildik.

Samarqandga xizmat safarimiz yakunlanishi arafasida kitobning dastlabki qoʻlyozmasi tayyor boʻldi. Vatanga qaytgach, tahrir, korrektura va nashr ishlari qilindi. Nihoyat, kitob men bu safar Oʻzbekistonga yoʻl olishimdan bir kun avval chop etildi.

– Demak, kitob ilmiy tadqiqot emas, balki shaxsiy xotiralarga asoslangan tazkira, shundaymi?

– Ha, bu akademik tadqiqot emas. Unda koʻrganlarimiz, his qilganlarimiz va boshdan kechirgan voqealarimiz aks etgan. Shu bilan birga, ayrim kuzatuvlarimizni Qurʼoni karim oyatlari va Rasululloh ﷺ hadislari bilan bogʻlashga harakat qildik.

– Bu kitobning asosiy gʻoyasi nimada?

– Ilgari Malayziyada Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar unchalik koʻp emas edi. Bugun esa Markaziy Osiyoga, ayniqsa, Oʻzbekistonga qiziqish ortib bormoqda.

Shuning uchun kitob orqali oʻquvchilarni nafaqat Samarqandning tarixiy obidalari va boy madaniy merosi, balki oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi, samimiyati va yuksak axloqiy qadriyatlari bilan ham tanishtirgimiz keldi.

Men uchun eng muhim xulosa shu boʻldiki, bu yurt haqiqatan ham hadis madaniyati bilan yashaydigan zamin ekan. Paygʻambarimiz Muhammad ﷺ hadislarida targʻib qilingan yaxshi muomala, insonlarga hurmat va ezgu munosabat bu yerda odamlarning kundalik hayotida oʻz ifodasini topgan. Bu holat «Sahihul Buxoriy»dagi ilk hadis mazmunini – “Albatta, amallar niyatlarga koʻra” ekanini yana bir bor yodga soladi.

– Suhbat uchun tashakkur!

– Men ham chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Bizga shu goʻzal yurtni ziyorat qilish, bu yerda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish va ajoyib insonlar bilan tanishish va hamkorlik qilish imkoniyatini yaratganingiz uchun samimiy tashakkurlarimizni izhor etaman.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktorining oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Otabek Muhammadiyev suhbatlashdi.

Tas-ix:

Check Also

“Xalqlar doʻstligi va bagʻrikenglik — barqaror taraqqiyot hamda yurt tinchligining mustahkam poydevori”

Tas-ix: