Home / MAQOLALAR / ULUGʻLARIMIZ HAYOTI BIZ UCHUN IBRAT MAKTABIDIR

ULUGʻLARIMIZ HAYOTI BIZ UCHUN IBRAT MAKTABIDIR

Biz dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlar vorislarimiz. Ilmiy yutuqlari va kashfiyotlari bilan jahon ahlini hayratga solgan ulugʻlarimiz bu darajaga osonlik bilan erishmagan, albatta. Ular ilmga umrini baxsh etgan, qanchadan-qancha ilmiy safar mashaqqatini boshdan kechirgan, ochlik, yupunlik kabi sinovlarga bardosh bergan. Shu bilan birga, ustoz-shogirdlik maktabining talab va qonunlariga qatʼiy rioya qilgan. Ustoz huzurida odob saqlash, iznisiz gapirmaslik, musofirlikda u yashaydigan yurt tomon oyoq uzatmaslik va boshqalar shular jumlasidandir.

Afsuski, bugun ana shunday goʻzal odob-axloq qoidalariga rioya qilmaydigan, oʻzboshimchalik bilan ilm olishga uringan ayrim kimsalar tufayli haq yoʻldan ogʻishib, zalolatga ketganlar uchramoqda. Soxta olimlarning Qurʼon va hadisdan iqtibos keltirib aytgan soʻzlariga ishonib, ulardan boshqa hech kimni tan olmaydigan kimsalar paydo boʻlmoqda. Hatto buyuk mujtahid imomlarni ham adashganga, shariat ishida Paygʻambar alayhissalom bilan raqobatlashganga chiqarayotganlar ham uchramoqda.

Darhaqiqat, buyuk salaflarimiz ilm va ilm egalarining hurmatini joyiga qoʻyish borasida biz uchun katta ibrat maktabidir. Ularning hayoti va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishar ekansiz, bunga yana bir bor amin boʻlasiz.

Abu Voildan naql qilishlaricha, Ibn Masʼud roziyallohu anhu izori (badanning pastki qismini oʻrab turadigan kiyimi)ning pochasini osiltirib yurgan bir kishini koʻrib, unga: “Izoringni koʻtarib ol!” dedi. Haligi odam: “Ey Ibn Masʼud, oʻzingiz ham izoringizni koʻtarib oling”, dedi. Ibn Masʼud: “Mening ikki boldirim oʻta ingichka, men odamlarga imomlikka oʻtaman”, dedi.

Bu voqea haqidagi gap-soʻzlar Umar roziyallohu anhuning qulogʻiga yetib borgach: “Sen Ibn Masʼudga gap qaytardingmi?!” deb, haligi odamni savalay ketdi.

Hofiz Ibn Asokir rahimahulloh musulmonlarga nasihat qilib, ulamolar, mujtahid imomlarni ayblash, odamlarda ularga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishdan qaytarib quyidagilarni aytgan:

“Ey birodar! Alloh ikkimizni ham Oʻzi rozi boʻladigan ishlarga muvaffaq aylasin. Ikkimizni ham Oʻzidan qoʻrqadigan mukammal taqvo egalaridan qilsin. Bilgilki, ulamolarning goʻshti zaharlidir. Ularning obroʻsini toʻkishga uringanlar borasida Alloh taolo qanday hukm qilishi maʼlum. Olimlarni yomonlash bilan tiliga erk bergan kimsalarni Alloh taolo oʻlimidan avval qalbini oʻldirish bilan jazolaydi. (Paygʻambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar oʻzlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!” (Nur surasi, 63-oyat)”.

Abu Dardo roziyallohu anhu: “Ilm talab qiling. Agar unga ojizlik qilsangiz, ilm ahlini yaxshi koʻring. Agar yaxshi koʻrmasangiz, ularni yomon koʻrmang”, degan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit minib olgan otning uzangisidan ushlab oladi. Shunda Zayd: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi, chetga oʻting”, degan edi u: “Ulamolarimiz va ulugʻlarimizga ana shunday muomala qilishga buyurilganmiz”, dedi.

Imom Zuhriy: “Abu Salama rahimahulloh koʻp hollarda Ibn Abbos roziyallohu anhuga qarshi fikr bildirar edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, uning koʻp ilmidan bebahra qoldi”, degan.

Iso ibn Yunusdan naql qilinadi. U: “Men Aʼmash rahimahullohning bunday deb aytayotganini eshitdim: “Anas ibn Molik roziyallohu anhu ertalab va kechqurun mening yonimdan oʻtar va men unga: “Men sendan birorta ham hadis eshitmayman. Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilding. Soʻng (zolim) Hajjojning huzuriga borib, uning yaqin odamiga aylanding”, der edim. Keyinchalik bu ishimdan koʻp nadomat qildim va Anas ibn Molikdan hadis eshitgan kishidan hadis rivoyat qiladigan boʻlib qoldim”.

Ehtimol, Anas ibn Molik roziyallohu anhu Aʼmash rahimahullohning oʻziga nisbatan beodoblik qilganini jazolash uchun unga hadis soʻzlab bermagandir. U Anas roziyallohu anhu xususida xato ish qilganini anglab yetib, nadomat qilganidan soʻng undan hadis eshitgan kishi orqali Anas ibn Molik roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilishga majbur boʻlgan va oliy sanadni qoʻldan boy bergan edi. Ehtimol, u Anas ibn Molik roziyallohu anhu vafotidan soʻng nadomat qilgan va undan hadis eshitgan kishi orqali undan hadis rivoyat qilgandir. Nima boʻlganda ham, tolibi ilm oʻz ustozidan yoki oʻzidan koʻra ilmliroq boʻlgan kishidan shubhali biror ish sodir boʻlganini koʻrib, uni munkar ish deb hisoblasa, buning uchun eng avval oʻzini va aqlini ayblashi, ustozining biror uzri bordir, degan xulosaga kelishi lozim.

Anas roziyallohu anhuning choʻrisi Jamila bunday degan: “Agar Sobit rahimahulloh keladigan boʻlsa, Anas: “Ey Jamila, menga biror xushboʻylik ber, qoʻlimga surtib olay. Chunki Sobitning onasining oʻgʻli (yaʼni Sobit) “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qoʻllariga tekkan”, deya qoʻlimni oʻpmagunicha rozi boʻlmaydi”, der edi”.

Abdurahmon ibn Azdak bunday degan: “Nofeʼ ibn Jubayr Ali ibn Husayn rahimahullohga: “Alloh Sizni magʻfirat qilsin! Siz odamlarning sayyidi va afzalisiz. (U Sizning tengingiz emas, degan maʼnoda) Siz manavi odam (Zayd ibn Aslam)ning huzuriga borib, u bilan oʻtirasizmi?” dedi. Shunda Ali ibn Husayn rahimahulloh: “Ilm qayerda boʻlsa ham borib oʻrganilishi lozim”, dedi”.

Sufyon ibn Uyaynaning huzurida turgan Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan bir masala haqida soʻrab qolishdi. Shunda u: “Ulugʻlarimiz oldida gapirishdan qaytarilganmiz”, deb javob berdi.

Ha, koʻpni koʻrgan, hayotiy tajribasi katta boʻlgan ulugʻ ustozlar huzurida nooʻrin fikr bildirish ilm ahlining ishi emas. Shuning uchun ham Abdulloh ibn Muborak yuqoridagi gapni aytib, yaxshigina saboq bergan.

Bishr ibn Horis: “Bir kishi yurib ketayotgan Abdulloh ibn Muborak rahimahullohga bir hadis haqida savol berdi. “Bu ish ilmning hurmatini joyiga qoʻyishga kirmaydi”, dedi u. Men uning bu ishini juda maʼqulladim”, degan.

Hammasi oʻz oʻrnida va oʻz vaqtida boʻlgani yaxshi. Ilm Allohning buyuk inʼomi boʻlib, hammaga ham berilavermaydi. Axir U zot ilmni “koʻp-koʻp yaxshilik” deb atamaganmi? “Ilm egalarining darajasini baland qilishni xohlaydi”, demaganmi? “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar boʻlurmi”, demaganmi? Shunday ekan, ana shu buyuk neʼmatning qadrini bilish, hurmatini joyiga qoʻyish lozim. Uni duch kelgan odamga beravermaslik, aksincha, ilmga daʼvogar insonning unga munosib yoki munosib emasligini aniqlash, shuningdek, bu yoʻldagi sinovlarga bardosh bera olish qobiliyatini ham sinchiklab oʻrganish lozimdir.

Ibrohim ibn Isʼhoq Harbiydan naql qilinadi: “Ato ibn Abu Raboh rahimahulloh makkalik bir ayolning qora tanli quli edi. Burni baqlajonga oʻxshar edi. Moʻminlar amiri Sulaymon ibn Abdulmalik ikki oʻgʻli bilan kelib, namoz oʻqib turgan ana shu qora qulning oldiga oʻtirdi. Namozni oʻqib boʻlgach, ularga orqasini oʻgirib oldi. Mana shu holatda ular Ato bilan haj amallari haqida savol-javob qildi. Soʻng Sulaymon ikkala oʻgʻliga qarab: “Oʻrningizdan turing!” degan edi, ular oʻrinlaridan turdi. Shunda: “Ey oʻgʻillarim, ilm talab qilishda sustkashlik qilmang. Chunki men manavi qora tanli qulning huzurida xor boʻlib oʻtirganimizni hech ham unutmayman”, dedi”.

Bir kishi Hasan ibn Zakvon rahimahullohning huzurida bir olimni bir nimalar bilan tilga olgan edi u: “Menga qara! Ulamolar haqida yomon gapirmaki, Alloh qalbingni oʻldiradi”, deb tanbeh berdi.

Darhaqiqat, ilm – buyuk ilohiy neʼmat. Ilm ahli Allohning suyukli bandalaridir. Insoniylik yuzasidan yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun ularni kamsitish, obroʻsizlantirish, boshqalarda ularga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishga urinish dinimizda qattiq taqiqlangan amallardan hisoblanadi. Ular paygʻambarlar kabi maʼsum zotlar emasligini, hatto eng buyuk olimlar ham baʼzan qoqilganini tushunib yetish uchun kishidan koʻp narsa talab qilinmaydi. Yetarlicha ilmga ega boʻlmay turib, allomalik, shayxlik maqomini daʼvo qilish ilm ahlining ishi emas. Alloh roziligi uchun ilm yoʻlida ustozlar etagini tutish, ularning hayotiy tajribasini oʻrganish va uni amalda qoʻllash, nihoyat, buyuk ulamolar duosini olish ilm yoʻliga qadam qoʻygan har bir insonning birlamchi vazifasi boʻlishi lozim.

Alouddin NEʼMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMNING DUNYODA TINCHLIKNI SAQLASHDAGI OʻRNI

Islom dini barcha insonlarni tinch va osuda hayot kechirish, jamiyatning farovon boʻlishi uchun harakat qilishga …