Home / XALQARO YANGILIKLAR / Yangi Oʻzbekiston tajribasi – arab dunyosi eʼtiborida

Yangi Oʻzbekiston tajribasi – arab dunyosi eʼtiborida

Misrning nufuzli “Al-Siyosiy” elektron nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Alouddin Neʼmatovning “Yangi Oʻzbekistonning jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish borasidagi strategiyasi” nomli tahliliy maqolasi chop etildi.

Maqolada XXI asrning birinchi choragida dunyoda jadal texnologik va ilmiy taraqqiyot bilan birga, mafkuraviy tahdidlar, maʼnaviy inqirozlar va mutaassiblik kayfiyatining avj olishi ham kuzatilayotgani taʼkidlanadi. Muallif jamiyatda yuzaga kelayotgan bunday murakkab sharoitda Yangi Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyilining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini batafsil yoritib bergan.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda radikalizm va ekstremistik gʻoyalarga qarshi kurashishda faqat maʼmuriy choralar yoki kuch ishlatish usullari bilan cheklanib boʻlmaydi. Bu borada eng samarali va barqaror yechim aholi, ayniqsa, yoshlarning maʼrifatini oshirish, odamlar qalbiga islom dinining asl insonparvarlik va bagʻrikenglik mohiyatini singdirishdir.

Maqolada Oʻzbekistonda buyuk ajdodlarimiz, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa mutafakkir allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etish, ularni xalqaro darajada targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Shuningdek, muallif yurtimizda tashkil etilgan, ilmiy-tadqiqot markazlari va taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan jaholatga qarshi ilm-fan va maʼrifatni asosiy qurol sifatida qoʻllash modeli xalqaro hamjamiyat, xususan, musulmon dunyosi uchun ibratli tajriba boʻla olishini asoslab bergan.

Aytish mumkinki, “Al-Siyosiy” nashrida eʼlon qilingan ushbu maqola Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan tinchliksevarlik va maʼrifiy islom tamoyillari toʻgʻri hamda oʻz vaqtida qoʻllanayotgan chora ekani xalqaro maydonda keng eʼtirof etilayotganini yana bir bor namoyish qildi.

Manba:OʻzA

Check Also

“IMOM BUXORIY – MUHADDISLAR SULTONI” VIII an’anaviy xalqaro anjuman

📢 “IMOM BUXORIY – MUHADDISLAR SULTONI” VIII an’anaviy xalqaro anjumanga taklif etamiz. 👨‍🏫👨‍💻Anjuman onlayn va …