Home / VIDЕOLAR / “MOVAROUNNAHR ALLOMALARINING INTELLEKTUAL ZEHNIYATINI ANGLASH UCHUN BU ZAMINGA KELISH LOZIM”

“MOVAROUNNAHR ALLOMALARINING INTELLEKTUAL ZEHNIYATINI ANGLASH UCHUN BU ZAMINGA KELISH LOZIM”

Usoma BOʻZKURT – Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Dijla universiteti doktoranti (Turkiya):

Ilm-maʼrifat beshigi boʻlmish Samarqandga, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ilmiy izlanishlar maqsadida kelganimga bir necha kun boʻldi.

Movarounnahr va Xuroson – islom sivilizatsiyasining eng porloq ilm markazlari. Biz asarlarini hamisha eʼzozlab mutolaa qiladigan Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi ulugʻ allomalar nafas olgan tabarruk zaminni ziyorat qilish hadis ilmi tadqiqotchisi sifatida menga cheksiz hayajon bagʻishladi. Ular yashagan muhit va madaniyatni bevosita his etish – beqiyos tajriba.

Markazda tadqiqotchi-stipendiatlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Imom Buxoriy majmuasi yaqinidan shinam turar joy ajratilgan.

Muassasa soʻnggi yillarda yuksak rivojlanish bosqichini bosib oʻtdi va koʻplab salmoqli ilmiy loyihalarni amalga oshirdi. Bu yerda har bir olim alohida ish xonasi bilan taʼminlanadi, tadqiqot mavzusidan kelib chiqib, uning Oʻzbekiston boʻylab ilmiy safarlari yuqori darajada tashkil etiladi.

Ayni paytda bir necha yil avval boshlagan “Imom Buxoriy vafotining oʻlim sotsiologiyasi nuqtayi nazaridan tahlili” va u zotning rihlatidan keyin ijtimoiy muhitda shakllangan qarashlarni oʻrganishga doir loyiham ustida ishlayapman. Bu jarayonlarni bevosita tarixiy makonda tadqiq etishni, Imom Buxoriy maqbarasi atrofidagi tarixiy va zamonaviy evrilishlarni bugungi kun nigohi bilan tahlil qilishni istardim.

Bugungi kunda masjid, muborak maqbara, ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi yaxlitlikda mukammal bir ilm-maʼrifat majmuasini (kulliyani) tashkil etmoqda. Shuningdek, sharoit shunday yaratilganiki, tadqiqotchiga Surxondaryodagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boy muzeylar bilan ham yaqindan tanishish, yaʼni Movarounnahr ilmiy muhitini yaxlit holda oʻrganish imkoniyatini beradi.

Ushbu zaminning eng bebaho boyligi – nodir qoʻlyozmalar xazinasi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi va Markaz kutubxonasi bu yoʻnalishda fundamental ishlar olib borish uchun katta imkoniyatdir.

Turkiya va boshqa mamlakatlardan qoʻlyozmalar ustida ishlash tajribasiga ega tadqiqotchilar aynan shu yerga kelishini istardim. Madaniyatimiz va qadriyatlarimiz mushtarakligi, xalqingizning samimiyati bois hech qanday begonalik his qilmay, ajoyib xotiraga aylanadigan goʻzal taassurotlar bilan ijod qilish mumkin.

Yaqinda Toshkent, Termiz va Samarqandda boʻlib oʻtgan yirik “I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi” tadbirlarida ishtirok etishga muvaffaq boʻldim. Unda 40 dan ortiq mamlakatdan 350 nafarga yaqin taniqli olim va akademik ishtirok etdi.

Markaz xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyishda beqiyos imkoniyatlar taqdim etsa-da, u birinchi navbatda yirik akademik maydondir. Bu yerga sayohat maqsadida emas, balki bebaho merosni tizimli tadqiq etish va ilm-fan rivojiga hissa qoʻshish uchun kelish lozim.

Buyuk muhaddislar diyori menda teran falsafiy mulohazalar uygʻotdi. Masalan, Shohi Zinda majmuasida peshtoqlardan biriga qadimgi dunyoning atoqli faylasufi Suqrotning hikmati bitilganiga guvoh boʻldim. Bu ramziy holat hadis ilmidagi bosh savollarimizdan biriga javob beradi: Nima uchun «Kutubi sitta» (olti ishonchli hadis toʻplami) mualliflarining deyarli barchasi aynan Xuroson va Movarounnahrdan chiqqan, qanday qilib?

Mana shu savolning amaliy javobini ushbu zamin odamlarining kuchli mantiq, falsafa va tizimli tasniflash qobiliyatiga ega boʻlgan intellektual zehniyatida koʻrdim. Bunday yuksak tafakkur salohiyati Hijoz va Bagʻdod ilmiy muhitidagi naqliy (manbaga oid) bilimlar bilan tutashganida, islom olamining eng mukammal uslubiy adabiyotlarini yuzaga keltirgan.

Turkiyadagi yosh izlanuvchilar va manbashunoslarga bu yerga kelib tadqiqot olib borishni qatʼiy tavsiya qilaman. Bu zamin xazinasidan oladigan ilmiy manfaatingiz siz taqdim etadigan tajribadan bir necha barobar koʻp va salmoqli boʻladi, doʻstlarim!

Tas-ix:

Check Also

MAʼRIFAT YOGʻDUSI: IMOM BUXORIY BUYUKLIGINING SIRI

Tas-ix: