Home / FOTO LAVHALAR / Sunʼiy intellekt va sinergetik tafakkur: Toshkentda yangi jamoaviy monografiya taqdimoti

Sunʼiy intellekt va sinergetik tafakkur: Toshkentda yangi jamoaviy monografiya taqdimoti

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida oʻzbek falsafasi va zamonaviy ilm-fani uchun muhim voqelik — “SINERGETIKA-4: Sunʼiy intellekt” nomli jamoaviy monografiyaning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Samarqand davlat pedagogika instituti olimlari hamkorligida tayyorlangan mazkur fundamental asarning taqdimotida mamlakatimizning yetakchi olimlari, akademiklar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik vakillari bilan bir qatorda ZOOM platformasi orqali masofadan turib ham koʻplab izlanuvchilar ishtirok etdi.

Mazkur yangi nashr taniqli olim, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev ilmiy rahbarligi hamda uning shogirdlari va hammualliflar jamoasi tomonidan tayyorlab kelinayotgan turkum kitoblarning mantiqiy davomidir. Eʼtiborlisi, ushbu yoʻnalishdagi dastlabki tadqiqot — “SINERGETIKA: Mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon boʻlishi” kitobi 2017-yilda chop etilgan boʻlsa, tizimli izlanishlar natijasi oʻlaroq, 2022-yilda “SINERGETIKA-2: Nazariya va amaliyot”, shundan keyin oʻtgan davrda esa “SINERGETIKA-3: Maʼnaviy meros” kitoblari nashr etilgan va keng ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan edi. Bugun taqdim etilgan toʻrtinchi kitob esa avval rejalashtirilgan sunʼiy tafakkur muammolarining sinergetik tahliliga bagʻishlangani bilan ajralib turadi.

Tadbirni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori oʻrinbosari Nasiba Xoldorova kirish soʻzi bilan ochib bergach, akademik Akmal Saidovning “Oʻzbekistonda sinergetika taraqqiyoti istiqbollari” mavzusidagi bosh maʼruzasi taqdim etildi. Unda sunʼiy intellekt davrida postneoklassik fan yoʻnalishlarini rivojlantirishning davlat va jamiyat hayotidagi strategik ahamiyati keng yoritildi.

Masʼul muharrir, professor Baxtiyor Turayev boshchiligidagi 16 fidoiy olimdan iborat mualliflar guruhi tomonidan tayyorlanib, “VORIS-NASHRIYOT”da chop etilgan ushbu jamoaviy monografiya olimlar tomonidan yuqori baholandi. Xususan, taqdimot davomida soʻzga chiqqan rasmiy taqrizchilar – professorlar Ismoil Saifnazarov, Dilbar Fayzixodjayeva, Joʻraboy Yaxshilikov hamda tahrir hayʼati aʼzolari asarning yuqori ilmiy-metodologik va falsafiy qiymatini alohida eʼtirof etdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur kitob anʼanaviy yondashuvlardan farqli ravishda, sunʼiy intellektni oddiy texnik vosita sifatida emas, balki murakkab, oʻz-oʻzini tashkil etuvchi nochiziqli tizim sifatida tahlil qilishi bilan ilm-fanda yangi sahifa ochadi. Olimlar oʻz chiqishlarida asarning fanlararo integratsiyani taʼminlashdagi oʻrni, sunʼiy intellektning ekologiya, tilshunoslik, aerokosmik monitoring, davlat boshqaruvi va ijtimoiy tizimlardagi sinergetik qonuniyatlari izchil ochib berilganiga yuqori baho berdi.

Tadbir yakunida mualliflar jamoasi, yosh tadqiqotchilar va doktorantlar ishtirokida boʻlib oʻtgan qizgʻin munozaralar ushbu tadqiqot yurtimizda sunʼiy intellekt va nochiziqli tafakkurning falsafiy va amaliy asoslarini oʻrganishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilishini koʻrsatdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

IMOM SARAXSIYNING MARKAZIY OSIYO HANAFIYLIK MAKTABI SHAKLLANISHIDAGI YONDASHUVI

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …