Home / YANGILIKLAR / “Movarounnahr – islom ilm-fani va maʼrifati markazi”

“Movarounnahr – islom ilm-fani va maʼrifati markazi”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!

Mejudi MESAUD – Jazoirdagi Batna universiteti tadqiqotchisi:

Movarounnahr – islom ilm-fani va maʼrifati markazi

Movarounnahr islom ilm-fani taraqqiyotining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan. Bu zaminda ilm ahliga yuksak hurmat koʻrsatilib, ulamolar jamiyatda alohida maqom tutgan. Ularning qadrlanishi ilmning jamiyat hayotidagi yuksak oʻrnini namoyon etgan.

Tohiriylar, Somoniylar va Saljuqiylar davrlarida Movarounnahrda ilmiy va diniy ilmlar yuksak darajada rivojlangan. Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm, Fargʻona kabi shaharlar islom olamining turli hududlaridan kelgan olimlar va tolibi ilmlar uchun muhim markazlarga aylangan. Shu bilan birga, bu yurtdan koʻplab ulamolar Bagʻdod va boshqa shaharlardagi mashhur ilm maskanlariga safar qilib, islom ilm-fani rivojiga hissa qoʻshgan.

Movarounnahrdan yetishib chiqqan muhaddislar, faqihlar, tilshunos va tarixchilar butun islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim oʻrin egallagan. Manbalarda Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm va boshqa shaharlardan Bagʻdodga borib, hadis rivoyat qilgan va taʼlim bergan koʻplab olimlar zikr qilinadi.

Bu hududda masjidlar, maktablar, madrasalar, rabotlar va kutubxonalarni qoʻllab-quvvatlagan vaqf tizimi ilm-maʼrifat yuksalishining muhim asoslaridan biri boʻlgan. Xayriya inshootlari va ilm maskanlarini barpo etishga katta eʼtibor berilgan.

Shu bois Movarounnahr “olimlar qiblagohi”, “fozillar jam boʻlgan maskan” va “davr ulamolarining markazi” kabi yuksak taʼriflarga munosib koʻrilgan. Sultonlar va vazirlar huzurida oʻtkazilgan ilmiy munozaralar esa mintaqadagi intellektual muhit va ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Isnod tizimini ijtimoiy va tarixiy nuqtayi nazardan oʻrganish Imom Buxoriy uslubining ahamiyati katta”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! Snober AHMAD – Turkiyadagi “Istanbul 29 May” universiteti dotsenti: “Isnod tizimini …