Home / YANGILIKLAR / “Imom Buxoriyning ilmiy kamoloti va buyuk merosi”

“Imom Buxoriyning ilmiy kamoloti va buyuk merosi”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!

Alqosi Mufarrih SULAYMON – Saudiya Arabistonidagi Imom Muhammad ibn Saud universiteti Shariat fakulteti professori:

“Imom Buxoriyning ilmiy kamoloti va buyuk merosi”

Bismillahir rohmanir rohim.
 
Musulmon ulamolari asrlar davomida ilm-fan, maʼrifat va tamaddun rivojiga beqiyos hissa qoʻshib kelgan. Ularning boy ilmiy merosi nafaqat islom olamining, balki butun insoniyat sivilizatsiyasining bebaho boyligi hisoblanadi.

Ana shunday ulugʻ allomalardan biri Imom Buxoriy rahimahullohdir. U nabaviy sunnatni saqlash, ishonchli manbalar asosida jamlash va keyingi avlodlarga yetkazish yoʻlida mislsiz xizmat qilgan buyuk muhaddisdir. Shu bois Imom Buxoriy bugungi kungacha butun musulmon ummati qalbida yuksak ehtirom va ulugʻ maqomga sazovor boʻlib kelmoqda.

Har qanday insonning shaxs sifatida shakllanishida oilasi, yashagan muhiti, olgan taʼlimi va hayotiy tajribasi muhim oʻrin tutadi. Ayni shu omillar insonning dunyoqarashi, ilmiy salohiyati va maʼnaviy kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Imom Buxoriy hazratlarining ilmiy yetuklikka erishish yoʻli ham shunday sermazmun va ibratlidir. U tugʻma isteʼdod, mustahkam iroda va cheksiz ilmga chanqoqlikni yuksak tarbiya, puxta taʼlim va mashaqqatli ilmiy safarlar bilan uygʻunlashtirish orqali hadis ilmining eng yuksak choʻqqisini zabt etgan. Ayniqsa, nabaviy sunnatni oʻrganish va ilmiy mezonlar asosida saralash borasida Imom Buxoriyning fitriy zakovati va noyob isteʼdodi alohida namoyon boʻlgan.

Imom Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, u zotning buyuk alloma boʻlib yetishishida toʻrtta asosiy omil muhim rol oʻynagan.

Birinchisi – oilaviy muhit. Ilm va taqvo hukm surgan xonadonda olingan tarbiya Imom Buxoriyning maʼnaviy kamoloti uchun mustahkam zamin yaratgan.

Ikkinchisi – Alloh taolo ato etgan noyob isteʼdod, oʻtkir zehn va kuchli xotira. Yoshligidan hadislarni yod olishdagi favqulodda qobiliyati va chuqur mushohada yuritish salohiyati uni tengdoshlaridan ajratib turardi.

Uchinchisi – ilm olishga cheksiz ishtiyoq va puxta taʼlim. Imom Buxoriy oʻz davrining eng mashhur muhaddislari va faqihlaridan tahsil olib, hadis ilmini mukammal egallagan.

Toʻrtinchisi – ilm yoʻlidagi mashaqqatli safarlar. U zot hadislarni bevosita roviylardan eshitish, ularning ishonchliligini tekshirish va ilmiy haqiqatni aniqlash maqsadida musulmon olamining koʻplab shahar va mamlakatlariga safar qilgan. Ana shu zahmatli ilmiy izlanishlar natijasida dunyoga «Al-Jomeʼ as-sahih»dek bebaho asar taqdim etilgayen.

Shunday qilib, Imom Buxoriy hazratlarining buyukligi nafaqat uning tugʻma isteʼdodida, balki ilm yoʻlidagi mashaqqatli mehnati, qatʼiyati, sabr-toqati va fidokorona xizmatlarida ham namoyon boʻladi. U zotning hayoti bugungi ilm ahli va yosh avlod uchun ilmga muhabbat, izlanish va fidoyilikning eng yorqin namunasi boʻlib qolaveradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Keralada Imom Buxoriy merosiga ehtirom beqiyos”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! 👤 Said MUHAMMAD – Hindistondagi Kalkutta universiteti tadqiqotchisi: “Keralada Imom Buxoriy …