Home / YANGILIKLAR / “Sahihul Buxoriy” – noyob ilmiy metodologiya va ishonchli meros timsoli

“Sahihul Buxoriy” – noyob ilmiy metodologiya va ishonchli meros timsoli

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!

Shayx Nazir Muhammad Ayyad – Misr Bosh muftiysi:

““Sahihul Buxoriy” – noyob ilmiy metodologiya va ishonchli meros timsoli”

Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asarini ulugʻlash faqat bir kitobni eʼzozlash emas, balki xabarlarni tekshirish, saralash va hujjatlashtirishga asoslangan mustahkam ilmiy metodologiyani qadrlashdir. Ayni shunday yondashuv asrlar davomida islom shariati manbalarini ishonchli saqlash, ilmiy merosni himoya qilish va aniqlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilib kelgan.

Imom Buxoriy katta ilmiy maktabning buyuk namoyandalaridan biri boʻlgan. Bu buyuk meros faqat bir allomaning emas, balki koʻplab muhaddislar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yod olish, rivoyat qilish, tanqidiy tahlil va saralash jarayonlarining samarasidir. Keyingi avlod ulamolari ham bu merosni oʻrganib, sharhlab va rivojlantirib, asrlar osha bugungach yetishiga xizmat qilgan.

Shu bois “Sahihul Buxoriy” haqida soʻz yuritish – bu butun ummatning koʻp asrlik ilmiy mehnati va tafakkuri haqida soʻz yuritishdir. Ushbu asarning bugungi kunga qadar oʻz ilmiy nufuzini saqlab kelayotgani uning zamirida mustahkam ilmiy asoslar mavjudligini koʻrsatadi.

Bizning vazifamiz faqat asarni himoya qilish yoki unga bildirilgan shubhalarga raddiya berish bilan cheklanmasligi kerak. Eng muhim vazifa – bu uning negizidagi ilmiy metodologiyani chuqur oʻrganish, keng targʻib qilish va kelajak avlodlarga yetkazishdir. Chunki xalqlarning ilmiy xotirasi, avvalo, ilmiy usul va tamoyillarni saqlash orqali davom etadi.

Bugungi kunda hadis ilmlarini, xususan, isnod, tanqid va saralash qoidalarini oʻrganish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu nafaqat buyuk ajdodlarimiz merosini asrash, balki axborot oqimi kuchaygan sharoitda haqiqatni asossiz daʼvolardan ajratish va ilmiy aniqlik madaniyatini qaror toptirishga xizmat qiladi.

“Sahihul Buxoriy”ga nisbatan bildirilayotgan ayrim shubha va notoʻgʻri talqinlarga ilmiy mezonlar asosida yondashish zarur. Ilmiy tanqid har doim ilm taraqqiyotining bir qismi boʻlib kelgan. Ammo dalil va hujjatlarga tayanmagan daʼvolarga munosib javob berish, Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar merosining ilmiy asoslarini zamonaviy tilda tushuntirish ilm ahlining muhim masʼuliyatidir.

Chunki “Sahihul Buxoriy”ga oid masalalar bir kitob doirasidan kengroq boʻlib, nabaviy sunnatning ishonchli manbalar orqali yetib kelgan ilmiy asoslariga daxl qiladi. Shuning uchun bu merosga munosabat hamisha ilmiy yondashuv, xolislik va mustahkam dalillarga tayanishi lozim.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Keralada Imom Buxoriy merosiga ehtirom beqiyos”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! 👤 Said MUHAMMAD – Hindistondagi Kalkutta universiteti tadqiqotchisi: “Keralada Imom Buxoriy …