SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!
Nuriddin XOLIQNAZAR – Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy:
““Al-Jomeʼ as-sahih” – insoniyat maʼnaviy merosining bebaho durdonasi”
Bismillahir rohmanir rohim.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!
Bugun barchamiz buyuk muhaddis Imom Buxoriy rahimahullohning shoh asari – «Al-Jomeʼ as-sahih»ga bagʻishlangan nufuzli xalqaro anjumanning ochilish marosimida jam boʻlib turibmiz.
Ushbu anjuman Imom Buxoriyning beqiyos ilmiy merosini chuqur oʻrganish, hadis ilmini rivojlantirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
«Al-Jomeʼ as-sahih» nafaqat hadis ilmining eng yuksak namunasi, balki musulmon ummatining birligi, ilm-fani, maʼnaviyati va yuksak axloqini targʻib etuvchi bebaho manbadir.
Bugungi globallashuv davrida moddiy taraqqiyot bilan maʼnaviy qadriyatlarni uygʻun rivojlantirish har qachongidan ham muhim. Ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyotga xizmat qilsa, maʼnaviyat inson qalbi va tafakkurini yuksaltiradi. Haqiqiy taraqqiyot aynan shu ikki omilning uygʻunligida namoyon boʻladi.
Asrlar davomida butun ummat «Al-Jomeʼ as-sahih» asariga yuksak baho berib kelgan. Islom ulamolarining yakdil eʼtirof etishicha, u Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli va eng sahih manba hisoblanadi. Bu esa Imom Buxoriy merosining naqadar ulugʻ va beqiyos ekanini yaqqol namoyon etadi.
Ishonamizki, ushbu xalqaro anjuman buyuk muhaddis merosini yanada keng oʻrganish, yangi ilmiy tadqiqotlarga yoʻl ochish hamda yosh avlod qalbida ilmga muhabbat va ajdodlarimiz merosiga hurmat tuygʻusini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.
Alloh taolodan ushbu anjuman ishlariga baraka ato etishini, barchamizni ilm yoʻlida sobitqadam qilishini va uning samaralarini butun insoniyat manfaatiga xizmat qildirishini soʻraymiz.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





