Home / MAQOLA / Mayda koʻringan salafiylikning oqibati ogʻir boʻladigan taʼsiri

Mayda koʻringan salafiylikning oqibati ogʻir boʻladigan taʼsiri

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi globallashuv sharoitida barcha sohalar kabi din bilan bogʻliq jarayonlar ham jadallashib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda diniy arkonlarni notoʻgʻri talqin qilish holatlari tobora avj olmoqda. Bunday vaziyatda har bir kishi bilim va axborot isteʼmoli madaniyatiga juda muhtoj boʻladi. Dinini sof saqlamoqchi boʻlgan inson toʻgʻrini notoʻgʻridan ajratib olishi uchun yetarlicha salohiyatga ega boʻlishi davrimizning eng dolzarb talablaridan boʻlib qoldi.

Hozirgi kunda oyat va hadislarni notoʻgʻri talqin qilib, odamlarni oʻz buzgʻunchi gʻoyalariga undayotgan oqimlardan biri salafiylik toifasi boʻlib, u Markaziy Osiyo mintaqasiga ham oʻzining salbiy taʼsirini oʻtkazmoqda.

Avvalo “salafiylik” iborasiga toʻxtaladigan boʻlsak, u arab tilidagi “سلف” [salaf] soʻzidan olingan boʻlib, “ajdodlar”, “avval yashab oʻtganlar” maʼnolarini anglatadi. Hadislarga koʻra, “salaflar” yo “salafi solihlar” deganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Yaʼni, bular – sahoba, tobein va tabaa tobeinlar. Ulardan keyingi davrlarda yashab oʻtgan odamlarga nisbatan “salaf” atamasi ishlatilmagan.

Keyingi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida soxta salafiylar jamoasi paydo boʻldi. Ularning aqidaviy asosi Ibn Taymiya (1263/1328) ismli shaxsga borib taqaladi. U fiqhiy-aqidaviy masalalarda ixtilof qilgani sababli ahli sunna ulamolari tomonidan qattiq tanqid qilingan va keskin raddiyalarga uchragan. Shunday boʻlsa-da, uning gʻoyalari turli mutaassib toifalarga asos boʻlib xizmat qilishda davom etyapti.

Mustaqillikdan keyingi yillarda bizning yurtimizda vahhobiylik harakati boʻy choʻzdi. Aslida salafiylik bilan vahhobiylik orasida farq yoʻq. Ularning eʼtiqod va qarashlari bir xil. Vahhobiylik salafiylikdan kelib chiqqan. Uning asoschisi Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1791) Ibn Taymiyaning fikrlariga qoʻshilishga chaqirgan.

Salafiylikning faoliyatiga eʼtibor berilsa, ular ahli sunnaning aqida boʻyicha ashʼariylik va moturidiylik taʼlimotlarini, toʻrt fiqhiy mazhab va tasavvufni inkor etadi. Fiqhiy mazhablar oʻrtasidagi juzʼiy ixtilofli masalalarni tanqid qilib, ularni ayblaydi va mazhabsizlikka undaydi. Fiqhiy-aqidaviy ixtiloflar keltirib chiqaribgina qolmay, ijtimoiy-siyosiy holatlarni tanqid ostiga olib, oʻz buzuq gʻoyalarini singdirishga urinadi. Ularning targʻiboti zamirida jihod va xalifalik gʻoyalari yotadi.

Hozirgi vaqtda salafiylik gʻoyalarining tarqalishi keng tus olmoqda. Mamlakatimiz misolida koʻradigan boʻlsak, xorijda turib, oʻzini shayx, haq daʼvatchi va islomning asl mohiyatini toʻgʻri ochib beruvchi qilib koʻrsatayotgan baʼzi salafiy daʼvatchilar mazhablarni ixtilofda ayblab, Qurʼon va sunnatga ergashish daʼvosi bilan salafiylikka, mazhabsizlikka daʼvat qilmoqda. Ijtimoiy-siyosiy vaziyatga doir ayrim holatlarni tanqid qilib, oʻz taʼsirini oshirishga urinmoqda.

Salafiy daʼvatchilar ijtimoiy tarmoqlardagi “vaʼz”larida fiqhiy-aqidaviy mazhablarni tugatish va tasavvufni inkor qilishga qattiq urgʻu bermoqda. Daʼvolari juda jimjimador. Goʻyo ular Qurʼon va sunnatga ergashayapti-yu, ixtiloflarni mazhablar keltirib chiqarayotganday.

Tarixdan maʼlumki, barcha davrlarda oʻz maqsadi yoʻlida islom aqidasi va arkonlarini notoʻgʻri talqin qilib, odamlarni haq yoʻldan ozdirishga harakat qiladigan toifalar chiqib turgan. Salafiylar ham shulardan biri. Chuqurroq tahlil qilinadigan boʻlsa, ularning gʻoyalari tarixdagi moʻtazila, mushabbiha, mujassima, karromiya kabi botil toifalarning qarashlariga oʻxshashi yaqqol koʻrinadi. Quyida ulardan baʼzilarini sanab oʻtamiz.

Salafiylar aqida borasida “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toha surasi, 5-oyat), “Yoki sizlar osmondagi Zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk surasi, 16-oyat), “Balki Alloh taolo u (Iso alayhissalom)ni Oʻziga koʻtarib oldi” (Niso surasi, 158-oyat) kabi baʼzi mutashobih (birini-biridan ajratish qiyin boʻlgan va bir necha maʼnolarni anglatadigan) oyatlarni zohiriga (yuzaki maʼʼnosiga) qarab, Alloh taologa makon nisbat beradi va U Zotni osmonda, deb daʼvo qiladi.

Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, Alloh taolo makondan oliy va behojat Zotdir. Ulamolarimiz aqidaviy masalalarda, ayniqsa, Alloh taolo borasida, U Zotni nuqson va kamchiliklardan poklashda oʻta ehtiyotkordir. Eng nozik nuktalarni ham eʼtibordan chetda qoldirmay, masalaning asl mohiyatini ochib berishga bor kuch-quvvatini sarflagan. Alloh taologa makon nisbat berish U Zotni maxluqotlarga oʻxshatishdir. U Zot azza va jalla Qurʼoni karimda: “Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir” (Ankabut surasi, 6-oyat), degan. Yaʼni, Arsh, yer va osmonlar kabi narsalar Alloh yaratgan maxluqotlar boʻlib, olam jumlasiga kiradi. Olam esa azaliy emas, Alloh taolo azaliydir. Azalda esa Allohdan oʻzga hech kim va hech narsa mavjud boʻlmagan. U Zot azaldan makon va zamon ehtiyojidan xoli boʻlgan va bundan buyon ham shunday boʻladi. Demak, Alloh taolo olamlardan behojat, yaʼni ularga ehtiyoji tushmaydigan Zotdir. Boshqa bir oyatda: “Unga oʻxshash biror narsa yoʻq” (Shoʻro surasi, 11-oyat), deydi. Yaʼni, Alloh taolo biror narsaga oʻxshamaydi va Oʻzi yaratgan narsalarga oʻxshab biror makonga muhtoj emas.

Bundan tashqari, salafiylarning tavhid, qabrlarni ziyorat qilish, mavlidni nishonlash, namozdan keyin jamoat boʻlib duo qilish va yana koʻplab aqidaviy masalarda ixtiloflari mavjud. Ularning barcha daʼvolariga ahli sunna olimlari kuchli dalillar asosida javob bergan va berib kelmoqda.

Hozir baʼzi salafiylar Oli Imron surasining 103-oyatidagi “Allohning arqonini mahkam tuting” soʻzlarini keltiradi va “Allohning arqonini birgalikda ushlash va ixtilofga bormaslik kerak. Biz ixtilofga borsak, qalblarimiz ixtilofga boradi. Ayrimlar oʻzicha: “Biz islomda odamlarni tarbiyalayapmiz. Oʻz mazhabiga amal qilsa, nima boʻpti, deyapmiz”, deb oʻylashi mumkin. Lekin bu hech qachon odamlarni birlikka olib bormaydi. Balki ixtilofga, boʻlinishga olib boradi” deb, mazhabga ergashish ixtilofga sabab ekanini daʼvo qiladi. Shunday daʼvo bilan mazhablarni islomdan ayrodek tasavvur qildirishga urinmoqda. Vaholanki, islom dini shu toʻrt mazhab asosida asrlar osha davom barqaror qolib kelmoqda. Bugun ham qanchadan-qancha odamlar shu mazhablar asosida dinga amal qilib keladi. Yaʼni, aqidada – Moturidiy va Ashʼariy taʼlimotlariga, fiqhda – Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Ahmad ibn Hanbal mazhablariga amal qilib kelmoqda. Xuddi Paygʻambarimiz aytganlaridek, savodul aʼzam – ulkan jamoatni lozim tutib kelmoqda. Asrlar davomida shu toʻrt mazhabning mujtahid olimlari islomning asl mohiyatini Qurʼon va sunnat asosida musulmonlarga bayon qilib kelgan. Salafiylar esa, tarixda ham, hozir ham ummat ichida ixtilof va tafriqaga (boʻlinishga), diniy va ijtimoiy-siyosiy notinchlikka sabab boʻlgan, xolos.

Salafiylarning gʻalati bir jihati shundaki, haq yoʻldaligini aytib, daʼvatida oʻziga ergashishni targʻib qiladi. Vaholanki, musulmonlar shundoq ham ulardan olimroq, Qurʼon va sunnatni ulardan koʻra chuqur biluvchiroq boʻlib, Paygʻambarimiz alayhissalomga ulardan yaqinroq davrda yashagan mazhab mujtahidlariga ergashadi. Demak, yaqinda chiqib, oʻziga ergashishga chaqirayotgan bunday toifalarning etagini tutishga hech qanday hojat yoʻq. Chunki mazhab mujtahidlari ergashishga ulardan koʻra loyiqroq zotlardir. Shunday ekan, dinini sof saqlamoqchi boʻlgan har bir musulmon kecha paydo boʻlgan toifaga emas, ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashishi maqsadga muvofiq. Axir, biz osmon-falakka koʻtarilib, uzogʻimizni yaqin qiladigan samolyotlarni, koinot kengliklarini zabt etadigan raketalarni tashlab, yaqinda velosipedni kashf qilgan va notoʻgʻri yasagan odamning ikki qadam masofadan keyin agʻanab tushadigan ixtirosiga oʻzimizni ursak, bu biror mantiqqa ham toʻgʻri kelmaydi-da.

Salafiylikning tarixiy ildizlariga eʼtibor berilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bunday oqimlarga makon boʻlmagan. Ammo doimiy tarzda bu yerdagi oʻlkalarga botil gʻoyalarni singdirishga urinishlar boʻlib turgan va hozir ham davom etmoqda. Lekin har davrda ahli sunna val jamoa ulamolari ularning gʻoyalariga qarshi oʻz fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan holda qattiq kurashib kelgan.

Tarixan bizning xalqimiz aqidada moturidiylikni, fiqhda hanafiylikni asrlar osha mahkam tutib kelgan. Urf odatlarimiz va milliy onggimizda ushbu fiqhiy-aqidaviy mazhab asosiy oʻrin tutadi. Yaqinda chiqib, “haqiqiy toʻgʻri yoʻl”ni koʻrsatmoqchi boʻlayotganlar asrlar osha muayyan tartib-qoidalar asosida dinga amal qilib kelgan bu xalq, dunyoga qanchadan-qancha ulugʻ olimlarni yetishtirib bergan bu diyor odamlari islomga notoʻgʻri amal qilib kelganini daʼvo qilmoqda. Tashvishlanarli va achinarli tomoni boʻlmaganda, bu juda kulgili boʻlardi. Salafiylar Qurʼon va sunnatga amal qilayotganini iddao qilib, mazhablarni inkor etmoqda. Rasululloh alayhissalom va sahobalar davrida hech qanday mazhab boʻlmaganini dalil qilib keltirmoqda. Bu juda ham notoʻgʻri va soxta daʼvo ekani kundek ravshan. Bunga hujjat-dalillar yetarli darajada koʻp. Tarixda ham, hozir ham ahli sunna olimlari ularning yoʻli notoʻgʻri ekanini bot-bot isbotlagan.

Chetdan qaraganda, bir tabiiy xulosa yaqqol namoyon boʻladi. Biz Qurʼoni karimning har bir oyati qachon, qanday vaziyatda nozil boʻlganini aniq biladigan, uning turli tafsir va taʼvillaridan boxabar boʻlgan, yuz minglab hadislarni yod olgan mujtahidlarning yoʻlini tutganimiz toʻgʻrimi yo kechagina duyoga kelgan, ilmining tayini boʻlmagan, biror ulugʻ asar yozib ulamolar eʼtirofini qozonmagan, ijtihodga mutlaqo yaramaydigan, peshvolari oʻrgatganini takrorlab, mustaqil fikr bildirishga qodir boʻlmaganlarga ergashishimiz durustmi? Asrlar davomida muayyan mazhabni mahkam tutgan ota-bobolarimiz haqmi yo anavilar ulardan aqlliroq chiqib qoldimi? Internet orqali tinmay “sayrayotgan” bu salafiylarning birortasi, deylik, Abu Hanifa yo Imom Shofeiy yo ularning mujtahid izdoshlari bilganini biladimi?

Tashvishga soladigan jihati shuki, salafiylikning mamlakatimiz hayotiga salbiy taʼsiri yoʻq emas. Mamlakatimiz aholisi ahli sunnaning fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan va hayot tarziga tasavvuf gʻoyalarini singdirgan xalqdir. Salafiylik esa aynan mazhablar va tasavvufni qoralaydi. Shu sababli salafiylik gʻoyalarining kirib kelishi va kimlarning ularning domiga tushishi oqibatida xalq orasida ixtilof va boʻlinishlar ehtimoli yuzaga keladi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida kuzatilgan vahhobiylik xurujlari bunga yorqin misoldir. Salafiylik ham diniy, ham ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab boʻladi. Chunki bu toifaning asl maqsadlari zamirida hijrat va xalifalikni tiklash kabi gʻoyalar yotadi. Vaholanki, musulmonlarning yagona xalifalik hukmronligi ostida yashashi haqida buyruq yoki koʻrsatma na oyat va na hadisda mavjud. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam xalifalik borasida: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yildir. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deganlar. Hijrat xususida esa: “Fathdan (Makka musulmonlar tomonidan zabt etilganidan) keyin hijrat yoʻq”, deb aytganlar. Ulamolar “bu hadis umumiy boʻlib, oʻzidan oldin kelgan hijratga dalolat boʻluvchi rivoyatlarni nasx (bekor) qiluvchi” ekanini aytgan. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam islomni qabul qilganlarga oʻzlari tomon hijrat qilishni amr etmaganlar va oʻz yurtida yashashini inkor ham etmaganlar.

Nafsilamrini aytganda, salafiylik jamiyat ichida diniy asosdagi qarama-qarshilik, ziddiyat va nizolar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Hozir koʻp joylarda jamoatchilik osudaligini buzishga urinayotgan, baʼzan buzayotgan bu toifa bizning mamlakatimizga ham taʼsir oʻtkazishga urinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekzabon baʼzi salafiy daʼvatchilar oʻz gʻoyalarini yoyishga qattiq kirishib ketgan. Bu, afsuski, gohida natija ham bermoqda. Turli davlatlarda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham ularning botil aqidasiga ergashib qolish holatlari yoʻq emas. Bu holat, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan yoshlar orasida uchrab turadi. Dinga qiziqqan yoshlar orasida bilib-bilmay salafiylarning taʼsir doirasiga tushib qolish holatlari sodir boʻlmoqda.

Salafiy daʼvatchilarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalardagi faoliyati ancha rivojlangan va takomiliga yetgan. Ularni kuzatib boruvchilar soni koʻpayishda davom etmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi, ayniqsa, Suriya va Falastin yerlaridagi beqarorlikdan foydalanish, shu bilan odamlarning jazavasini qoʻzgʻash kabi usullar katta turtki bermoqda. Chunki salafiylar oʻzini musulmonlar uchun qaygʻurayotgan jonkuyar insonlar qilib koʻrsatadi. Oʻzi demokratik mamlakatlar hududidan boshpana topganiga qaramay, Oʻzbekistondagi demokratik tuzumni “kufr tuzumi” deb atab, yoshlarimizni chalgʻityapti. Lekin mohiyatan bu mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Shunday esa-da, bir qarashda mayda koʻrinadigan salafiylikning taʼsiri ogʻir kechadigan oqibatlarga olib kelishi mumkin ekan. Ular goʻyo juzʼiy diniy masalalarni koʻtarib chiqqandek boʻladi, lekin mayda-mayda qilib, pirovardida togʻdek gʻoyasini singdirib yuborishi hech gap emas.

Bu buzgʻunchilar nufuzli ilmiy tashkilotlar yoki eʼtiborli ulamolar tomonidan eʼtirof etilgan emas. Shunday boʻlsa-da, rivojlanish darajasi qanday ekanidan qatʼi nazar, har qanday yurtda uchrashi mumkin boʻlgan ayrim ijtimoiy muammolarni koʻtarish uslubi ularning auditoriyasi kengayishiga hissa qoʻshmoqda. Baʼzan kichkina haqiqatni gapira turib, ortidan ulkan nohaqlikni iroda qilayotgani, buni esa din borasida yetuk bilimga ega boʻlmagan yoshlar anglab yetmayotgani ularga juda asqotmoqda. Ularning bunday maʼruzalari yoshlar orasida islom dini borasida tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi, albatta. Buning oldini olish uchun esa, avvalo, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash lozim. Adashgan toifalarning daʼvolari notoʻgʻri ekanini isbotlovchi raddiya shaklidagi audio-video murojaatlarni, ixcham risolalarni koʻpaytirish va odamlarga yetkazish ham foydadan xoli emas.

Bunday salbiy illatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz maʼanaviy-maʼrifiy sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan xalq maʼnaviyatini yanada boyitish, diniy bilimsizlikni bartaraf etish maqsadida turli institutlar, universitet va ilmiy markazlar, masjid va madrasalar barpo etilib, koʻplab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shundan foydalangan holda oʻz maʼnaviyatini boyitib, dunyoqarashini kengaytirib, mantiqqa tayanish va tanqidiy fikrlashni oʻrganish, shu tariqa salafiylik kabi toifalarning gʻoyalariga aldanib qolishdan saqlanish kattayu-kichik har bir yurtdoshimizga lozim boʻladi.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: muslim.uz

Check Also

SAHIH HADIS QISMLARI

Hadis ilmida rivoyatlarning sahihlik darajasini aniqlash va ularning ishonchlilik maqomini belgilash muhim ahamiyatga ega. Muhaddis …