Global yangiliklar va rasmiy bayonotlarni tezkor tarqatishga ixtisoslashgan xalqaro newsroom.info axborot platformasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyevning shu nomdagi tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada insoniyat yuksak texnologik yutuqlar va globallashuv davrida yashayotgan bo‘lsa-da, jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan ikki yirik muammo – radikalizm va islomofobiya fenomeni mavjudligi qayd etilib, bu xavfli omillar atroflicha tahlil qilingan.
E’tiborli jihati, ushbu chiqishda keng jamoatchilik uchun muhim yangilik ham baham ko‘rilgan. Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma al-Azhariy muallifligidagi, “Al-Azhar”ning yetuk mutaxassislari tahriridan o‘tgan “al-Haqqul mubiyn fi radd ala man tala’aba bid diyn” (“Dinni o‘yinchoq qilganlarga raddiya sifatida ochiq haqiqatlar”) asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish huquqi 2025-yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga berilgan edi. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan mahorat bilan o‘girilgan ushbu risola bugungi kunda “Ochiq haqiqatlar” nomi ostida nashrga tayyorlandi. Mazkur asar so‘nggi 80 yil ichida din niqobi ostidagi siyosiy oqimlar ilgari surgan soxta g‘oyalarni Qur’oni karim asosida rad etuvchi hamda ulamolarning vahiydan hukm olishdagi mustahkam ilmiy usullarini ko‘rsatib beruvchi tarixiy qo‘llanmadir.
Maqolada bugungi kunning murakkab geosiyosiy voqeligi juda sodda va lo‘nda tushuntirilgan. Radikal kuchlar o‘zlarining g‘arazli siyosiy manfaatlarini yashirish uchun muqaddas islom dini g‘oyalarini buzib ko‘rsatib, yoshlarni o‘z tuzog‘iga ilintirishga urinmoqda. Islomofobiya esa mana shu murosasiz toifalar jinoyatlarini ba’zi g‘arb ommaviy axborot vositalarida butun bir din mazmuniga singdirishga urinishlar natijasida yuzaga kelgan asossiz qo‘rquv va nafrat kayfiyatidir. Otabek Muhammadiyev bu haqda fikr yuritib, “Eng achinarlisi, radikalizm va islomofobiya bir-birini uzluksiz ravishda rivojlantiruvchi zanjir hosil qilgan”, deb yozadi. Chunki jamiyatda kamsitish va adolatsizlikka uchragan yoshlar osongina radikal oqimlarning o‘ljasiga aylanishi mumkin.

Markaz direktori o‘rinbosari mazkur tahdidlarni faqatgina kuch ishlatish yo‘li bilan yengib bo‘lmasligini ta’kidlab, tizimli chora-tadbirlarni ilgari suradi. Buning uchun, avvalo, yoshlarga dinning asliyatdagi bag‘rikenglik va insonparvarlik mohiyatini to‘g‘ri yetkazish, turli madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish hamda media makonda nafrat tilidan (hate speech) butunlay voz kechish zarurligini qayd etadi. Maqola so‘nggida muallif “Tinchlik – faqatgina qurolsizlanish emas, balki qalblardagi va onglardagi nafratni yo‘qotishdir”, degan xulosa jamiyat uchun dasturulamal bo‘lishi zararligini ta’kidlaydi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






