Dr. Fariha BUFATA – Agʻvot Xalqaro soʻfiylik taʼlimoti madaniyati festivali Kuratorlar kengashi aʼzosi (Jazoir):
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Avvalo, olamlar Rabbiga hamdu sanolar, Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga, u zotning oila aʼzolari va sahobalariga salovatu salomlar boʻlsin.
Jazoirning Agʻvot shahrida istiqomat qilaman. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taklifiga binoan Samarqand zaminida ilk bor mehmon boʻlib turibman.
Ochigʻini aytsam, Oʻzbekiston ilk lahzalarning oʻzidayoq meni hayratda qoldirdi. Bu yerga kelgan inson tarixiy asllik (originallik) va zamonaviy taraqqiyotning gʻoyat goʻzal tarzda uygʻunlashganiga guvoh boʻladi. Sizda tamaddun va raqamli rivojlanish oʻzlikni va milliy qadriyatlarni saqlab qolgan holda jadal ilgarilamoqda.
Oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi haqida alohida toʻxtalishim lozim. Bu yerda oʻzimizni musofirdek emas, xuddi uyimizdagidek his qildik. Shuningdek, shaharsozlik madaniyati, ekologik standartlarga rioya qilinishi va tabiatni asrashga yuksak eʼtibor tahsinga loyiq.
Safarimiz asnosida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida boy merosni sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda tadqiq etish jarayonlariga guvoh boʻldik. Buxoro shahri esa inson qalbini oʻzgacha rom etadi – u yerdagi Qurʼon maktablari, hunarmandlik anʼanalari va buyuk allomalarning ruhi insonni tarixning shonli davrlariga yetaklaydi.
Oʻzbekiston mutasaddilariga bir taklif izhor qilmoqchiman: Yurtingizdagi ulkan ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar, raqamli platformalar va mobil ilovalar orqali jahon tillarida yanada kengroq targʻib qilish kerak. Toki, butun dunyo ushbu tabarruk zaminning boy madaniyatidan bahramand boʻlsin!
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston rahbariyatiga va ilm ahliga muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo xayrli ishlaringizda zafarlar ato etsin. Barchangizdan Alloh rozi boʻlsin. Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
Tas-ix:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





