Home / VIDЕOLAR / “IMOM BUXORIY MEROSI – JAZOIR VA MOVAROUNNAHR XALQLARINI BOGʻLOVCHI MAʼNAVIY KOʻPRIK”

“IMOM BUXORIY MEROSI – JAZOIR VA MOVAROUNNAHR XALQLARINI BOGʻLOVCHI MAʼNAVIY KOʻPRIK”

Dr. Ahmad SAGʻIR – Jazoir Islom fanlari va sivilizatsiyasi tadqiqotlari markazi rahbari:

“IMOM BUXORIY MEROSI – JAZOIR VA MOVAROUNNAHR XALQLARINI BOGʻLOVCHI MAʼNAVIY KOʻPRIK”

Markazlarimiz oʻrtasida bundan bir necha yil avval imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumi quruq deklarativ hujjat emas, balki u amaliy muloqotlarimiz uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Aslida esa, shahidlar yurti boʻlmish Jazoir bilan solih ulamolar oʻlkasi boʻlgan Oʻzbekistonni bogʻlab turgan maʼnaviy rishtalarning tarixi ming yillardan ziyoddir. Bu tarixiy yaqinlikning ildizlari nihoyatda teran va muqaddas. Bunga yorqin misol sifatida Jazoirning ulugʻ farzandi, buyuk alloma Imom Dovudiy Masiliyning Qurʼoni karimdan keyingi eng sahih manba – “Sahihul Buxoriy”ga birinchilardan boʻlib sharh yozganini faxr bilan tilga olamiz. Ushbu asar Jazoir xalqining qalbida beqiyos oʻringa ega boʻlib, milliy maʼnaviyatimizning ajralmas qismiga aylangan.

Eng ogʻir sinovli yillarda – milliy ozodlik kurashi davrida hurriyatimiz yoʻlida jonbozlik koʻrsatganlarning eng saralariga “Buxoriy” taxallusi berilgani hamda yurtimizda “Qasrul Buxoriy” deb nomlangan shaharning mavjudligi Jazoir xalqining Imom Buxoriy merosiga cheksiz ehtiromi ramzlaridir.

Ishonchim komilki, markazlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik bundan buyon ham izchil tajriba almashuvi va ilmiy yangiliklar asosida rivojlanib boradi. Yurtimizga tashrifingizni hamisha yuksak qadrlaymiz. Qachon borsangiz, quchoq ochib, kutib olamiz.

Bu mening ushbu tabarruk dargohga ikkinchi ziyoratim boʻlib, har gal bu yerdagi betakror ilm, madaniyat va sanʼat durdonalarini koʻrib, Movarounnahr sivilizatsiyasini yangidan kashf etaman. Bu maʼnaviy boylik qalbimizda chuqur hayrat va ehtirom uygʻotadi.

Biz ertangi kunimizni ikki tomon uchun ham birdek manfaatli boʻlgan qoʻshma loyihalar va istiqbolli ilmiy izlanishlar bilan nurafshon manzarada tasavvur etamiz. Shu maqsadda hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish va amaliy natijadorlikni oshirish boʻyicha aniq rejalarni belgilab oldik.

Fursatdan foydalanib, ushbu zaminning saxovatli xalqiga, uning rahbari – muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor etmoqchiman. Uning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini dunyoga tanitish hamda ilm-maʼrifatni yuksaltirish yoʻlidagi jasoratli qadamlari tahsinlarga loyiqdir. Alloh taolo bu xayrli va ulugʻvor amallarni tarozusining hasonotlar pallasiga aʼlo darajada yozsin!

Biz guvohi boʻlib turgan mana bu muhtasham obidalar va Movarounnahr zaminida Islom sivilizatsiyasining qayta uygʻonishi – oʻzbek xalqining nafaqat islom olami ravnaqiga, balki butun insoniyat tamadduni yuksalishiga qoʻshgan beqiyos hissasining jonli ifodasidir. Bu ezgu saʼy-harakatlarni, hech ikkilanmay, maʼnaviyat olamining yaxlit va mustahkam binosini tutib turgan mustahkam ustunlar, deyish mumkin.

Yaratgandan yurtlarimizga tinchlik, xalqlarimizga farovonlik va butun islom ummatiga ahillik tilab qolaman. Birodarligimiz va ilmiy hamkorligimiz bardavom boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Tas-ix:

Check Also

Imom Buxoriy saboqlari: “FARZANDINGIZGA BEMEHR BO‘LMANG!”

Tas-ix: