Samarqandda “Imom Buxoriyni qayta kashf etish” mavzusida oʻtkazilayotgan xalqaro ilmiy konferensiyaga koʻrilgan tizimli tayyorgarlik doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Turkiyaning Hadis tarixi jamiyati oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasida hadisshunoslik sohasidagi akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Memorandumni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov hamda Hadis tarixi jamiyati raisi Mehmet Emin Oʻzafshar imzoladi.

Besh yil muddatga tuzilgan mazkur kelishuv doirasida tomonlar olimlar va tadqiqotchilarning oʻzaro tajriba almashuvini tashkil etish, hadis ilmiga oid qoʻshma ilmiy-tadqiqot dasturlari va xalqaro anjumanlar oʻtkazish hamda akademik manbalar, ilmiy jurnallar va yangi nashr etilgan adabiyotlar bilan almashib borishni taʼminlashga kelishib oldi.


Shuningdek, hamkorlik doirasida bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga ilmiy izlanishlarda akademik yordam koʻrsatish hamda qoʻshma til kurslarini tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.

Konferensiya arafasida rasmiylashtirilgan ushbu strategik sheriklik Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini tizimli oʻrganish va jahon miqyosida keng targʻib qilish yoʻlidagi zalvorli amaliy qadamlardan biri boʻldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





