Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiya Prezidenti huzuridagi Din (Diyonat) ishlari boshqarmasi raisi Safiy Arpagush boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab Markaz faoliyati, xususan, islom ilm-fani durdonalarini tadqiq etish, qo‘lyozma va boshqa manbalarni o‘rganish hamda Imom Buxoriy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.


Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markaz kutubxonasida saqlanayotgan nodir adabiyotlar va ilmiy nashrlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, muzey ekspozisiyasi orqali yurtimizda azaldan shakllangan boy ilmiy-ma’rifiy muhit, buyuk muhaddislar hayoti va ularning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.


Delegatsiya rahbari Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni yuqori baholab, Faxriy mehmonlar kitobiga ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





