Home / MAQOLALAR / HADIS QABUL QILIB OLISH VA YETKAZISHDA ABU JA’FAR MUSTAG‘FIRIY QO‘LLAGAN SO‘ZLAR TAHLILI

HADIS QABUL QILIB OLISH VA YETKAZISHDA ABU JA’FAR MUSTAG‘FIRIY QO‘LLAGAN SO‘ZLAR TAHLILI

Mustagʻfiriy rivoyat qilgan hadislarini usuli hadis nuqtayi nazaridan baholagan. Bu ilmning asosiy mezonlaridan biri boʻlgan tahammul (hadisni qabul qilib olish) va ado qilish (yetkazish) siygʻalaridan (soʻzlaridan) foydalanishda juda ehtiyotkor va puxta boʻlgan. Darhaqiqat, buni uning “Fazoilul Qurʼon” asaridagi iboralar va ifodalaridan ham anglash mumkin.

Mustagʻfiriy bayon qilgan bu jumlalar, taʼkidlaganimizdek, uning hadislarni rivoyat qilishdagi sinchkovligidan dalolat beradi. Chunki u hadisni yetkazayotganda tahammul siygʻalaridan foydalanganini aniqlab, hadisga kiritgan roviylarning ham xabarni qanday qabul qilishiga ishora qilganini koʻramiz. Hadisni qabul qilib, uni muhaddisga yetkazayotgan vaqtda roviy ishlatgan soʻzlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Hadisni oʻzidan keyingi avlod muhaddisi, roviyiga yetkazish, aytib berish – ado qilish deyiladi.  Ado qilish – سمعتُ [samiʼtu], سمعنا [samiʼna], حدّثني [haddasani], حدّثنا  [haddasana], أخبرني  [axbarani], أخبرنا  [axbarana], أنبأني  [anbaani], أنبأنا  [anbaana], قال  [qola], عن  [an] va أنّ  [anna] kabi ado qilish lafzlaridan biri bilan hadisni yetkazishdir.

Mustagʻfiriy hadis rivoyatida odatda اخبرنا [axbarana] – siygʻasidan foydalanadi. Bundan tashqari, asosan حدثنا [haddasana], قال [qola], روى [rova] soʻzlarini qoʻllagani koʻrinadi.

Hadis usuli bilan bogʻliq manbalarda “hadis yetkazish usullari” nomi bilan sakkiztasi zikr qilinadi: samo, qiroat, ijozat, munovala, kitobat, iʼlom, vasiyat va vijoda.

  1. Samo – “eshitish” termini hadis qabul qilib olishning sakkiz xil usulidan biri va koʻpchilik ulamolar fikricha eng oliysi. Koʻrinishi: shayx hadisni oʻqiydi, shogirdi eshitadi. Shayx hadisni yoddan oʻqishi ham, kitobdan oʻqishi ham mumkin. Shogird hadisni faqat eshitib oʻtirishi ham, eshitganini yozib borishi ham mumkin [6:401].

Ado qilish soʻzlari: shayxning oʻzidan hadis eshitgan odam uni boshqalarga ado etish paytida “samiʼtu” (“eshitdim”) yoki “haddasani” (“menga hadis aytdi”) deyishi lozim boʻladi.

“Samo” hadis oʻrganishning eng ishonchli usuli hisoblanadi. Samoʼ usulida ustoz va shogird yuzma-yuz kelishi kerak. Yaʼni “samo” yoʻli bilan hadis olishda shogird ustozini koʻrgan boʻlishi shart. Shuning uchun Mustagʻfiriy oʻzining rivoyatlaridan birida “Uning falonchidan eshitganiga ishonchim komil emas” [4:653] iborasi bilan ustoz va shogirdning uchrashganiga yoki uchrashuv sodir boʻlganiga ishonchi komil emasligini bildirgan. Chunki shaxsan oʻzi eshitmagan hadisni eshitgandek yetkazish hadis sahihligiga zarar keltiradi.

Xatib Bagʻdodiy: “Hadisni qabul qilib olishni ifodalovchi iboralarning eng oliylaridan biri – roviyning سمعتُ [samiʼtu] deb aytishi”, degan.

Bunda shayx xotirasidan yoki kitobidan rivoyat qilgan hadislarini aytib beradi va shogirdlari eshitib turadi.

Eshitgan kishi hadisni yetkazishda ishlatadigan soʻzlarga kelsak, Imom Navaviy aytadi: “Qozi Iyoz: “Bunday holatda, eshitgan odamning rivoyat qilayotganda حدثنا  – bizga hadis aytib berdi, أخبرنا  – bizga xabar berdi, أنبأنا  – bizga xabar berdi, فلانا سمعتُ – falonchidan eshitdim, قال لنا  – bizga aytdi, ذكر لنا  – bizga aytdi, deb aytishi mumkinligida shubha yoʻq”, deb aytgan”.

Xatib Bagʻdodiyning fikricha [2:10] “hadis yetkazishdagi soʻzlarning eng oliysi سمعتُ  [samiʼtu] – eshitdim, keyin حدثنا  [haddasana] – bizga hadis aytib berdi va حدثني  [haddasani] – menga hadis aytib berdi, keyin أخبرنا  [axbarana] – bizga xabar berdi”.

Imom Ahmad rohimahulloh aytadi: “Istiloh ilmida “axbarona” iborasi quvvatda “haddasana”dan yengilroqdir [6:49]. “Haddasana”, “axbarona” va “samiʼtu” istilohidan yuqori. Chunki “samiʼtu”da ustozi unga rivoyat qilib berdi, degan maʼnoga dalolat yoʻq [6:82].

Mustagʻfiriy سمعتُ  [samiʼtu] – eshitdim siygʻasi bilan oʻn besh oʻrinda hadis keltirgan.

“Menga hadis aytdi” maʼnosini beruvchi حدثني  [haddasani] siygʻasidan besh oʻrinda foydalangan.

سمعت أبا بكر محمد بن الحسين بن أحلم البخاري يقول …

  1. Qiroat – “o’qish” degani bo’lib, shogirdning ustoz huzurida hadisni yoddan yoki qoʻlidagi kitobdan oʻqishi tushuniladi. Ustoz buni yoddan, yo qoʻlidagi nusxadan kuzatib tinglaydi. Qachonki xato qilsa, tuzatadi va shu tariqa shogird ustozidan hadislarni oladi. Hadis olimlari buni “arz” deb ham atashadi. Uning koʻrinishi quyidagicha: shogird hadisni oʻqiydi, shayx eshitib oʻtiradi. Shogirdning oʻzi oʻqiydimi yoki boshqasi oʻqib, u eshitadimi, farqi yoʻq. Qiroat yoddan boʻladimi yoki kitobdanmi buning ham farqi yoʻq. Tolibi ilm hadis oʻqigan paytida shayx yoddan tasdiqlab turadimi yoki kitobga qarab tasdiqlab turadimi yoki boshqa bir siqa shayxning kitobiga qarab tasdiqlaydimi buning ham farqi yoʻq [7:278].

Shayxning huzurida qiroat qilish tarzida rivoyat qilishning martabasi borasida uch xil fikr bildirilgan:

  1. Qiroat samoga (eshitishga) tengdir. Bu gapni Imom Molik, Imom Buxoriy, shuningdek, Hijoz va Kufaning koʻpchilik ulamolari aytishgan.
  2. Qiroatning martabasi samodan biroz past.

Bu Mashriq ahlining koʻpchiligi aytgan fikr. Mana shu gap toʻgʻridir.

  1. Qiroat samodan bir pogʻona baland turadi. Bu gapni Abu Hanifa, Abu Ziʼb va bir rivoyatda Imom Molik aytgan [7:278].

Ado etish soʻzlari. Tolibi ilm “falonchining oldida qiroat qilganman” yoki “falonchining oldida qiroat qilinganda men eshitganman, u iqror boʻlgan” degan so’zlarni aytadi.

Muhaddislar orasida koʻp tarqalgan uslubi – “axbarona” (“bizga xabar berdi”) degan lafzni aytsa, qiroatni tushunsa boʻladi.

اَخْبَرَنَا [axbarona] – “bizga xabar berdi” atamasi aslida ustozidan eshitish yoʻli bilan qabul qilib olingan hadisda ishlatiladigan lafzlardan biri. Keyinchalik bu istilohni hadis shayxiga oʻqib bergan roviy ishlatishi keng yoyildi. Shunda bu istiloh “hadis roviy oldida oʻqildi, biz uni eshitdik. Uni roviy tasdiqladi”, maʼnosida boʻladi. Bu Imom Muslim va Sharq (Xuroson) ulamolarining istilohidir [2:265].

Mustagʻfiriy oʻz rivoyatlarida قرأت [qaraʼtu] siygʻasidan foydalanmagan boʻlsa-da, shogirdlari bu usul bilan undan hadis rivoyat qilgan. أخبرنى  [axbaroni] – menga xabar berdi siygʻasi bilan oltmish toʻrt oʻrinda hadis rivoyat qilgan.

  1. Ijozat – hadisni olish va qabul qilish qismlaridan biri” (Tojul arus). Zubaydiy: “Mujoz (ruxsat berilgan olim)ga misol: bir kishi boshqa bir kishidan ijozat soʻradi, yaʼni rivoyat qilgan va eshitgan hadislari(ni boshqalarga yetkazish) borasida ruxsat soʻradi va u unga ijozat berdi. Ana shu kishi “mujoz” (shayxidan ruxsat olgan kishi)dir”. Mujozot – rivoyat qilingan hadislar.

Istilohda mazkur taʼrifga asosan ijozatning koʻrinishi quyidagicha boʻladi: “U shayxning oʻz hadis roviyiga uning nomidan hadis yoki kitob rivoyat qilishga ruxsat berishi boʻlib, aynan ustozining oʻzidan tinglagan yoki shayxi unga oʻqib bergan boʻlishi shart qilinmaydi” [8:21].

Ibn Jamoaning ta’kidlashicha, [1:87] “Ijozat ruxsat berishdir. Uning shakli – shayx oʻz shogirdlaridan biriga: “Mendan falon hadislarni rivoyat qilishing uchun ruxsat berdim”, deb aytishidir”.

Ibn Saloh bunday degan: “Ijozatning aslini joiz sanagan ulamolarning mutaaxxirlari uning bu turini tanqid qilgan va joiz-nojoizligi boʻyicha har xil fikrlarni ilgari surgan. Binobarin, ijozat berishning bu turi cheklangan sifat yoki shu kabilar bilan qaydlangan boʻlsa, u joizlikka yaqinroqdir” [3:154].

Bu suratda eng toʻgʻri fikr – bu ijozatning durustligidir. Zero, Qozi Iyoz “Al-Ilmoʼ” asarida bunday degan: “Ijozatni durust sanagan kishilar uning joizligida ixtilof qilgan, deb oʻylamayman. Biror kishini undan mahrum qilganini ham koʻrmadim. Chunki, u ham “falonchining bolalariga” deganga oʻxshab sifatlangan va chegaralangan ijozatdir” [5:10].

Shayx oʻz shogirdiga eshitgan narsasini yoki kitoblarini aytib berishga ruxsat berganiga “ijozat” deyiladi. Avval aytib oʻtganimizdek, Mustagʻfiriy oʻz ustozlari, kimlardan tasdiqnoma olgani va ulardan eshitganlari haqida aytib o‘tadi.

أنبأنا [anbaana] – bizga xabar berdi istilohining qisqartma shakli أنا  [ana]dir. Bu muhaddisning ustozidan eshitish orqali ijoza bilan hadisni olganiga ishora qiluvchi soʻz boʻlib, kamdan-kam hollarda ishlatiladi. Gohida bu shunday hadisning boshqa sanadi ham mavjudligiga ishora qiladi.

Shayx shogirdlaridan biriga, misol uchun: “Sahihul Buxoriy”ni mendan rivoyat qilishingga izn berdim, deydi. Ijozatning birinchi turi haqida aytilgan eng toʻgʻri gap jumhur ulamolar fikrlari boʻlib, u orqali olingan hadisni rivoyat qilish va unga amal qilish joizdir.

Avval aytib oʻtganimizdek, Mustagʻfiriy ijoza olgan ustozlari va ulardan eshitgan rivoyatlarni “كتب إلي فلان إجازة” “Falonchi menga ijoza yozib bergan” deb aytgan. Darhaqiqat, Mustagʻfiriy oʻzi shaxsan uchrashmagan, biroq birov orqali ruxsat olgan ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarini “falonchi menga ruxsat bilan rivoyat qildi”, deb ochiq-oydin bayon qiladi.

  1. Kitoba. Kitobaning koʻrinishi – shayx eshitgan rivoyatlarini huzuridagi odamga yoki gʻoyib odamga oʻz qoʻli bilan yoki boshqasiga buyurib, yozib beradi.

Kitobaning navlari:

  1. Ijozat ila birikkan kitoba. Shayx “Senga yozib bergan narsamdan rivoyat qilishingga ijozat berdim” kabi soʻzlarni aytadi.
  2. Ijozat ila birikmagan kitoba. Shayx baʼzi hadislarni yozib, tolibga yuboradi. Lekin ularni rivoyat qilishga ijozat bermaydi.

Kitobaning hukmi. Ijozat ila birikkan kitoba yoʻli bilan rivoyat qilish joiz. Uning quvvati ijozat ila birikkan munovalaga teng.

Ijozat ila birikmagan kitoba yoʻli bilan rivoyat qilishni baʼzilar man qilgan boʻlsa, yana boshqalar unga ruxsat bergan. Ahli hadislar nazdida toʻgʻrirogʻi – uning joizligi. Chunki shayxning bu ishi ijozatdan nishona.

Ado etish soʻzlari:

  1. Ochiqchasiga “kitobat” lafzini ishlatish. Yaʼni roviy: “Falonchi menga kitobat qildi (yozdi)”, deydi.
  2. Samo va qiroat iboralariga bogʻliq holda ado etish ham mumkin. Bunda roviy: “Falonchi menga yozma ravishda hadis aytib berdi” yoki “Falonchi menga yozma ravishda xabar berdi”, deydi.

Shayx oʻz qoʻli bilan bir yoki bir nechta rivoyatni hozir boʻlgan yoki yonida bo‘lmagan oʻquvchiga yozsa yoki chop qilsa, “kitobat” deyiladi. Mustagʻfiriy ijoz orqali olgan hadislar uchun “كتب إلي فلان إجازة” soʻzini ishlatgan boʻlsa, ijoz mavjud boʻlmagan hadislar uchun “كتب إلي فلان” soʻzini ishlatish bilan kifoyalangan. Binobarin, mukotaba usuli bilan olingan hadislarga mos ravishda qoʻllangan bu iboraga asoslanib, u hadislarni “kitobat” orqali oʻrgangan va oʻrgatgan, deb daʼvo qilish mumkin. U zotning asarlaridan aniqlashimiz mumkinki, bu ikki soʻz taxminan 20 oʻrinda zikr qilingan boʻlib, ularning baʼzilari ruxsatni ham bildiradi [4:697,754,812].

  1. Vijoda – tolib oʻzi eshitmagan, ijozati ham boʻlmagan bir shayxning qoʻlyozmasini topib oladi va uning dastxatini taniydi.

Vijodaning hukmi. Vijoda yoʻli bilan rivoyat qilish sanad silsilasining uzilib qolishi bobidandir. Shunday boʻlsa ham, bunda maʼlum daraja ulanish bor.

Ado etish soʻzlari. Qoʻlyozmasi bor shaxs: “Buni topib olgan Falonchining dastxati bilan topib oldim” yoki “Falonchining dastxatidan oʻqidim”, deydi-da, soʻngra hadisning sanadi va matnini keltiradi. Rivoyatda “وجدت بخط فلان” “Falonchining yozuvida yozilganini topdim” deb aytilishi lozim boʻlgan bu siyg’ani Mustagʻfiriy ham izohlagan. Uning asarlarida bunga koʻplab misollarni koʻrish mumkin:

Mustagfiriy baʼzan “وجدت في كتاب فلان فيما أجازه لي” [4:191] iborasini mutlaq vijoda maʼnosida emas, balki izlanish maʼnosida “Falonchi kitobidan menga ijoza orqali rivoyat qilinganidan topdim” iborasini ishlatadi.

Xulosa. Bu qoidalar hadislarning keyingi avlodlarga o’zgarmay, asl holida yetib borishi uchun joriy qilingan. Islom ilmlarida sanad eng muhim jihat hisoblanadi. Ulamolar aytganidek: “Sanad bo’lmaganida har kim xohlaganini gapiravergan bo‘lardi”. Hadislarni qabul qilib olish va yetkazish usullari shu sanadning qay tarzda muttasil ekanini ko‘rsatib beradi. Mustag‘firiy asarlarida ba’zi istisnolardan tashqari faqat sanad bilan xabar keltirgan. Ularda yuqorida keltirilgan atama va iboralarni qo‘llanganini ko’rish mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Badriddin ibn Muhammad ibn Jamoa. Al-Manhal ar-roviy. – Damashq: Dor al-fikr, 2008.
  2. Hofiz Jaloliddin Suyutiy. Tadrib ar-roviy. – Bayrut: Maktaba al-kavsar, 1995.
  3. Ibn Saloh. Ulum al-hadis. – Damashq: Dor al-fikr, 2008.
  4. Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy. Fazoilul Qurʼon. – Bayrut: Doru Ibn Hazm, 2006.
  5. Qozi Iyoz. Al-Ilmo. Dor at-turos. 1970. – B.10.
  6. Sayyid Abdulmojid G‘avriy. Mu’jam al-mustalahot al-hadisiyya. – Bayrut: Dor Ibn Kasir, 2007.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. – T.: Hilol nashr, 2021.
  8. Ziyob ibn Sa’d G‘omidiy. Al-Vijoza fi al-isbot val-ijoza. – Bayrut: Dor Qurtuba. 2007.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HIJRAT VA UNING NOTOʻGʻRI TALQINI

Hijrat oʻta nozik masalalardan hisoblanadi. Chunki u insonning yashash joyi, dini va jamiyat bilan munosabati …